Qulboev Nishonboy Sobur o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Molguzar tizmasi o‘zlashtirilishi tarixi”, 07.00.06 – Arxeologiya.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.PhD/Tar2152
Ilmiy rahbar: Maqsudov Farhod Alijonovich, tarix fanlari doktori (DSc), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Antropologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Antropologiya instituti, DSc.05/2025.27.12.Tar.04.01.
Rasmiy opponentlar: Fanlar akademiyasi Antropologiya instituti Ijtimoiy madaniy antropologiya bo‘limi ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, professor G‘.B. Boboyorov va Xalqaro Nordik universiteti katta o‘qituvchisi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) M.X. Pardaev.
Yetakchi tashkilot: Jizzax davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Molguzar tog‘ tizmasi yonbag‘irlarida aholi joylashuvining makoniy qonuniyatlari, tabiiy muhit bilan o‘zaro bog‘liqligi va hududni o‘zlashtirish xususiyatlarini GAT hamda arxeologik-landshaft tahlillari asosida aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Molguzar tog‘ tizmasining janubiy yonbag‘ri tabiiy-geografik sharoitining arxeologik o‘zlashtirilishga taʼsiri ilk bor kompleks tahlil qilinib, yonbag‘irning quyoshga tik qaraganligi natijasida iqlimning nisbatan qurg‘oqchil shakllanishi, doimiy suv manbalarining kamligi hamda namlik taqchilligi sababli sharqdan g‘arbga qadar butun hudud bo‘ylab arxeologik obektlar zichligi past bo‘lgani ilmiy asoslandi.
Molguzar tog‘ tizmasining shimoliy yonbag‘rida arxeologik obektlarning hududiy tarqalishida ichki fazoviy tafovut mavjud bo‘lib, GAT tahlillari va dala tadqiqotlari natijasida sharqqa tomon siljigan sari yodgorliklar soni izchil ortib borishi hamda bu holat tog‘ balandligining ortishi bilan doimiy suv manbalari va soylarning zichlashuviga bog‘liqligi aniqlandi.
Molguzar tog‘ tizmasida aniqlangan arxeologik yodgorliklarning xronologik taqsimoti ilk bor yaxlit tahlil qilinib, hududning eng jadal o‘zlashtirilgan bosqichi rivojlangan o‘rta asrlar (IX–XI asrlar)ga to‘g‘ri kelishi, barcha yodgorliklarning yarmidan ko‘prog‘i shu davrga tegishli ekanligi, ilk o‘rta asrlardan boshlangan o‘zlashtirish jarayoni uzlyuksiz tus olib, so‘nggi o‘rta asrlarga kelib keskin susaygani hamda tarixiy davrlar davomida o‘zlashtirish markazi tizmaning shimoliy qismidan janubiy qismiga siljib borgani dalillandi.
GAT texnologiyasi asosida Molguzar tog‘ tizmasi uchun yodgorliklarning joylashish ehtimolini ko‘rsatuvchi bashorat (predictive) modeli ishlab chiqilib, 89 ta maʼlum yodgorlikning 79,8 foizi model bo‘yicha “yuqori” va “juda yuqori” moslik zonalarida joylashgani, yodgorliklarning 57,9 foizi tepalik holatida (musbat TPI), 93,3 foizi esa suv manbasiga yaqin joylashgani hamda to‘rt xil yil (2016, 2020, 2023, 2026) uchun o‘tkazilgan NDVI tahlili barqaror natija bergani asosida modelning ishonchliligi isbotlandi.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: “Molguzar tizmasi o‘zlashtirilishi tarixi” mavzusidagi dissertatsiya bo‘yicha qo‘lga kiritilgan ilmiy natijalar asosida:
Molguzar tog‘ tizmasining shimoliy va janubiy yonbag‘irlarida olib borilgan kompleks arxeologik tadqiqotlar natijasida aniqlangan yangi arxeologik yodgorliklar, ularning tipologik tarkibi, hududiy tarqalish qonuniyatlari, balandlik zonalari bo‘yicha joylashuv xususiyatlari, tabiiy-geografik omillarning qadimgi aholi manzilgohlarini tanlashdagi o‘rni, GIS texnologiyalari, masofadan zondlash ma’lumotlari hamda geomorfologik tahlillar asosida qadimgi landshaftlarning o‘zlashtirilish bosqichlarini aniqlashga doir ilmiy xulosalar, shuningdek, tog‘li hududlarda yashagan aholi xo‘jalik faoliyati, ko‘chmanchi va o‘troq madaniyatlarning o‘zaro aloqalari, arxeologik meros obektlarini muhofaza qilish hamda ularni ommalashtirishga oid ma’lumotlardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Ma’rifat” ijodiy birlashmasi davlat muassasasi tarkibidagi “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Ekspedisiya” ko‘rsatuvi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Ma’rifat” ijodiy birlashmasi davlat muassasasining 2026-yil 23-iyundagi 15-32/512-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy natijalar ko‘rsatuvning tarixiy-ilmiy mazmunini boyitish, Molguzar tog‘ tizmasining arxeologik salohiyati va madaniy merosi haqidagi ilmiy asoslangan ma’lumotlarni keng jamoatchilikka yetkazish, zamonaviy arxeologik tadqiqot usullari va ularning natijalarini ommalashtirish, shuningdek, arxeologik merosni asrash va undan oqilona foydalanish madaniyatini targ‘ib etishga xizmat qilgan.
Shuningdek, tadqiqotchi tomonidan Molguzar tog‘ tizmasi yonbag‘irlarida, xususan Baxmal tumanidagi Ko‘lsoy yodgorligida qabrlar bo‘yicha olib borilgan qazishmalar natijasida bir nechta qabr inshooti aniqlangan; ushbu topilmalar o‘zining konstruktiv xususiyatlari, marosimiy izlari va joylashuv holati bilan hududning qadimdan o‘zlashtirilganligini ko‘rsatadi. Shuningdek, Molguzar tizmasining shimoliy va janubiy yonbag‘irlarida 89 ta yangi yodgorlik aniqlangan bo‘lib, ular hududning qadimgi manzilgoh tizimi va madaniy rivojlanish bosqichlarini ilmiy jihatdan yoritib bergan. Mazkur natijalar, ulardagi ilmiy-nazariy tavsiyalar bilan birga, tarixiy va madaniy meros yodgorliklarini muhofaza qilish, saqlash, kelajak avlodga yetkazish hamda ilk bor ilmiy muomalaga kiritish maqsadida Jizzax viloyati madaniy meros boshqarmasi faoliyatiga amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining 2026-yil 24-avgustdagi 04-07/4451-sonli ma’lumotnomasi).