Aqchaev Farrux Shavkatovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «Jizzax vohasi muqaddas qadamjolari va ziyoratgohlari», 07.00.07–Etnografiya, etnologiya va antropologiya (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2018.3.PhD/Tar365.
Ilmiy rahbar: Ashirov Adhamjon Azimboevich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jizzax davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti. DSc.02/30.12.2019.Tar.56.01.
Rasmiy opponentlar: Doniyorov Alisher Xudayberdievich, tarix fanlari doktori professor; Abdulahatov Nodirjon Uraimovich tarix fanlari nomzodi dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Jizzax vohasining qadamjolari va ziyoratgohlarini etnografik materiallar asosida ularning etnolokal xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:        
Jizzax vohasi ziyoratgohlarining shakllanishi (tarixiy shaxslar, tabiat mo‘jizalari, hayvonlarni muqaddaslashtirish), joylashuvi (tog‘li, tog‘oldi va tekislik) hamda ziyoratchilarning ijtimoiy tarkibi (ma’lum kasb egalari, ayollar va yoshlar)ga ko‘ra tasnifiy xususiyatlari ochib berilgan;
ziyoratgohlarda umumo‘zbek madaniyatiga xos jihatlar bilan birga hududiy-lokal marosimlar (Poda qo‘shish, Avlodlar uchrashuvi), marosim taomlari (umoch oshi, sutli va sut aralashtirib tayyorlanadigan taomlar) va turli atributlarning struktural-cemantik funksiyalari aniqlangan;
voha qadamjo va ziyoratgohlaridagi tabiat ob’ektlari (buloqlar, daraxtlar, tosh va g‘orlar hamda jonivorlar)ni himoya qilishi bilan bog‘liq mifologik qarashlar va inonchlar mintaqada “etnoekologik qo‘riqxona” tarzidagi munosabatga sabab bo‘lganligi asoslab berilgan;
Jizzax viloyatida joylashgan ziyoratgohlar IT texnologiyalari asosida raqamlashtirilib, ularning elektron bazasi, xaritasi va mobil` ilova dasturi yaratilgan hamda yangi sayyohlik yo‘nalishlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Jizzax vohasi muqaddas qadamjolari va ziyoratgohlari bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
Jizzax vohasi muqaddas qadamjolari va ziyoratgohlarining tarixi, ularda mavjud maqbara va inshootlarning me’moriy tuzilishi, vohadagi ziyoratgohlar bilan bog‘liq afsona va rivoyatlarni o‘rganish bo‘yicha amalga oshirilgan etnografik tadqiqotlar asosida yig‘ilgan ma’lumotlardan Xalqaro “Oltin meros” xayriya  jamoat fondi Jizzax viloyat muassasasi tomonidan aholining Jizzax vohasi madaniy meros ob’ektlariga bo‘lgan munosabatini shakllantirish maqsadida buklet, tarqatma materiallar va fotoal`bom tayyorlash hamda xududiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondining 2019 yil 8 oktyabrdagi 01-41-son ma’lumotnomasi).  Bu natijalar madaniy merosni saqlash, aholi o‘rtasida nomoddiy va moddiy madaniyatga bo‘lgan munosabatni yanada yuksaltirish, ularni kelajak avlodga etkazish va milliy merosni keng miqyosda targ‘ib qilishda muhim manbaviy asos bo‘lib xizmat qilgan;
Jizzax vohasi muqaddas qadamjolari va ziyoratgohlarining geografik o‘rni, ularning tasnifi, ziyoratgohlarga nomi berilgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘rganish hamda ichki turizmni rivojlantirish imkoniyatlari bo‘yicha amalga oshirilgan tadqiqot natijalaridan O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Jizzax viloyati hududiy bo‘limi tomonidan ziyorat turizmi yo‘nalishlarini tashkil qilishda foydalanilgan (Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2019 yil 18 oktyabrdagi 05-22/7654-son ma’lumotnomasi). Bu esa Jizzax viloyatida tashqi va ichki turizmni rivojlantirish, mintaqada ziyorat turizmi bo‘yicha yangi yo‘nalishlarni ochilishiga manbaviy asos bo‘lgan;
muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar tarixi, ziyoratgohlar bilan bog‘liq xalqona qarashlarning jamiyat ma’naviy hayotida tutgan o‘rni, vohada ziyorat turizmini tashkil etish imkoniyatlariga oid ma’lumotlardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Dunyo bo‘ylab” telekanali “Tafsilot” va “Telesayohat” ko‘rsatuvlarining Jizzax viloyatiga bag‘ishlangan maxsus sonlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Dunyo bo‘ylab” telekanali DUKning 2019 yil 8 oktyabrdagi 08-14-406-son ma’lumotnomasi). Bu ilmiy natijalarning qo‘llanilishi keng jamoatchilikka Jizzax vohasi muqaddas qadamjolari va ziyoratgohlari tarixi hamda ularda o‘tkaziladigan marosimlar bilan bog‘liq ma’lumotlarni etkazishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish