Abduraxmanova Malika Abdujaparovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon matni
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Oliy ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishda raqamli texnologiyalardan foydalanishni takomillashtirish”, 08.00.16 – “Raqamli iqtisodiyot va xalqaro raqamli integratsiya” bo‘yicha ixtisoslik.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yhatga olingan raqam: B2026.2.PhD/Iqt6210.
Ilmiy rahbar: Melibaeva Gulnora Achilovna, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, DSc.16/2025.27.12.I.01.01 raqamli Ilmiy kengash asosidagi Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Berdinazarov Zafar Ulashovich iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent; Turaev Shavkat Shuxratovich iqtisodiyot fanlari doktori, professor
Yetakchi tashkilot: Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: Raqamli iqtisodiyot sharoitida oliy ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishda raqamli texnologiyalarni joriy etish va ulardan foydalanishni takomillashtirishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlarini ishlab chiqish hamda ularning samaradorligini baholash.
II.Tadqiqotning maqsadi oliy ta’lim muassasalarida raqamli texnologiyalarni ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish jarayoniga integratsiya qilishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiliklari:
oliy ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishda raqamli texnologiyalardan foydalanishning tashkiliy-iqtisodiy mazmuni raqamli iqtisodiyot talablari asosida takomillashtirilib, raqamli infratuzilma, pedagog va talabalarning raqamli kompetensiyasi, platformalararo integratsiya, raqamli kontent sifati hamda ma’lumotlarga asoslangan boshqaruv qarorlari ta’lim xizmatlari sifati va boshqaruv samaradorligiga ta’sir etuvchi asosiy determinantlar sifatida ilmiy jihatdan asoslandi;
oliy ta’lim muassasalarida milliy ta’lim kontentini xalqaro ochiq onlayn kurslar bilan integratsiya qilish orqali ta’lim xizmatlari qiymatini oshirish, resurslardan foydalanish samaradorligini kuchaytirish va xizmatlar qamrovini kengaytirishga qaratilgan gibrid LMS+MOOC+HEMIS tashkiliy-iqtisodiy modeli ishlab chiqildi;
oliy ta’lim muassasalarida raqamli texnologiyalardan foydalanish darajasi va samaradorligini kompleks baholash uchun akademik jarayon, ta’limni boshqarish, raqamli servis xizmatlari, foydalanuvchi qoniqishi va boshqaruv xarajatlarini qamrab oluvchi IRSI - aqlli raqamlashtirishning integral reyting modeli takomillashtirildi;
oliy ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishda ta’lim jarayoni, raqamli infratuzilma va boshqaruv tizimini yagona raqamli ekotizimda modellashtirishga qaratilgan Digital Twin hamda LMS+MOOC+EduAnalytics integratsiyalashgan boshqaruv yondashuvi ishlab chiqilib, “o‘qituvchi – talaba – raqamli platforma – boshqaruv qarori” o‘zaro aloqasini raqamli iqtisodiyot sharoitida optimallashtirish mexanizmi ilmiy jihatdan asoslandi.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Oliy ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishda raqamli texnologiyalardan foydalanishni takomillashtirish masalalari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
oliy ta’lim muassasalarida raqamli texnologiyalardan foydalanish samaradorligiga ta’sir etuvchi asosiy omillar — raqamli infratuzilma holati, pedagog va talabalar raqamli kompetensiyasi, platformalararo integratsiya darajasi hamda ma’lumotlarga asoslangan boshqaruv qarorlarining ta’lim sifati va boshqaruv samaradorligiga ta’siri tizimlashtirildi. Ushbu yondashuv asosida ta’lim jarayonlarini raqamlashtirishning kompleks diagnostik modeli shakllantirildi. Amaliy natijalar (O‘zbekiston Respublikasi Transport Vazirligi Toshkent davlat transport universitetining 2026-yil, 27-martdagi №01-00/79-sonli hamda Osiyo texnologiyalar universitetining 2026-yil 14-martdagi 83-sonli ma’lumotnomalari) sifatida ta’lim jarayonlari samaradorligi 15 foizga oshdi, ta’lim sifati 25 foizga yaxshilandi, shuningdek, pedagog va talabalar raqamli kompetensiyalarining sezilarli darajada rivojlanishi kuzatildi;
oliy ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishda LMS+MOOC+HEMIS gibrid texnologik modeli asosida milliy va xalqaro elektron ta’lim resurslarini integratsiya qilish hamda ularning natijalarini HEMIS bilan uyg‘unlashtirish orqali ta’lim xizmatlari sifatini oshirish (O‘zbekiston Respublikasi Transport Vazirligi Toshkent davlat transport universitetining 2026-yil, 27-martdagi №01-00/79-sonli hamda Osiyo texnologiyalar universitetining 2026-yil 14-martdagi 83-sonli ma’lumotnomalari) taklif etildi. Amaliyotga joriy etish natijasida, auditoriya yuklamasi 27% ga optimallashtirildi, bosma materiallar xarajatlari 35% ga kamaydi, ta’lim xizmatlari qamrovi 1,4 barobarga oshdi, qo‘shimcha ta’lim xizmatlaridan yillik 210 mln so‘m qo‘shimcha daromad shakllandi;
akademik jarayon va servis xizmatlar samaradorligini baholash maqsadida IRSI indikatorlar tizimidan foydalanish (O‘zbekiston Respublikasi Transport Vazirligi Toshkent davlat transport universitetining 2026-yil, 27-martdagi №01-00/79-sonli hamda Osiyo texnologiyalar universitetining 2026-yil 14-martdagi 83-sonli ma’lumotnomalari) tomonidan amaliyotga joriy etilishi natijasida, ta’lim xizmatlari sifat indeksi 16% ga oshdi, talabalar qoniqish darajasi 78% dan 89% ga o‘sdi, boshqaruv xarajatlari 12% ga qisqardi;
oliy ta’lim xizmatlarini raqamlashtirishni takomillashtirish maqsadida ta’lim jarayoni, ta’lim infratuzilmasi va boshqaruv tizimini yagona raqamli muhitda modellashtirishga asoslangan Digital Twin hamda LMS+MOOC+EduAnalytics integratsiyalashgan boshqaruv yondashuvi ishlab chiqildi va amaliyotga (O‘zbekiston Respublikasi Transport Vazirligi Toshkent davlat transport universitetining 2026-yil, 27-martdagi №01-00/79-sonli hamda Osiyo texnologiyalar universitetining 2026-yil 14-martdagi 83-sonli ma’lumotnomalari) joriy etildi. Ushbu yondashuv “o‘qituvchi - talaba - raqamli texnologiya” o‘zaro aloqasini samarali boshqarish imkonini berdi. Natijada ta’lim jarayonlarining shaffofligi 30 foizga oshdi, akademik o‘zlashtirish 14 foizga yaxshilandi, raqamli xizmatlardan foydalanish darajasi 2 barobarga oshdi hamda umumiy iqtisodiy samaradorlik yiliga taxminan 355 mln so‘mni tashkil etdi. Mazkur takliflar O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim muassasalarida raqamli texnologiyalardan foydalanishni takomillashtirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.