Ismatullaeva Iroda Izatullaevnaning
falsafa doktori (PhD) himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtissoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Motherland/Vatan konseptining ingliz va o‘zbek tillarida verballashuvi”, 10.00.13 – Qiyosiy va chog‘ishtirma tilshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/Fil4153.
Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
Ilmiy rahbar: Paluanova Xalifa Daribaevna, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Alfraganus University, PhD.03/2025.27.12.Fil.31.02.
Rasmiy opponentlar: Umurova Go‘zal Xotamovna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; Sadullaeva Nilufar Azimovna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi ingliz va o‘zbek tillarida “Motherland/Vatan” konseptining lingvomadaniy, kognitiv va etnomadaniy xususiyatlarini, uning leksik birliklar, paremiyalar hamda badiiy matnlar vositasida verballashuv shakllarini qiyoslash, konseptning nominativ maydoni va konseptual tuzilishini aniqlash, shuningdek, uning universal hamda milliy-madaniy belgilarini tavsiflashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
“Motherland/Vatan” konseptining lingvomadaniy xususiyatlari, konseptual mazmuni hamda nominativ maydonining yadro va periferiya birliklaridan tashkil topgan tuzilishi dalillangan;
ingliz va o‘zbek tillarida “Motherland/Vatan” konseptining leksik birliklar, paremiyalar hamda badiiy matnlar vositasida verballashuviga xos umumiy va milliy-madaniy belgilar aniqlanib, ularning semantik hamda kompozision-konseptual jihatdan mutanosib va nomutanosib xususiyatlari asoslab berilgan;
“Motherland/Vatan” konseptining yadro va periferiya maydonlari doirasidagi konseptual ma’nolar, sinonimik va assotsiativ birliklar aniqlanib, ingliz va o‘zbek lingvomadaniyatidagi universal hamda milliy-madaniy belgilar asosida uning chog‘ishtirma modeli ishlab chiqilgan;
“Motherland/Vatan” konseptining chog‘ishtirma modeli tarkibidagi “Home/Uy”, “Family/Oila”, “Traditions/Urf-odatlar” va “Patriotism/Vatanparvarlik” subkonseptlarining nominativ maydonlari aniqlanib, ularning ingliz va o‘zbek lingvomadaniyatiga xos kognitiv, aksiologik va milliy-madaniy xususiyatlari chog‘ishtirma tahlil asosida dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ingliz va o‘zbek tillarida “Motherland/Vatan” konseptining verballashuvini aniqlash jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida:
“Motherland/Vatan” konseptining nominativ maydoni tushunchasini ifodalovchi vositalar tarkibini aniqlash hamda ushbu konseptni ifodalovchi leksik birliklar, paremiyalar “universal” tushuncha sifatida milliy xususiyatlarini o‘rganishdagi tahliliga doir xulosalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Foreign LanguaGES” telekanalida efirga uzatilgan “English Club Live” ko‘rsatuvi ssenariysini yozishda foydalanildi (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi 2024-yil 18-yanvardagi 01-24-93-sonli ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuv senariysi ma’lum darajada ilmiy leksikasini boyitishga hamda “Motherland/Vatan” tushunchasi butun insoniyat uchun umumiy bo‘lgan “universal” tushuncha bo‘lsa-da, o‘zining milliy xususiyatiga ega konsept ekani hamda etnospesifik xususiyatlari haqidagi fikr-mulohazalari ko‘rsatuv ilmiy saviyasini oshishiga xizmat qilgan;
ingliz va o‘zbek tillarida “Motherland/Vatan” konseptini ifodalovchi leksik birliklar hamda paremiyalar “universal” mazmunga ega bo‘lishi bilan birga, har bir tilga xos milliy-madaniy xususiyatlarni ham o‘zida aks ettirishi aniqlangan va uning etnospesifik jihatlariga oid nazariy xulosalardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Xalqaro aloqalar va badiiy tarjima bo‘limida Frensis Eliza Byornettning “Sirli bogʻ”, Roald Dalning “Mehribon dev” romanlarini ingliz tilidan tarjima qilishda foydalanildi (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2025-yil 10-noyabrdagi 01-03/399-son ma’lumotnomasi). Natijada, badiiy tarjima jarayoni nafaqat ilmiy leksika bilan boyitildi, balki ingliz va o‘zbek xalqlarining “Motherland/Vatan” konseptiga oid umumiy hamda o‘ziga xos kompozision-konseptual belgilarini aks ettiruvchi materiallari va xulosalari tarjima jarayonida yuzaga keladigan nazariy muammolarning echimi sifatida xizmat qilgan;
“Motherland/Vatan” konseptining yadro va periferiya maydonlari doirasidagi konseptual ma’nolar, sinonimik va assotsiativ birliklar aniqlanib, ingliz va o‘zbek lingvomadaniyatidagi universal hamda milliy-madaniy belgilar asosida uning chog‘ishtirma modeli tarkibidagi “Home/Uy”, “Family/Oila”, “Traditions/Urf-odatlar” va “Patriotism/Vatanparvarlik” subkonseptlarining nominativ maydonlarini aniqlash, ularning ingliz va o‘zbek lingvomadaniyatiga xos kognitiv, aksiologik hamda milliy-madaniy xususiyatlarini chog‘ishtirma tahlil asosida dalillangan xulosalaridan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2022–2024-yillarda amalga oshirilgan IL – 402104209 raqamli “Axborot-qidiruv tizimlari (Google, Yandex, Google Translate) uchun avtomatik ishlov berish vositasi – o‘zbek tilining morfoleksikoni va morfologik analizatori dasturiy vositasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyiha doirasida samarali foydalanilgan foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2026-yil 23-iyuldagi 01/4-3433-son ma’lumotnomasi). Natijada dissertatsiya ilmiy natijalari asosida loyihaning nazariy-metodik asoslari boyitilib, o‘zbek tilining morfoleksikoni va morfologik analizatori dasturiy vositasini yaratishda terminologik ma’lumotlarni qayta ishlashning ilmiy asoslangan yondashuvlari amaliyotga joriy etilgan.
“Motherland/Vatan” konseptining yadro va periferiya maydonlari doirasida ma’nolar, sinonimlar aniqlangan hamda ushbu konsept ingliz va o‘zbek tillarida ilk bor chog‘ishtirma model asosida ilmiy asoslanganligi hamda “Country/Vatan” konseptining chog‘ishtirma modeli asosida aniqlangan subkonseptlarning lingvomadaniy va kognitiv xususiyatlari borasida olingan natijalari va xulosalaridan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy tadqiqot institutining FA-F-1-005 sonli “Qoraqalpoq folklorshunosligi va adabiyotshunosligi tarixini ilmiy o‘rganish” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanildi (Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy tadqiqot institutining 2025-yil 16-iyundagi 390/1-son ma’lumotnomasi). Natijada, dissertatsiya ilmiy natijalari loyiha doirasida dastur, qoʻllanma va ishlanmalar ishlab chiqishda hamda taklif qilingan tavsiya hamda xulosalar amaliy loyiha yaratishda va uning takomillashishiga xizmat qilgan.