Sanoev Akbar Isomiddinovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Glycyrrhiza glabra L. o‘simligi xomashyosi asosida glisirretin kislotasi, glabridin va gepalipin substansiyalarini ishlab chiqarish texnologiyalari”, 02.00.10 – Bioorganik kimyo (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.3.DSc/T1118.
Ilmiy maslahatchi: Sagdullaev Shamansur Shakhsaidovich, texnika fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘simlik moddalari kimyosi instituti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘simlik moddalari kimyosi instituti, DSc.05/2025.27.12.K/T.20.01.M.
Rasmiy opponentlar: Sagdullaev Baxodir Taxirovich, texnika fanlari doktori, professor; Kadirov Xasan Irgashevich, texnika fanlari doktori professor; Gafurov Maxmudjon Bakievich, kimyo fanlari doktori, professor. 
Yetakchi tashkilot: Toshkent farmatsevtika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ultrafiltratsiya va makrog‘ovakli adsorbsion smolalardan foydalangan holda Glycyrrhiza glabra L. o‘simlik xomashyosidan glisirrizin kislotasi va uning aglikoni - glisirretin kislotasi, shuningdek, xomashyoni qayta ishlashning ikkilamchi mahsulotlaridan glabridin substansiyalarini olish texnologiyalarini ishlab chiqish hamda glisirrizin kislotasi asosida «Gepalipin» farmatsevtik kompozisiyasi va biologik faol qo‘shimchalar uchun substansiyalar ishlab chiqarish texnologiyalarini yaratishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor O‘zbekistonning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Sirdaryo viloyatlaridan yig‘ilgan Glycyrrhiza glabra L. ildizlari tarkibidagi glisirrizin kislotasi (5,8–6,5%) va glabridin (0,08–0,15%) miqdori qiyosiy aniqlanib, ularning ildizning tarkibiy qismlari bo‘ylab taqsimlanish qonuniyati tahlil qilingan; 
Glycyrrhiza glabra L. xomashyosini suvli muhitda ekstraksiyalash jarayoni matematik rejalashtirish usullari asosida maqbullashtirilib, glisirrizin kislotasini yuqori unum bilan ajratib olishning maqbul texnologik sharoitlari aniqlangan; 
o‘simlik ekstraktini birlamchi va ikkilamchi metabolitlarga ajratishda ultrafiltratsiya jarayonining maqbul texnologik ko‘rsatkichlari Lotin kvadrati usuli asosida ilk bor aniqlanib, glisirrizin kislotasini samarali ajratib olishning maqbul texnologik rejimi ishlab chiqilgan; 
ilk bor qizilmiya ildizining suvli ekstraktini makrog‘ovakli adsorbsion smolalarda adsorbsion-desorbsion xususiyatlari qiyosiy baholanib, glisirrizin kislotasini tozalash uchun eng samarali smola va texnologik sharoitlar tanlab olingan; 
texnik glisirrizin kislotasini kislotali gidroliz qilishning maqbul texnologik ko‘rsatkichlari aniqlanib, yuqori tozalikdagi glisirretin kislotasi substansiyasini olish texnologiyasi ishlab chiqilgan;
Glycyrrhiza glabra L. ildizini qayta ishlashning ikkilamchi mahsulotidan glabridin ajratib olish texnologiyasi takomillashtirilib, yuqori tozalikdagi glabridin substansiyasini olishning maqbul texnologik ko‘rsatkichlari aniqlangan; 
«Gepalipin» ko‘p komponentli farmatsevtik kompozisiyasining optimal tarkibi ilmiy asoslanib, gepatoprotektor xususiyatga ega dori vositasining farmatsevtik kompozisiyasini ishlab chiqarish texnologiyasi ishlab chiqilgan; 
glisirrizin kislotasi, glisirretin kislotasi, glabridin va «Gepalipin» substansiyalarini ishlab chiqarish jarayoni uchun YuSSX asosida kompleks analitik nazorat tizimi ishlab chiqilgan; 
ilk bor Glycyrrhiza glabra  L. ildizi shrotidan 3-oksoglisirretin kislotasi (0,39%) va glisirretin kislotasi (0,21%) ajratib olinib, ularning tuzilishi zamonaviy spektral usullar bilan tasdiqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot ob’ektlaridan substansiyalarni ishlab chiqarish texnologiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy tadqiqotlar natijalari asosida:
Glycyrrhiza glabra L. ildizi shrotidan biologik faol birikmalarni olish usuliga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligidan ixtiro uchun patent olingan (№ IAP 8048, 2025-y.), natijada o‘simlik xomashyosining ikkilamchi mahsulotidan glabridin substansiyasini ajratib olish imkoniyati yaratilgan;
“O‘simliklar ekstraktlari” Tashkilot standarti (S 03535440-026:2025) tayyorlangan va “O‘zstandart” agentligida ro‘yxatdan o‘tkazilgan hamda shu asosida “Shirinmiya ildizi ekstrakti” texnologik yo‘riqnomasi (TI-03535440-026:2025) ishlab chiqilgan. Ushbu natijalar mahalliy xomashyo asosidagi biologik faol qo‘shimchani oziq-ovqat sanoatiga joriy etish imkonini bergan; 
5–40% li «GLABRIDIN» substansiyalari uchun texnik shart (S 03535440-046:2022) va ishlab chiqarish texnologik yo‘riqnomasi (TI 03535440-046:2022) ishlab chiqilgan. Natijada oziq-ovqat sanoati va kosmetologiya sohalari uchun substansiyalarni amaliyotga tatbiq qilish imkoniyati yaratilgan;
ishlab chiqilgan texnologiya asosida «Gepalipin» dori vositasi substansiyasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan Farmakopeya maqolasi (FS 42 Uz-4691-2025) tasdiqlangan. Natijada gepatoprotektor xususiyatga ega yangi dori vositasini amaliyotga joriy etish imkoniyati yaratilgan; 
O‘simlik moddalari kimyosi institutining GMP talablariga muvofiq jihozlangan Ilmiy-texnologik markazida «Gepalipin» dori vositasi substansiyasini ishlab chiqarish uchun O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazidan ro‘yxatdan o‘tkazilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma (DV/M 03937/10/21) olingan hamda substansiyani seriyali ishlab chiqarish va amaliyotga joriy etish imkoniyati yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish