Nurimbetov Baxbergen Tolibaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Uch o‘lchovli fraktal tuzilishli obektlarni geometrik modellashtirish”, 05.01.01 – “Muhandislik geometriyasi va kompyuter grafikasi. Audio va video-texnologiyalari”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/T5620
Ilmiy rahbar: Nuraliev Faxriddin Murodillaevich, texnika fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, DSc.09/2025.27.12.T.01.01M.
Rasmiy opponentlar: Xaitov Bafo Usmonovich, texnika fanlari doktori, dotsent; Muxamedieva Dildora Kabilovna, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va harbiy aloqa instituti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: R-funksiya usuli (RFM), takrorlanuvchi funksiya tizimlari (IFS) hamda arifmetik xususiyatli binomial ko‘phadlar yordamida uch o‘lchovli fraktal tuzilishli geometrik modellarni qurish usullarini takomillashtirish va algoritmlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
analitik konstruksiyaviy R-funksiya usuli va takrorlanuvchi funksiya tizimlari usullari asosida uch o‘lchovli fraktal tuzilishli obektlarning geometrik modeli takomillashtirilgan;
R-funksiya usuli va takrorlanuvchi funksiya tizimlari usullari yordamida uch o‘lchovli fraktal tuzilishli obektlarni geometrik modellashtirish algoritmi ishlab chiqilgan;
arifmetik xususiyatli binomial ko‘phadlar asosida uch o‘lchovli fraktal tuzilishli obektlarning geometrik modeli takomillashtirilgan;
arifmetik xususiyatli binomial ko‘phadlar yordamida uch o‘lchovli fraktal tuzilishli obektlarning geometrik modelini qurish algoritmi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Dissertatsiya doirasida uch o‘lchovli fraktal tuzilishli obektlarni geometrik modellashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijasida ishlab chiqilgan algoritmlar va yaratilgan dasturiy vosita asosida:
analitik konstruksiyaviy R-funksiya usuli va takrorlanuvchi funksiya tizimlari asosida uch o‘lchovli fraktal tuzilishli obektlarning takomillashtirilgan geometrik modeli “Elektromagnit moslashuv markazi” DUK Qoraqalpog‘iston Respublikasi Elektromagnit moslashuv xizmatiga joriy qilingan (Raqamli texnologiyalar vazirligining 2025-yil 25-dekabrdagi 33-8/9854-sonli ma’lumotnomasi). Joriy etish natijasida fraktal antennalarning multidiapazonli ishlash xususiyati tajriba asosida tasdiqlanib, antenna sirtining fraktal darajasini oshirish orqali signal uzatish sifati 9–11 % ga yaxshilangan;
R-funksiya usuli va takrorlanuvchi funksiya tizimlari usuli asosida ishlab chiqilgan uch o‘lchovli fraktal obektlarni geometrik modellashtirish algoritmi Raqamli texnologiyalar vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy sho‘basiga joriy qilingan (Raqamli texnologiyalar vazirligining 2025-yil 25-dekabrdagi 33-8/9854-sonli ma’lumotnomasi). Natijada yangi 3D fraktal antenna dizaynlarini yaratish imkoniyati ta’minlanib, tajribalar natijasida signal qabul qilish burchagi 17 % ga kengaytirilgan, bu esa antennaning fazoviy qamrovi va qabul qilish samaradorligini sezilarli darajada oshirgan.