Toshmamatov Nurmirza Tojimirza o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Elektrotexnologik usul asosida pomidorni qayta ishlash jarayonini energiya samaradorligini oshirish”, 05.05.07 – “Qishloq xo‘jaligida elektr texnologiyalar va elektr uskunalar” ixtisosligi (texnika fanlari bo‘yicha).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/T4900
Ilmiy rahbar: Eshpulatov Nodir Mamatqurbonovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti, DSc.03/30.12.2019.T.10.01
Rasmiy opponentlar: Berdishev Abduraxim Suleymanovich, texnika fanlari doktori, professor; Yusupov Dilmurod Turdialievich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi pomidorni qayta ishlash texnologiyasining energiya samaradorligini impulsli elektr maydon texnologiyasi yordamida oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
elektroporatsiya effekti asosida impulsli elektr maydon parametrlarining (solishtirma energiya miqdori, kuchlanish, kondensator sig‘imi va impulslar soni) pomidor mevasidan mahsulot chiqishi va hujayra membranasining o‘tkazuvchanligi o‘rtasidagi funksional bog‘liqlik modeli ishlab chiqilgan;
pomidorga impulsli elektr maydon bilan ishlov berib mahsulot olish jarayoni uchun ko‘p omilli ko‘rsatkichlardan foydalanishning regression modeli ishlab chiqilgan va mahsulot chiqishining dezintegratsiya indeksiga bog‘liqligining ko‘rsatkichlari asoslangan;
pomidorni elektrotexnologik qayta ishlash jarayonining ratsional parametrlari (kuchlanish, sig‘im va impulslar soni) ni energiya sarfi, mahsulot chiqishi va mahsulot sifati mezonlarini hisobga oluvchi model ishlab chiqilgan;
pomidorga elektrofizik ta’sir mexanizmlariga asoslangan impulsli elektr maydon bilan ishlov berib, energiya samarador pomidorni qayta ishlashning elektrotexnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Pomidor mevasini qayta ishlash jarayonida energiya samarador impulsli elektr maydon texnologiyasi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
pomidor mevasiga qayta ishlashdan oldin impulsli elektr maydon bilan ishlov berish qurilmasi Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani “Tip-Top Agro” MChJ korxonasida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 11-noyabr 05/04-04-774-sonli ma’lumotnomasi). Natijada pomidor mevasi mahsuloti ishlab chiqarishda elektr energiya sarfi 35-40 foizga kamayish imkoni yaratilgan;
pomidorni qayta ishlashning energiya tejamkor elektrotexnologiyasi va texnik vositasi Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani “Tip-Top Agro” MChJ korxonasida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 11-noyabr 05/04-04-774-sonli ma’lumotnomasi). Natijada pomidor mahsuloti ishlab chiqarish mavjud texnologiyaga nisbatan 3-5 foizga oshishi imkonini bergan va 264 514 752 so‘m iqtisodiy samaradorlikka erishilgan.