Raimova Guli Madmurodovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “II tipdagi qandli diabetda gemostaz tizimining buzilishlari va ularni korreksiyalash” 03.00.01 – Biokimyo; 03.00.08-Odam va hayvonlar fiziologiyasi (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.DSc/V260.
Ilmiy maslahatchi: Nasirov Kabil Erkinovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Biofizika va biokimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti Biofizika va biokimyo instituti, DSc.03/2025.27.12.B.01.14.M.
Rasmiy opponentlar: Shamansurova Zulayho Muralimjanovna, tibbiyot fanlari doktori; Esimbetov Adilbay Tlepovich, biologiya fanlari doktori, professor; Shahmurova Gulnara Abdullaevna, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: II tip qandli diabet sharoitida fiziologik omillarning qonning metabolik ko‘rsatkichlari va gemostaz tizimiga ta’sir ko‘rsatish xususiyatlarini aniqlash hamda ANK-1, ANK-2, ITL-2 va KCL-1 polifenol birikmalarining ushbu buzilishlarni korreksiyalashdagi samaradorligini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
deksametazon va streptozototsin bilan chaqirilgan II tip qandli diabetning eksperimental modellarida qari yoshdagi kalamushlarda giperglikemiyaning kuchayishi va HOMA-IR indeksining oshishiga olib keladigan uglevod, lipid va oqsil almashinuvida nisbatan yaqqolroq bo‘lgan o‘zgarishlar kuzatilgan;
II tip qandli diabetda β-hujayralarning shikastlanishi natijasida insulin etishmovchiligi rivojlanadi, bu holat gemostaz tizimining kompensatorlik mexanizmlari susayganini aks ettiruvchi eng yaqqol va barqaror giperkoagulyasiya bilan birga kechadi;
streptozototsin bilan chaqirilgan II tip qandli diabetda trombotsitlarning fiziologik induktorlar - ADF, kollagen va adrenalin ta’siriga agregatsion javobining yoshga bog‘liq holda kuchayib borishi aniqlandi; buning sababi α₂A – adrenoreseptorlarning giperfaolligi va adenilatsiklazaning ingibirlanishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin;
ANK-2 va ITL-2 polifenol birikmalarining gipoglikemik ta’siri Langergans orolchalaridagi GAMK-reseptorlarga bog‘liq signal mexanizmlarining modulyasiyasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi aniqlandi. Ushbu mexanizm, α-hujayralardagi glyukagon sekresiyasini susaytirish hamda β-hujayralarda insulin sekresiyasini kuchaytirish hisobiga qondagi glyukoza miqdorining pasaytirishiga yordam berishi mumkinligi ko‘rsatilgan;
shuningdek, ITL-2, ANK-1 va ANK-2 polifenollari giperkoagulyasiyani pasaytirishi va aortaning qisqaruvchanlik funksiyasini tiklashga yordam berishi ko‘rsatildi, bu, ehtimol, qon ivishining tashqi yo‘liga ta’sir qilish hamda NO/sGC/cGMP/PKG signal yo‘lini modulyasiyalash bilan bog‘liqdir.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. II tip qandli diabetda gemostaz tizimining buzilishlari va ularni tuzatish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ANK-1, ANK-2, ITL-2 va KCL-1 polifenol birikmalari II tip qandli diabetda qondagi glyukoza miqdorini va metabolitik ko‘rsatkichlarni normallashtirishi, giperkoagulyasiya va trombotsitlar agregatsiyasini kamaytirishi hamda aorta tomirlariga vazorelaksant ta’siri bo‘yicha olingan natijalardan Al Farobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universiteti hamda Granada universitetining (Ispaniya) « II tip qandli diabet bilan og‘rigan bemorlarda yurak-qon tomir asoratlarining biomarkerlari sifatida mikroRNK ekspressiyasi va oksidlovchi stress holatini o‘rganish» mavzusidagi loyihada antidiabetik preparatlarning farmakologik xususiyatlarini tavsiflashda qo‘llanilgan (Al Farobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universitetining 2026-yil 14-maydagi №269-son ma’lumotnomasi). Natijada, II tip qandli diabet asoratlarida gemostaz tizimi buzilishlarini korreksiyalashga mo‘ljallangan yuqori samaradorlikka ega antidiabetik preparatlarning yangi turini baholash imkonini bergan;
ANK-1, ANK-2 va ITL-2 polifenol birikmalarining II tip qandli diabetning eksperimental modellarida gemostaz tizimidagi giperkoagulyasion o‘zgarishlar hamda trombotsitlar funksional faolligi buzilishlariga korreksiyalovchi ta’siri bo‘yicha olingan natijalardan Xitoy Fanlar akademiyasi Shinjon fizika va kimyo texnika institutida biologik faol polifenol birikmalarining farmakologik xususiyatlarini aniqlashda foydalanilgan (Xinjiang Technical Institute of Physics and Chemistry, CASning 2026-yil 8-sentyabrdagi № 830000-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur tadqiqotlar Xalqaro fan va texnologiya markazi (ISTC), Xitoy Fanlar akademiyasi hamda Prezidentning xalqaro stipendiya tashabbusi (PIFI) doirasida 2022VBA0051-sonli grant asosida amalga oshirilgan. Natijada biologik faol polifenol birikmalarning II tip qandli diabetda yuzaga keladigan metabolik va gemostaz tizimidagi buzilishlarga ta’sirini baholash hamda antidiabetik va gemostazni modulyasiyalovchi xususiyatlarga ega istiqbolli birikmalarni tanlab olish imkonini bergan;
polisaxarid va polifenollarning antitrombotik xossalari, ularning trombotsitlarda kalsiy transportini ingibirlovchi xossalaridan impakt-faktorga ega xorijiy ilmiy jurnallarda boshqa biologik faol birikmalarning ta’sir mexanizmlarini aniqlashda foydalanilgan (International Journal of Aquatic Research and Environmental Studies 2025, V. 85, Scopus CiteScore 0.5; Trends in Sciences 2025, V. 22, Scopus CiteScore 1.8; Research Journal of Pharmacy and Technology. 2023, V.16 (12), Scopus CiteScore 1.5; Brazilian Journal of Biology, V. 85, Scopus CiteScore 3.2). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi polisaxaridlar va biologik faol birikmalarning hujayralarga ta’sir qilishida kalsiy ion transport tizimlari ishtirokini tavsiflash imkonini bergan;
polisaxarid va polifenol birikmalarning antikoagulyantlik xususiyatlari, shuningdek, ularning gemostaz tizimining ayrim ko‘rsatkichlariga ta’sirini o‘rganish natijalaridan Scopus ma’lumotlar bazasida indeksatsiyalanuvchi xorijiy ilmiy jurnallarda polifenollarning biologik va farmakologik ta’sirlarini tavsiflashda foydalanilgan (International Journal of Aquatic Research and Environmental Studies, 2025, Vol. 85, CiteScore — 0,5; Trends in Sciences, 2025, Vol. 22, CiteScore - 2,4; Plant Science Today, 2026, Vol. 16, №. 12, CiteScore- 0,9, Biomedical and Pharmacology, Scopus CiteScore-1.8;). Olingan natijalardan foydalanish polisaxaridlar va polifenol birikmalarning antikoagulyant va antiagregatsion faolligi hamda ularning gemostaz tizimi funksional ko‘rsatkichlariga ta’sir mexanizmlarida gemostaz tizimining ishtirokini baholash imkonini bergan.