Xasanov Elyorjon Odiljonovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ingliz va o‘zbek tillarida fonemik tizim va urg‘u strukturasining chog‘ishtirma aspekti”, 10.00.13 – Qiyosiy va chog‘ishtirma tilshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.3.DSc/Fil1225.
Ilmiy maslahatchi: Shahobitdinova Shohida Hoshimovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat chet tillari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat chet tillari instituti, DSc.03/2025.27.12.Fil.32.02.
Rasmiy opponentlar: Saidxonov Ma’murjon Muxammedovich, filologiya fanlari doktori, professor; Egamberdiev Jasurbek Jahongirovich, filologiya fanlari doktori, dotsent; Sarimsoqov Xurshid Abdumalikovich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat chet tillari istituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ingliz va o‘zbek tillarida unli hamda undosh fonemalar tizimini artikulyasion va akustik jihatdan chog‘ishtirib o‘rganish, shuningdek, so‘z urg‘usining fonetik talaffuzini tahlil qilish orqali chog‘ishtirilayotgan tillarning tovush tizimidagi asosiy o‘xshashlik va farqlarni aniqlashdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ingliz va o‘zbek tillari fonologik tizimlarining chog‘ishtirma-tipologik xususiyatlari o‘rganilib, unlilar va undoshlar tizimining artikulyasion, akustik hamda funksional xususiyatlari asosida ularning qator va ko‘tarilish darajasi, lablanish, cho‘ziqlik-qisqalik, jaranglilik-jarangsizlik, aspiratsiyalilik, artikulyasiya o‘rni va usuli, fonologik oppozisiyalari kabi differensial belgilari aniqlangan;
ingliz va o‘zbek tillaridagi so‘z urg‘usining struktur-funksional xususiyatlari, uning leksik, grammatik va prosodik omillar bilan bog‘liqligi chog‘ishtirma tahlil asosida yoritilib, ingliz tilida urg‘u lokalizatsiyasining morfologik shaffoflik va ritmik navbatlanish tamoyillariga bog‘liqligi, o‘zbek tilida esa urg‘uning asosan so‘zning oxirgi bo‘g‘inida barqaror joylashishi hamda urg‘uning bo‘g‘in davomiyligi, asosiy ton chastotasi (F0) va intensivlik ko‘rsatkichlari orqali realizatsiyalanishi ilmiy jihatdan asoslangan;
ingliz tilining zamonaviy britan talaffuz variantida (Received Pronunciation – RP) yuz bergan urg‘u siljishlari, xususan urg‘uning so‘z oxiridan uchinchi bo‘g‘inga ko‘chishi, asosning fonologik shaffofligini saqlash va ritmik navbatlanish tendensiyalari aniqlanib, ularning o‘zbek tili urg‘u tizimi bilan o‘xshash va farqli jihatlari belgilangan;
ingliz tili fonologik tizimini o‘zlashtirish jarayonida o‘zbek tili ta’sirida yuzaga keluvchi fonematik va nofonematik xatolar, urg‘u qo‘yishdagi interferensiya hodisalari hamda ikkilamchi urg‘u bilan bog‘liq talaffuz xususiyatlari aniqlanib, ularning artikulyasion va akustik sabablari tavsiflangan;
ingliz va o‘zbek tillaridagi vokalizm va konsonantizm tizimlari o‘rtasidagi tipologik tafovutlar chog‘ishtirma-fonologik tahlil asosida yoritilib, ingliz tilidagi uzun–qisqa, tor–keng, diftong va diftongoid oppozisiyalarining o‘zbek tilidagi fonologik tizim bilan mos kelmasligi hamda bu holatning talaffuzdagi interferensiyaga ta’siri asoslangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot yuzasidan olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida:
ingliz va o‘zbek tillari fonologik tizimlarining qiyosiy-tipologik xususiyatlari, unli va undosh fonemalarning artikulyasion-akustik belgilari, so‘z urg‘usi hamda ritmik tuzilmalarning funksional xususiyatlariga oid nazariy materiallardan “2023 KA171 Mobility Higher Education studens (Erasmus+)” loyihasida foydalanilgan (Qo‘qon davlat universitetining 2026-yil 13-iyundagi ma’lumotnomasi). Natijada, ikki til fonologik tizimlarining o‘xshash va farqli jihatlariga doir ilmiy-metodik tavsiyalar ishlab chiqilgan, fonemalarning artikulyasion-akustik xususiyatlarini qiyosiy tahlil qilish asosida amaliy fonetika mashg‘ulotlarini takomillashtirishga qaratilgan metodik yondashuvlar taklif etilgan hamda fonetik interferensiyani kamaytirish va talaffuz kompetensiyasini rivojlantirishga xizmat qiluvchi o‘quv-uslubiy materiallar takomillashtirilgan;
ingliz va o‘zbek tillarida so‘z urg‘usining qiyosiy-tipologik xususiyatlari, zamonaviy britan talaffuz varianti (Received Pronunciation – RP)dagi urg‘u siljishi tendensiyalari hamda urg‘uning fonologik va ritmik vazifalariga oid nazariy materiallardan “ERASMUS+ mobility project “Project No. 2023-1PL01-KA171-HED-000142874 between University of Applied Sciences in Nysa and Namangan State Institute of Foreign LanguaGES” loyihasida foydalanilgan (Namangan davlat chet tillari institutining 2026-yildagi ma’lumotnomasi). Natijada, ikki til urg‘u tizimining o‘xshash va farqli jihatlariga doir ilmiy-metodik tavsiyalar ishlab chiqilgan, talaffuz aniqligi va tabiiyligini ta’minlovchi fonetik-prosodik omillarni tahlil qilishga oid metodik yondashuvlar takomillashtirilgan;
ingliz va o‘zbek tillarida so‘z urg‘usining struktur-funksional xususiyatlari, leksik, grammatik va prosodik omillar bilan bog‘liqligi, bo‘g‘in uzunligi hamda ritmik tuzilmalardagi lokalizatsiyasiga oid ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan FA-F1-G003 “Hozirgi qoraqalpoq tilida funksional so‘z yasalishi” mavzusidagi fundamental loyiha doirasida foydalanilgan (Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining 2026-yil 23-iyundagi 291/1-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, loyihaning ilmiy-amaliy ahamiyati ortib, so‘z urg‘usining fonologik-funksional xususiyatlarini tavsiflashga oid nazariy yondashuvlar milliy va xalqaro tadqiqotlardagi qiyosiy tahlil dalillari bilan boyitilgan;
ingliz tili fonologik tizimini o‘zlashtirishda o‘zbek tili ta’sirida yuzaga keluvchi fonematik va nofonematik xatolar, urg‘u interferensiyasi hamda asosiy va ikkilamchi urg‘uni to‘g‘ri qo‘llashga oid ilmiy xulosalardan 2024–2025-yillarda bajarilgan “ERASMUS+ Capacity Building Project 101129076 EMPOIVER: Women Entrepreneurship, Empowerment, employability and self-confidence” xalqaro loyihasi doirasida foydalanilgan (Namangan davlat chet tillari institutining 2026-yil 24-iyundagi EMPOWER-0209-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, talaffuz kompetensiyasini rivojlantirishda fonetik xatolar va ularning artikulyasion-akustik sabablarini aniqlash mezonlariga asoslangan amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan. Tayyorlangan audio-videomateriallar, fonetik mashqlar va interfaol metodlar segmental hamda suprasegmental talaffuz xususiyatlarini shakllantirish va xatolarni bartaraf etishga qaratilgan tajriba-sinovlarda qo‘llanilgan;
ingliz va o‘zbek tillaridagi vokalizm hamda konsonantizm tizimlarining tipologik tafovutlarini aniqlashga asoslangan chog‘ishtirma-fonologik tahlilga oid ilmiy xulosalardan Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida 2023–2025-yillarda bajarilgan “DLP” shifrli amaliy loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining 2026-yil 26-iyundagi 10/1338-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, ikki tildagi unli va undosh fonemalarning artikulyasion-akustik xususiyatlarini qiyosiy izohlash, tillararo fonologik tafovutlarni aniqlash, o‘zbek tilida so‘zlashuvchilarning inglizcha talaffuzidagi xatolar sabablarini tavsiflash hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan ilmiy asoslangan metodik tavsiyalarni ishlab chiqishda muhim nazariy-metodik manba bo‘lib xizmat qilgan.