Kandaxarov Anvarjon Xasanovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tasavvuf vakillarining Buxoro xonligi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotiga ta’siri”, 07.00.01. – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.1.DSc/Tar571
Ilmiy rahbar: tarix fanlari doktori, professor Donyorov Alisher Xudayberdievich.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/2025.27.12.Tar.01.01.
Rasmiy opponentlar: Ochildiev Fayzullo Bobokulovich, tarix fanlari doktori, professor; Zamonov Akbar Turginovich, tarix fanlari doktori, professor; Xidirova Nargiza Urinovna tarix fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi. XVI-XVIII asrlarda Buxoro xonligi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida tasavvuf vakillarining ta’siri va jamiyat hayotidagi o‘rni masalalarini ochib berish hamda umumlashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Buxoro xonligi davlat boshqaruvida faol ishtirok etgan tasavvuf vakillarining faoliyatini dissertatsiya tadqiqoti doirasida, kompleks o‘rganish natijasida ularning faqat tariqat yonalishi doirasida emas, balki ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy va hududiy o‘rni nuqtai nazaridan tasniflash jarayonida ularning 32 nafari tarixiy ahamiyatga ega so‘fiylar ekanligi aniqlangan;
Tasavvuf vakillari faoliyatini yorituvchi tarixiy asarlar va arxiv materiallarini o‘rganish natijasida, ushbu davrda gender tenglik masalalari, ya’ni tariqat vakillari xonadoniga mansub ayollarning ham jamiyatda alohida o‘rin va nufuzga ega bo‘lgani Oy poshsho (Oyim podsho) bibi, Mohim bibi, Honim bibi, Bibi Hadya kabi ayollar misolida dalillangan;
Naqshbandiylardan farqli ravishda tarkidunyochilik, jamiyatdan yiroqlashgan deb talqin qilinadigan yassaviya tariqati vakillarining ham XVI asrdan boshlab siyosiy hayotda xususan, Movarounnahrda temuriylar hukmronligining tugatilishi va shayboniylar sulolasining hokimiyatni egallashi jarayonlaridagi bevosita ishtiroki Shayx Mansur (XV-XVI asr), Shayx Jamoliddin (vaf.1505), Shayx Xudoydod (1461-1532), Qosim Shayx (1500-1578) kabi yassaviya tariqati vakillari misolida isbotlandi;
Ashtarxoniylar davrida ham Buxoro xonligini siyosiy markazlashtirish, davlat barqarorligini ta’minlash va sulolaviy mojarolarni oldini olishda tasavvuf vakillarining faol ishtiroki va diplomatik faoliyati 1680-yillarda eronliklarga hamda 1665-yilda xivaliklar bilan bo‘lgan ziddiyatli munosobatlarda ishtirok etgan Xoja Hoshim va Mavlono Sharif kabi tasavvuf vakillari misolida dalillangan;
XVI-XVIII asrlarga kelib naqshbandiya tariqatiga mansub tasavvuf shayxlarining iqtisodiy qudrati ortib borishi natijasida ularning ba’zan mustaqil faoliyat olib borishga intilganliklari va o‘zlarining legitimligi asosida nafaqat oddiy xalqqa, balki hukmdorlarga ham katta ta’sir o‘tkazganliklari, lekin bu ta’sirni ular hokimiyatni olishga emas balki, mavjud tuzumni sog‘lomlashtirishga, jamiyatda axloqiy me’yorlar va ilmu-ma’rifatni, madaniy hayotni rivojlantirishga qaratganligi isbotlangan. .
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Buxoro xonligi davrida tasavvuf vakillarining ijtimoiy-siyosiy va madaniy jarayonlarga ta’siriga oid ishlab chiqilgan ilmiy natijalar va amaliy takliflardan:
Buxoro xonligi davrida yashagan tasavvuf allomalarining ijtimoiy-siyosiy va madaniy jarayonlarga ta’siri, ularning ma’naviy meroslari, xususan, Jo‘ybor xojalarining faoliyati hamda naqshbandiya tariqati rivojidagi o‘rni, shuningdek bu davrlarda yassaviya va kubroviya tariqatlari vakillarining ma’naviy tarbiya masalalariga oid ilmiy xulosalaridan “O‘zbekiston” teleradiokanali” davlat muassasasi tarkibidagi “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Tarix maydoni”, “Tarix haqiqatlari” kabi ko‘rsatuvlari senariylarini tayyorlashda foydalanildi (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston teleradiokanali davlat muassasasi tomonidan 18.06.2025 yilda berilgan 01-33/454-son va 08.01.2023 yilda berilgan 01-44-11-son ma’lumotnomalari). Natijalar teletomoshabinlarda O‘rta Osiyo xonliklari ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida Naqshbandiya tariqati vakillarining o‘rni haqidagi tasavvurlarini kengayishiga imkon bergan.
Movarounnahrda temuriylar sulolasining tugatilishi va shayboniylar sulolasining hokimiyatni egallashlarida tasavvuf vakillarining ta’siri, ayniqsa Abdullaxon II ning hukmronligi yillarida uning mamlakatni markazlashtirish jarayonlarida faol ishtirok etgan Shayx Muhammad Darvesh (1500-1562), Hazrat Muhammad Amkinagiy (1510-1600), Mahdumi A’zam Dahbediy (1461-1542) kabi tasavvuf ulamolari misolida ochib berilganligi kabi yangi ilmiy ma’lumotlardan O‘zbekiston Milliy universitetida bajarilgan AL-662205481- raqamli “Qashqadaryo vohasi tarixiy va madaniy yodgorliklari, ekoturizmga oid ziyoratgohlarning “I-turizm” platformasini ishlab chiqish” mavzusidagi amaliy loyihasida foydalanilgan (Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining 25.11.2025 yildagi № 04/11-28364-son dalolatnomasi). Natijalarning qo‘llanilishi tasavvuf ulamolari bilan bog‘liq ziyoratgohlarning mohiyatini ochib berishga xizmat qilgan.
Buxoro xonligi davrida tasavvuf vakillarining, ayniqsa naqshbandiya tariqatiga mansub Jo‘ybor xojalari vakillari jamiyatda mustaqil faoliyat olib borishga intilganliklari va bu jarayonlarda o‘zlarining legitimligi asosida xalqning hurmati, ishonchi, e’tirofi va muhabbatini qozonishi natijasida ularga davlat ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotida katta imkoniyat yaratganligini, lekin bu imkoniyatidan ular hokimiyatni olishga emas, aksincha, mavjud tizimni sog‘lomlashtirishga va jamiyatni axloqiy etuklikka, ilmu-ma’rifatga da’vat etganligi kabi masalalardan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutining targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etish va o‘tkazish jarayonlarida foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutining 2025 yil 27-noyabrdagi № 10/800-son dalolatnomasi). Natijada Jo‘ybor xojalari faoliyatining ijtimoiy-ma’naviy hayotdagi o‘rni haqidagi ilmiy xulosalardan aholi o‘rtasida milliy va ma’naviy qadriyatlarni targ‘ib etish, yoshlarda tarixiy xotira, ma’naviy merosga hurmat, ma’rifatparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar mazmunini boyitishda foydalanish imkoniyati kengaydi.
Tasavvuf vakillarining mamlakat osoyishtaligini ta’minlash va yurtga bostirib kelayotgan yovlarga qarshi kurashlarda aholini mafkuraviy birlashtirishi va ularga ma’naviy kuch berishi jarayonlari shuningdek, ularning ijtimoiy g‘oyalaridan bugungi jamiyatimizda, ayniqsa yoshlar ongida Vatanparvarlik, milliy g‘urur va or-nomus, ajdodlar merosiga hurmat tuyg‘ularini shakllantirish masalalaridan foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutining 2025 yil 27-noyabrdagi № 10/800-son dalolatnomasi). Dissertatsiyada ilgari surilgan takliflar, tavsiyalar, xulosalar tasavvuf allomalari faoliyatlaridagi ma’naviy tarbiyaga oid masalalaridan ijtimoiy-falsafiy jarayonlarni yoritishga xizmat qilgan.
Tasavvuf allomalar ta’limotining asosiy mazmuni bo‘lgan mehnatsevarlik, vatanparvarlik, adolatlilik, ilm-ma’rifat va ustoz–shogirdlik kabi umuminsoniy qadriyatlarni nafaqat yosh avlod, balki keng jamoatchilik ongida mustahkamlash va ularni targ‘ib etish jarayonida mazkur Dissertatsiya tadqiqoti doirasida erishilgan ilmiy natijalardan foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Milliy tiklanish demokratik partiyasining markaziy kengashining 15.12.2025 yildagi № 02-06-119-son dalolatnomasi). Natijada dissertatsiya partiyaning saylovoldi dasturi maqsad va vazifalarini o‘zida aks ettirgan holda, targ‘ibot tadbirlarining saviyasini yanada boyitishga, xususan, moddiy va ma’naviy ishlab chiqarish sohasining tarixiy va ilmiy merosini keng targ‘ib etishda, partiya tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning ijtimoiy-siyosiy yo‘nalishdagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qilgan.