Turdibekov Ilhomjon Maxmud o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Mosh poyasini ildizidan qirqib uyumlash qurilmasini ishlab chiqish va parametrlarini asoslash”, 05.07.01 - “Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.2.PhD/T4940
Ilmiy rahbar: Astanaqulov Komil Dullievich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti, DSc.03/30.12.2019.T.10.01
Rasmiy opponentlar: Mamatov Farmon Murtozevich, texnika fanlari doktori, professor; Qo‘ziev Shaxzod Serobovich, PhD, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mosh poyasini ildizidan qirqib, hosilni uyumlab ketadigan qurilmani ishlab chiqish hamda uning parametrlari va ish rejimlarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
mosh hosilini ildizidan qirqish uchun harakat yo‘nalishiga nisbatan burchak ostida va gorizontal tekislikka parallell joylashgan kesuvchi pichoqlarga va ularning ustida joylashgan uyumlovchi qanotlarga ega qurilma konstruksiyasi ishlab chiqilgan;
mosh ildizlarini qirquvchi pichoqlarning ochilish burchagi tuproqning xossalarini hisobga olgan holda ularning ildizlarni kam qarshilik bilan kesish va bir yonga surib siljitish shartidan aniqlangan;
uyumlovchi qanotlar orasidagi masofa va qanot o‘lchamlari ildizidan qirqilgan mosh poyalarining yonga siljishini ta’minlash hamda traktorning yurish tezligi, qator oralig‘i masofasi va poya o‘lchamlariga bog‘liq holda aniqlangan;
qurilma boshmog‘ining uzunligi uning mosh qator oralarida botmasdan ravon harakatini ta’minlash shartidan, agregatning minimal yurish tezligi va kesuvchi pichoqlarning minimal botish chuqurligi mosh ildizlarini to‘liq qirqish shartidan asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Mosh ekini hosilini ildizdan qirqib uyumlash qurilmasini parametrlarini asoslash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
moshni ildizidan qirqib uyumlab ketadigan qurilmaga dastlabki talab va texnik topshiriq ishlab chiqilgan, tasdiqlangan va loyihalash jarayoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2024-yil 12-noyabrdagi №05/04-04-608-son ma’lumotnomasi). Natijada, traktorlarning old qismiga o‘rnatilgan holda qatorlab ekilgan mosh poyalarini ildizidan qirqib, ikki egatdagi hosilni ortaga uyumlab ketadigan qurlmaning konstruksiyasini ishlab chiqish imkoniyati yaratilgan;
ishlab chiqilgan mosh ekini hosilini ildizdan qirqib uyumlash qurilmasi Jizzax viloyati Zarbdor tumanidagi “Shavkatli Javohir”, “Bunyodkor dala”, “G‘ayrat paxtazori” va “Bo‘ston ekzotika” kabi fermer xo‘jaliklarida xo‘jalik sinovi bajarilib, amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2024-yil 12-noyabrdagi №05/04-04-608-son ma’lumotnomasi). Natijada qurilma mosh hosilini bir ish smenada 14 gektardan 21 gektargacha ish unumi bilan ildizidan to‘liq qirqib yig‘ishtirish va kam nobudgarchilik bilan uyumlab ketish imkonini bergan.
mosh ekini hosilini ildizdan qirqib uyumlash qurilmasini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish uchun loyiha konstruktorlik xujjatlari va hisoblash usullari “AGRIXIM” MChJda loyihalash jarayoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2024-yil 12-noyabrdagi №05/04-04-608-son ma’lumotnomasi). Natijada mosh ekini hosilini ildizdan qirqib uyumlash qurilmasining sanoat nusxasini ishlab chiqarish imkoniyati yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish