Shayzakov Shodiyar Ibragimovichning
yuridik fanlar doktori (DSc) himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Fuqarolik protsessida sud hujjatlarini yuqori instansiyada qayta ko‘rish institutining nazariy va amaliy muammolari”, 12.00.04 - Fuqarolik protsessual huquqi. Iqtisodiy protsessual huquqi. Hakamlik jarayoni va mediatsiya.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.DSc/Yu289.
Ilmiy rahbar: Mamasiddiqov Muzaffarjon Musajonovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, DSc.24/2025.27.12.Yu.01.01
Rasmiy opponentlar: yuridik fanlar doktori, professor Xabibullaev Davlatjon Yulchiboevich, yuridik fanlar doktori Safoeva Sadoqat Musoevna, yuridik fanlar doktori, professor Sindorov Komil Oydinovich.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi fuqarolik protsessida sud hujjatlarini yuqori instansiyada qayta ko‘rish institutining nazariy va amaliy muammolariga qaratilgan nazariy xulosalar va qonunchilikni rivojlantirishga oid taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
birinchi instansiya sudlarining qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarorlari, ajrim va qarorlari ustidan apellyatsiya shikoyatini (protestini) berish tartibi, apellyatsiya shikoyatiga (protestiga) ilova qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar, birinchi instansiya sudi tomonidan ish sudga taalluqlilik to‘g‘risidagi qoidalar buzilgan holda ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, hal qiluv qarorini bekor qilishga va ish materiallarini sudga taalluqliligiga ko‘ra apellyatsiya instansiyasiga ishni boshqa sudga yuborish vakolatini berish kerakligi asoslantirilgan;
apellyatsiya instansiyasida prokuror, yuqori turuvchi prokuror prokurorning ishtirokida ko‘rilgan ish bo‘yicha yoki qonunda prokurorning ishtirok etishi nazarda tutilgan bo‘lib, biroq u sud muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilinmasdan ko‘rilgan ish bo‘yicha birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan sud hujjati ustidan apellyatsiya protesti keltirishga haqli ekanligi asoslantirilgan;
birinchi instansiya sudlarining qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorlari, ajrim va qarorlari ustidan kassatsiya shikoyati (protesti) berish huquqini kengaytirish, kassatsiya shikoyatlarini (protestlarini) ko‘radigan sudlar toifasini aniq belgilash, kassatsiya shikoyatini (protestini) berish tartibi, kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddatlarining protsessual tartiblarini belgilash lozimligi asoslantirib berilgan;
kassatsiya instansiyasida prokurorning ishtirokisiz ko‘rilgan ish bo‘yicha kassatsiya protestiga FPK 403-moddasining birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarning mazkur protestni keltirishga asos bo‘lib xizmat qilgan murojaatining ko‘chirma nusxasi ilova qilinishi, bundan qonunda prokurorning ishtirok etishi nazarda tutilgan bo‘lib, biroq u sud muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilinmasdan ko‘rilgan ishlar bundan mustasno ekanligi asoslab berilgan;
kassatsiya instansiyasi sudi fuqarolik ishini kassatsiya tartibida ko‘rayotganda sud hujjatlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishi uchun sudga taqdim etilgan yangi dalillarni o‘rganib chiqishi va yangi faktlarni aniqlashi, kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudi tomonidan ish hujjatlari to‘liq o‘rganilganligini vaj qilib, ishni faqatgina shikoyat (protest) doirasida ko‘rib chiqishga haqli emasligi, sud kassatsiya bosqichida sud hujjatini to‘liq hajmda tekshirib chiqishi shartligi asoslantirilgan;
fuqarolik protsessida apellyatsiya tushunchasi, apellyatsiya protesti, apellyatsiya institutining asosiy maqsadi, apellyatsiya bosqichi fuqarolik protsessual huquqining mustaqil instituti sifatida uning o‘ziga xos xususiyatlari, apellyatsiya shikoyatidan voz kechish hamda ishni apellyatsiya tartibida ko‘rishda arz qilingan talablardan voz kechish tartibi va oqibatlari, apellyatsiya instansiyasida ishni ko‘rish bosqichlari, sudning hal qiluv qarorini o‘zgartirish bilan bog‘liq ilmiy-nazariy tushunchalar ishlab chiqilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan quyidagilarda foydalanilgan:
birinchi instansiya sudlarining qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarorlari, ajrim va qarorlari ustidan apellyatsiya shikoyatini (protestini) berish tartibi, apellyatsiya shikoyatiga (protestiga) ilova qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar, birinchi instansiya sudi tomonidan ish sudga taalluqlilik to‘g‘risidagi qoidalar buzilgan holda ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, hal qiluv qarorini bekor qilishga va ish materiallarini sudga taalluqliligiga ko‘ra apellyatsiya instansiyasiga ishni boshqa sudga yuborish vakolatini berishga oid taklifidan O‘zbekiston Respublikasining “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 25.12.2023 yildagi O‘RQ-887-sonli Qonunining 1-moddasi, 15, 17, 21 - bandlarini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 28.07.2025 yildagi №3/dn-157-sonli dalolatnomasi). Mazkur takliflarning joriy etilishi sud amaliyotida birinchi instansiya sudlarining qonuniy kuchga kirmagan sud hujjatlarida yo‘l qo‘yilgan xatolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishga olib kelgan;
apellyatsiya instansiyasida prokuror, yuqori turuvchi prokuror prokurorning ishtirokida ko‘rilgan ish bo‘yicha yoki qonunda prokurorning ishtirok etishi nazarda tutilgan bo‘lib, biroq u sud muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilinmasdan ko‘rilgan ish bo‘yicha birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan sud hujjati ustidan apellyatsiya protesti keltirishga haqli ekanligi haqidagi taklifidan O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlarda ishlarni ko‘rishda prokurorning vakolatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 30.09.2024 yildagi O‘RQ-968-sonli Qonunining 1-moddasi, 1-bandini shakllantirishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud huquq masalalari qo‘mitasining 02.06.2026 yildagi 045-08/2148-sonli dalolatnomasi). Ushbu taklifning inobatga olinishi prokurorlar tomonidan qonuniy kuchga kirmagan birinchi instansiya sudlarining qarorlarini apellyatsiya muddatida o‘rganib chiqish va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish orqali fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilgan;
birinchi instansiya sudlarining qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorlari, ajrim va qarorlari ustidan kassatsiya shikoyati (protesti) berish huquqini kengaytirish, kassatsiya shikoyatlarini (protestlarini) ko‘radigan sudlar toifasini aniq belgilash, kassatsiya shikoyatini (protestini) berish tartibi, kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddatlarining protsessual tartiblarini belgilash to‘g‘risidagi taklifidan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 25.12.2023 yildagi O‘RQ-887-sonli Qonunining 1-moddasi, 23 - bandiga asos sifatida kiritilishida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 28.07.2025 yildagi №3/dn-157-sonli dalolatnomasi). Mazkur taklifning amalga oshirilishi fuqarolik sudlari tomonidan sud amaliyotida uchrayotgan protsessual muammolarni bartaraf etishga olib kelgan;
kassatsiya instansiyasida prokurorning ishtirokisiz ko‘rilgan ish bo‘yicha kassatsiya protestiga FPK 403-moddasining birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarning mazkur protestni keltirishga asos bo‘lib xizmat qilgan murojaatining ko‘chirma nusxasi ilova qilinishi, bundan qonunda prokurorning ishtirok etishi nazarda tutilgan bo‘lib, biroq u sud muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilinmasdan ko‘rilgan ishlar bundan mustasno ekanligi to‘g‘risidagi takliflari O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlarda ishlarni ko‘rishda prokurorning vakolatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 30.09.2024 yildagi O‘RQ-968-sonli Qonunining 1-moddasi, 5-bandini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 11.03.2026 yildagi 27/2-103-26-sonli dalolatnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi sud muhokamasida prokuror ishtirokining samaradorligini oshirishga, tashkiliy-huquqiy tartibga solishga, fuqarolik ishlarining qonuniy, asosli va adolatli hal etilishiga xizmat qilgan;
kassatsiya instansiyasi sudi fuqarolik ishini kassatsiya tartibida ko‘rayotganda sud hujjatlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishi uchun sudga taqdim etilgan yangi dalillarni o‘rganib chiqishi va yangi faktlarni aniqlashi, kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudi tomonidan ish hujjatlari to‘liq o‘rganilganligini vaj qilib, ishni faqatgina shikoyat (protest) doirasida ko‘rib chiqishga haqli emasligi, sud kassatsiya bosqichida sud hujjatini to‘liq hajmda tekshirib chiqishi shartligi haqidagi takliflari O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 25.12.2023 yildagi O‘RQ-887-sonli Qonunining 1-moddasi, 28-bandini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud huquq masalalari qo‘mitasining 02.06.2026 yildagi 045-08/2148-sonli dalolatnomasi). Mazkur taklifning amalga oshirilishi kassatsiya bosqichida fuqarolik ishlarini to‘liq ko‘rib chiqilishini va sud amaliyotida uchrayotgan protsessual muammolarni bartaraf etishga olib kelgan;
fuqarolik protsessida apellyatsiya tushunchasi, apellyatsiya protesti, apellyatsiya institutining asosiy maqsadi, apellyatsiya instituti fuqarolik protsessual huquqining mustaqil bosqichi sifatida uning o‘ziga xos xususiyatlari, apellyatsiya shikoyatidan voz kechish hamda ishni apellyatsiya tartibida ko‘rishda arz qilingan talablardan voz kechish tartibi va oqibatlari, apellyatsiya instansiyasida ishni ko‘rish bosqichlari, sudning hal qiluv qarorini o‘zgartirish bilan bog‘liq ilmiy-nazariy tushunchalariga oid konseptual g‘oya va takliflari “Fuqarolik protsessual huquqi” darsligida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 13.05.2022 yildagi 166-sonli buyrug‘i va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 10.03.2026 yildagi 30/5-47291/26-sonli dalolatnomasi). Ushbu konseptual g‘oya va takliflar mazkur mutaxassislik bo‘yicha ta’lim olayotgan tinglovchi, talabalar, magistrant va amaliyot xodimlarining fuqarolik ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi sudi haqida bilim, o‘quv va amaliy ko‘nikmalarining shakllanishi va rivojlanishiga xizmat qilgan.