Uralov Abror Abdulla o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ko‘hitang etagidagi bronza – ilk temir davri yodgoliklarining makrolit mehnat qurollari”, 07.00.06 – Arxeologiya (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.2.PhD/Tar2711
Ilmiy rahbar: Alisher Shapulatovich Shaydullaev, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Antropologiya instituti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Antropologiya instituti, DSc.05/2025.27.12.Tar.04.01
Rasmiy opponentlar: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma’rifiy memorial majmua rahbari, tarix fanlari doktori, professor Temur Shirinovich Shirinov va Termiz davlat universiteti dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Xamidov Odiljon Abduvoxidovich.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: Nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: Ko‘hitangtog‘ etaklaridagi bronza – ilk temir davri jamoalari xo‘jalik faoliyatida makrolit mehnat qurollarining o‘rni va ularning funksional ahamiyatini eksperimental-trasologik hamda fitolit tahlillar asosida yoritib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Ko‘hitang etagidagi bronza davrining Tillabuloq va Kattabuloq yodgorliklarida aniqlangan tegirmontoshlarda o‘tkazilgan fitolit (qoldiq) tahlillari asosida “supurgi tariq” (Panicum miliaceum [L]) va boshoqli ekinlarga (Poaceae) tegishli fitolit morfotiplari birinchi marta ushbu hudud tegirmontoshlaridan qayd etilib, tariqning Ko‘hitang etagida bronza davridanoq etishtirilganligi va undan oziq-ovqat tayyorlashda foydalanilganligi aniqlangan;
Bronza davri yodgorliklari tosh qurollarining mikroskopik tahlili hamda Kattabuloqdan topilgan bo‘yoq ezgichdagi jigarrang pigmentning oxra ekanligi tasdiqlanishi natijasida makrolit mehnat qurollari nafaqat oziq-ovqat tayyorlashda, balki bo‘yoq ishlab chiqarish va teriga ishlov berishda ham qo‘llanilganligi ilk marta dalillangan;
Tog‘ etagida joylashgan bronza va ilk temir davri yodgorliklarining litik xomashyosi tahlil qilinib, uning yodgorlikka olib kelish (E. Kendel bo‘yicha) diapazoni 0–6 km (mahalliy) ekanligi aniqlanib, qadimgi jamoalar mahalliy allyuvial va tog‘ resurslaridan izchil foydalangan hamda xomashyo uchun uzoq masofali (regional) almashinuv bo‘lmaganligi asoslangan;
Qumtosh va dolomitdan piketaj texnologiyasi yordamida amalga oshirilgan eksperimental dastur natijasida mehnat unumdorligi 1 dona keli yasash uchun 110 daqiqa, 1 kg dag‘al un uchun esa 55 daqiqaga teng ekanligi isbotlangan;
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Ko‘hitang tegrasi bronza-ilk temir davri yodgorliklarining makrolit mehnat qurollari” mavzusidagi dissertatsiya bo‘yicha qo‘lga kiritilgan ilmiy natijalar asosida:
Ko‘hitang tog‘ tizmasi tegrasida bronza – ilk temir davriga oid yodgorliklardan topilgan makrolit mehnat qurollarining funksional imkoniyatlari eksperimental-trasologiya usuli yordamida aniqlanganligi haqidagi ilmiy natijalar “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Ko‘hna manzillar” va “Ibtido” ko‘rsatuvlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston tarixi” telekanali davlat unitar korxonasining 2025-yil 17-noyabrdagi 01-33/886-sonli ma’lumotnomasi). Natijalar O‘zbekistonning qadimgi davr tarixi va moddiy-madaniy merosini keng targ‘ib qilishga xizmat qilgan.
Ko‘hitang tegrasidagi bronza va ilk temir davriga oid makrolit qurollar majmualari asosan yodgorliklardan aniqlangan bo‘lib, ular orasida yirik kesuvchi qurollar, qirg‘ichlar, o‘roq va bolta, shuningdek, o‘choq va xo‘jalik inshootlari bilan bog‘liq tosh jihozlar aniqlanganligi haqidagi ma’lumotlar Madaniy meros agentligi Surxondaryo viloyati Madaniy meros boshqarmasi tomonidan yangi madaniy meroslarni xatlovdan o‘tkazish, ularni pasportlashtirish va hujjatlashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniy meros agentligining 2025-yil 28-martdagi 4-05/1143-sonli ma’lumotnomasi).
Eksperimental-trasologiya tahlillari natijasida makrolit mehnat qurollarining yog‘och kesish, teri ishlash, o‘simliklarni qayta ishlash va donni maydalash kabi amaliy funksiyalarda qo‘llanganligi aniqlangan. Ushbu ma’lumotlar Termiz arxeologiya muzeyida ekskursiya matnlarini boyitishda hamda muzey fondini yangi ashyoviy dalillar bilan to‘ldirishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniy meros agentligining 2025-yil 28-martdagi 4-05/1143-sonli ma’lumotnomasi). Shuningdek, muzeyga tashrif buyuruvchilarda Ko‘hitang tegrasidagi qadimiy jamoalarning xo‘jalik faoliyati va mehnat an’analari haqidagi bilimlarni oshirishga xizmat qilgan.