Nurmamatov Mexriddin Qahramonovichning 
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i): Mehnat bandligini boshqarish tizimlarida optimal qarorlarni qabul qilishga ko‘maklashishning usul va modellari, 05.01.02 – Tizimli tahlil, boshqaruv va axborotni qayta ishlash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.2.DSc/T1077. 
Ilmiy maslahatchi: Axatov Akmal Rustamovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti.
Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, Ilmiy kengash raqami: Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.09/2025.27.12.T.02.01.M.
Rasmiy opponentlar: Gulyamov Shuxrat Manapovich - texnika fanlari doktori, professor; Seytov Aybek Jumabaevich - texnika fanlari doktori, professor; Babenko Mixail Grigorevich - fizika-matematika fanlari doktori. 
Yetakchi tashkilot: Nukus davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi mehnat bandligini boshqarish tizimlarida optimal qarorlarni qabul qilishga ko‘maklashishning usul, model, algoritmlari va dasturiy vositasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
mehnat bozori ma’lumotlar bazalaridagi turli xil formatdagi yozuvlarni, ko‘p o‘lchovli masshtablash asosida K-o‘lchamli Evklid fazosiga joylashtirish va KD-daraxt indekslash yordamida yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirishning usuli ishlab chiqilgan;
raqamli qidiruv tizimlarida mehnat bozori ishtirokchilarining xatti-harakatlarini modellashtirish uchun turli tanlash modellarini kirish-chiqish yashirin Markov modeli tizimida yagona umumlashgan kaskad model sifatida ifodalash hamda umulashgan kaskad modelini kirish-chiqish yashirin Markov modellari bilan ekvivalentligini isbotlash usuli ishlab chiqilgan;
mehnat bozorida ish izlovchi – vakansiya o‘zaro ta’sirini tavsiflash uchun kirish-chiqish yashirin yarim-Markov tuzilmasiga asoslangan, holatda turish davomiyligi, raqobatlashuvchi yakun sabablari va senzuralanishni birlashtiruvchi davomiylik va raqobatlashuvchi risklarni hisobga oluvchi kaskad modeli ishlab chiqilgan;
raqamli qidiruv tizimlarida tizimlarida mehnat bozori ishtirokchilarining davomiylik va raqobatlashuvchi risklarni hisobga oluvchi kaskad modeli parametrlarini baholash uchun turish oralig‘idagi kuzatuv ehtimollari ko‘paytmasini rekursiv hisoblash, davomiylik bo‘yicha oldinga – orqaga hisoblashlar va etarli statistikalarni vektorli amallar bilan olishga asoslangan EM algoritmi ishlab chiqilgan;
mehnat bozori ishtirokchilari va bandlik imkoniyatlari o‘rtasidagi moslikni mashinaviy o‘qitishning ansambl  hamda chuqur o‘qitish usullari asosida aniqlash va ma’lumotlar to‘plamini shakllantirishning algoritmlari ishlab chiqilgan; 
BLX-α krossover, Gaus mutatsiya va tournament seleksiyasi operatorlariga asoslangan genetik model yordamida mashinaviy o‘iqtishning stacking ansambli hamda chuqur o‘qitishning NODE modeli giperparametrlarini optimallashtirishning usuli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Dissertatsiya tadqiqotlari doirasida bandlik ko‘rsatkichlarini intellektual boshqarish usullarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
mehnat bozori ma’lumotlar bazalaridagi turli xil formatdagi yozuvlarni, ko‘p o‘lchovli masshtablash asosida K-o‘lchamli Evklid fazosiga joylashtirish va KD-daraxt indekslash yordamida yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirishning usuli hamda mehnat bozori ishtirokchilari va bandlik imkoniyatlari o‘rtasidagi moslikni mashinaviy o‘qitishning ansambl  hamda chuqur o‘qitish usullari asosida aniqlash va ma’lumotlar to‘plamini shakllantirishning algoritmlari asosida ishlab chiqilgan dasturiy ta’minot Samarqand viloyati Ishtixon tumani kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish markaziga joriy qilingan (O‘zbekiston respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 2026-yil 23-sentyabr 01/00-03/10-10188-son hamda Samarqand viloyati hokimiyatining 2026-yil 15-iyuldagi 02-02/7449-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, nomzod-vakansiya muvofiqligini aniqlashda Accuracy 0,93 ko‘rsatkichiga erishildi, bir tavsiya uchun xarajat 87,3 foiz qisqarishiga erishildi; 
 raqamli qidiruv tizimlarida mehnat bozori ishtirokchilarining xatti-harakatlarini modellashtirish maqsadida Chapelle–Zhang modeliga asoslangan, ish izlovchi va vakansiya o‘rtasidagi moslik ehtimolini multinomial logit modeli yordamida baholash hamda moslik natijalarini takomillashtirilgan HDBSCAN* va DBSCAN* klasterlash orqali sessiyalarni ifodalash algoritmining dasturiy ta’minoti Samarqand viloyati Samarqand tumani kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish markaziga joriy qilingan (O‘zbekiston respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 2026-yil 23-sentyabr 01/00-03/10-10188-son hamda Samarqand viloyati hokimiyatining 2026-yil 15-iyuldagi 02-02/7449-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, moslashtirish jarayoni samaradorligi 14 % ga yaxshilandi, moslashtirish aniqligi Accuracy bo‘yicha 0,936 ko‘rsatkichga erishildi;
BLX-α krossover, Gaus mutatsiya va tournament seleksiyasi operatorlariga asoslangan genetik model yordamida mashinaviy o‘iqtishning stacking ansambli hamda chuqur o‘qitishning NODE modeli giperparametrlarini optimallashtirishning usuli va «Bandlik xizmatlari» dasturiy majmuasining to‘liq to‘plami Samarqand viloyati Urgut tumani kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish markaziga joriy qilingan (O‘zbekiston respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 2026-yil 23-sentyabr 01/00-03/10-10188-son hamda Samarqand viloyati hokimiyatining 2026-yil 15-iyuldagi 02-02/7449-sonli ma’lumotnomasi).  Natijada, mashinaviy o‘qitishning stacking+GA modeli Accuracy bo‘yicha 0,9587, NODE+GA modeli esa Accuracy bo‘yicha 0,9612 ko‘rsatkichlarga erishildi. Ish izlash muddati 42 foizga qisqardi, vakansiyani to‘ldirish tezligi esa 2,3 baravar oshirish imkoniyati yaratildi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish