Paluaniyazov Xalmuxammed Aitjanovichning 
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Oxrana lichnoy konfidensial`noy informatsii v grajdanskom prave i sovershenstvovanie eyo ispol`zovaniya”, 12.00.03 – Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquqi (yuridik fanlar). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 30.09.2014/B2014.3-4.Yu9
Ilmiy rahbar: Omanbay Okyulov, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/2025.27.12.Yu.01.03.
Rasmiy opponentlar: Gulyamov Said Saidaxrarovich yuridik fanlar doktori, professor, Hamroqulov Baxodir Mamasharipovich yuridik fanlar doktori, professor, Kuldashev Nuriddin Abduganiyevich yuridik fanlar doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi shaxsiy konfidensial axborotning huquqiy himoyasini ta’minlash, uni muhofaza qilish va undan foydalanishni takomillashtirishga oid ilmiy xulosalarni ishlab chiqish, shuningdek, mazkur sohadagi qonunchilikni rivojlantirishga qaratilgan taklif va tavsiyalarni shakllantirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tegishli ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lish asosiga qarab har bir sub’ektning huquqiy vakolatlari hajmini belgilovchi shaxsiy konfidensial axborotning “dastlabki” va “hosila” egasi nazariy konstruksiyasi asoslantirilgan;
shaxsiy konfidensial axborot egasi shartnoma asosida o‘z ma’lumotlaridan foydalanish imkoniyatini boshqa shaxslarga taqdim etishga haqli bo‘lishi, biroq ularning ustidan nazorat qilishga doir begonalashtirilmaydigan vakolatini yo‘qotmasligi sababli, mazkur axborot shaxsiy nomulkiy ne’mat belgilari bilan bir qatorda fuqarolik muomalasida shartli ravishda cheklangan holda ishtirok etish xususiyatlarini o‘zida mujassamlashtiruvchi ne’mat sifatida gibrid fuqarolik-huquqiy tabiatga ega ekanligi asoslantirilgan;
hosila egasining imperativ va beg‘araz xususiyatga egaligi, shuningdek, asosiy shartnomaning taqdiridan mustaqilligi bilan ajralib turuvchi himoya majburiyatining mustaqil huquqiy konstruksiyasi asoslantirilgan;
yuridik shaxsning ishchanlik obro‘si asosiy o‘rin egallaydigan, xizmat binolarining daxlsizligi va xizmat yozishmalari siri esa undan kelib chiqadigan shakllar sifatida namoyon bo‘ladigan shaxsiy axboroti nazariyasi asoslantirilgan;
shaxsiy konfidensial axborot turlarini axborot tashuvchisi bo‘lgan sub’ekt, ma’lumotlarning mazmuni, konfidensiallik darajasi va kelib chiqish manbasi kabi to‘rtta mustaqil mezon asosida tasniflash zarurati asoslantirilgan;
shaxsiy konfidensial axborotdan shartnomadan tashqari foydalanishda aybni aniqlashga ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatining vujudga kelish asosiga qarab tabaqalashtirilgan tarzda yondashish zarurati asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Shaxsiy konfidensial axborotni muhofaza qilish va undan foydalanishni takomillashtirish sohasida ishlab chiqilgan tizimli hamda amaliy takliflardan quyidagilarda foydalanilgan:
shaxsiy konfidensial axborotning tarkibiy qismi bo‘lgan shaxsga doir ma’lumotlardan faqat ularning egasi roziligi asosida foydalanilishi lozimligi haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 9-dekabrdagi O‘RQ–395-son “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi Qonuni 12-moddasining uchinchi qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2016-yil 18-oktabrdagi 06-18/651-son dalolatnomasi). Mazkur taklif shaxsiy konfidensial axborot egasi tomonidan uning muhofaza qilinishi va nazorat etilishini ta’minlovchi qo‘shimcha chora sifatida xizmat qilgan;
fuqaroning saylovchilar ro‘yxatlarida foydalaniladigan o‘z shaxsiga doir ma’lumotlari ustidan nazorat qilish mexanizmini mustahkamlash haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 23-iyuldagi 924-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to‘g‘risida nizom”ning 45-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2020-yil 2-dekabrdagi 518/2-son dalolatnomasi). Mazkur taklif fuqarolarga o‘zlari haqidagi ma’lumotlarni tekshirish va ulardagi noaniqliklarni tuzatish imkonini bergan;
shikoyat bilan murojaat qilgan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uning yozma roziligisiz oshkor etishga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 23-iyuldagi 924-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to‘g‘risida nizom”ning 83-bandi hamda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to‘g‘risida nizom”ning 105-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2020-yil 2-dekabrdagi 518/2-son dalolatnomasi). Mazkur taklif hosila ega – saylov komissiyasining himoya majburiyatining muayyan ifodasi bo‘lib, shikoyat bilan murojaat qilgan shaxsning shaxsga doir ma’lumotlari barcha darajadagi saylov komissiyalarida muhofaza qilinishini ta’minlagan;
soliq to‘lovchiga oid hisob ma’lumotlari nafaqat uning o‘zi taqdim etgan ma’lumotlar, balki boshqa davlat organlaridan kelib tushgan ma’lumotlar asosida ham shakllantirilishi prinsipini mustahkamlash, shuningdek, himoya majburiyati prinsipini soliq siridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan tashkilotlarning mansabdor shaxslari va fuqarolarga nisbatan ham tatbiq etish haqidagi takliflar “Soliq to‘lovchilar to‘g‘risida hisob ma’lumotlarini yuritish, bu ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga taqdim etish, shuningdek soliq to‘lovchilarning ayrim toifalari uchun ma’lumotlar tarkibini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom”ning 1 va 29–31-bandlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (ro‘yxat raqami 3237, 2020-yil 30-may; O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 2021-yil 12-martdagi 15/3-18401-son dalolatnomasi). Mazkur takliflar shaxsiy konfidensial axborotning idoralararo almashinuvini tartibga solishga xizmat qilgan, soliq to‘lovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning konfidensialligini ta’minlash hamda ularning yo‘qotilishi yoki oshkor etilishi uchun javobgarlik mexanizmini belgilagan. Ushbu mexanizmning yuridik shaxs bo‘lgan soliq to‘lovchilarga nisbatan ham tatbiq etilishi yuridik shaxsning shaxsiy axboroti nazariyasi mazkur sohaga ham taalluqli ekanligini tasdiqlagan;
sub’ektning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish uchun avval bergan roziligini chaqirib olish huquqini mustahkamlash, shuningdek, kuchaytirilgan himoyani talab etadigan maxsus shaxsga doir ma’lumotlarning yopiq ro‘yxatini qonunchilikda belgilash haqidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 2-iyuldagi O‘RQ–547-son “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonunining 21 va 25-moddalarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 27-fevraldagi 06-10/362-son dalolatnomasi). Mazkur takliflar sub’ektga uchinchi shaxslarning ma’lumotlar bazalaridagi o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarining keyingi taqdirini nazorat qilish imkonini bergan hamda fuqarolarning maxsus ma’lumotlarini tabaqalashtirilgan tartibda muhofaza qilishni ta’minlagan. Bu esa dissertant tomonidan taklif etilgan shaxsiy konfidensial axborotni konfidensiallik darajasiga ko‘ra tasniflashning amaliy ifodasi hisoblanadi;
fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligini buzganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni, shu jumladan, og‘irlashtiruvchi holatlarni – qilmishning g‘arazli niyatlarda, xavfli retsidivist tomonidan sodir etilganligi yoki og‘ir oqibatlarga olib kelganligini hisobga olgan holda kuchaytirish haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 46¹-moddasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 141¹-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan. Mazkur moddalar O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 23-sentabrdagi O‘RQ–411-son “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni bilan kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2016-yil 18-oktabrdagi 06-18/651-son dalolatnomasi). Mazkur taklif fuqarolik huquqida shaxsiy va oilaviy sirni muhofaza qilish samaradorligini oshirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish