Raxmatov Uchkun Ergashevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Integrativ yondashuv asosida “Biologiyadan masala va mashqlar echish” fanini o‘qitish metodikasini takomillashtirish”, 13.00.02 - Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (biologiya).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.1.DSc/Ped968.
Ilmiy rahbar: Jumanov Muratbay Arepbaevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpoq davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Qoraqalpoq davlat universiteti huzuridagi PhD.03/2025.27.12.B.04.09.M raqamli Ilmiy kengash asosidagi bir martalik Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: No‘ho‘taev Xo‘shboq Bobonazarovich, pedagogika fanlari doktori, professor, Matniyazova Xilola Xudaybergenovna, biologiya fanlari doktori, professor; Isakulova Nilufar Janikulovna, pedagogika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: integrativ yondashuv asosida biologiyadan masala va mashqlar echish orqali bo‘lajak biologiya o‘qituvchilarining kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
biologik ta’lim tizimida masala va mashqlar echish fanining pedagogik imkoniyatlari integrativ yondashuv nuqtayi nazaridan kompetensiyaviy ta’lim paradigmasi doirasida qayta konseptuallashtirilib, u bo‘lajak biologiya o‘qituvchisining mantiqiy, tahliliy, tadqiqotchilik va fanlararo fikrlash kompetensiyalarini kompleks rivojlantiruvchi integrativ didaktik tizim sifatida ilmiy jihatdan aniqlashtirilgan;
biologiyadan masala va mashqlar echishda fanlararo integratsiya asosida didaktik ta’minotni takomillashtirish mexanizmlari ishlab chiqilib, unda biologiya fanining genetika, ekologiya, evolyusiya, bioinformatika va raqamli biologiya komponentlarini sinxron va asinxron uyg‘unlashtirishga yo‘naltirilgan integrativ mazmundagi masala va mashqlarni tanlash, tizimlashtirish va quantitativ jihatdan tahlil qilish orqali adekvat tarzda pedagogik jihatdan takomillashtirilgan;
talabalarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan biologik masala va mashqlar tizimi kompetensiyaviy, kontekstual va adaptiv yondashuvlar asosida oddiydan murakkabga, nazariyadan amaliyotga yo‘naltirilgan o‘quv faoliyatini tashkil etishning individual, differensial va hamkorlikka asoslangan shakllarini metodik optimallashtirish orqali empirik jihatdan asoslangan holda takomillashtirilgan;
biologik masala va mashqlar echish jarayonida kasbiy kompetensiyalarning o‘zaro bog‘liqligini ta’minlovchi nazariy-funksional model integrativ yondashuv va 5I modeli (Integratsiya, Inversiya, Innovatsiya, Immersiya, Interpretatsiya) asosida ishlab chiqilib, u talabalarning bilimlarni fanlararo kontekstda qo‘llash, muammoli vaziyatlarni tahlil qilish, reflektiv va tadqiqotchilik faoliyatini amalga oshirish tizimli shakllantirish orqali takomillashtirilgan;
integrativ mazmundagi biologik masala va mashqlarning o‘quv jarayoniga ta’sirchanligini baholash mezonlari ishlab chiqilib, ularning samaradorligi kasbiy-metodik kompetensiyalarning shakllanish dinamikasi, talabalarning mantiqiy-tahliliy fikrlashi, muammoli vaziyatlarni bartaraf etish hamda tadqiqotchilik faoliyati ko‘rsatkichlari asosida pedagogik tajriba-sinov va matematik-statistik tahlillar orqali ilmiy jihatdan asoslangan va takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Integrativ yondashuv asosida biologiyadan masala va mashqlar echish fanini o‘qitish metodikasini takomillashtirishga oid tadqiqot natijalari asosida quyidagi yo‘nalishlarda amaliyotga joriy etilgan:
biologiya ta’limini tashkil etishda masala va mashqlar echish jarayonini fanlararo integratsiya, kompetensiyaviy va faoliyatga yo‘naltirilgan yondashuvlar asosida tashkil etishga doir ishlab chiqilgan didaktik tamoyillar, metodik tavsiyalar hamda integrativ o‘quv topshiriqlari oliy ta’lim muassasalarining biologiya yo‘nalishida tahsil olayotgan bakalavriat talabalari uchun o‘quv jarayonida foydalanishga oid tavsiyalar “Biologiya o‘qitish metodikasi” darsligi, shuningdek “Biologiyadan masala va mashqlar echish” va “Biologiya o‘qitish metodikasi” o‘quv qo‘llanmalari mazmuniga singdirilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazining 2026-yil 23-fevraldagi № 02/01-01-123-son ma’lumotnomasi). Natijada talabalarning biologik bilimlarni amaliy vaziyatlarda qo‘llash, muammoli masalalarni tahlil qilish va fanlararo fikrlash kompetensiyalarini rivojlantirish imkoniyati kengaygan;
biologiyadan masala va mashqlar echish fanining mazmunini kompetensiyaviy yondashuv asosida qayta loyihalashga doir ishlab chiqilgan integrativ masalalar tizimi, jumladan genetik, ekologik, evolyusion va molekulyar-biologik mazmundagi kontekstual masalalar oliy ta’lim muassasalarida biologiya fanlarini o‘qitish, quantitativ jihatdan tahlil qilish jarayoniga oid taklif va tavsiyalari “Biologiyadan masala va mashqlar echish” darsligi, “Biologiyadan olimpiada masalalarini echish metodikasi” o‘quv qo‘llanmasi hamda “Raqamli biologiya” elektron o‘quv qo‘llanmasi mazmuniga singdirilgan. (Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining 2026-yil 14-martdagi № 11-05-1457/04-son ma’lumotnomasi). Natijada talabalarning mantiqiy-tahliliy fikrlashi, tadqiqotchilik faoliyati va kasbiy-metodik tayyorgarligi bosqichma-bosqich rivojlangan;
biologiyadan masala va mashqlar echish metodikasini takomillashtirishga yo‘naltirilgan nazariy-funksional model hamda 5I modeli (Integratsiya, Inversiya, Innovatsiya, Immersiya, Interpretatsiya) asosida ishlab chiqilgan metodik mexanizmlar biologiya fanidan auditoriya mashg‘ulotlari, mustaqil ta’lim va amaliy mashg‘ulotlar jarayonida sinovdan o‘tkazilganligiga oid tavsiyalar “Reshenie zadaniy i zadach po biologii” darsligi, shu nomdagi o‘quv qo‘llanmalari hamda “Masala va mashqlar orqali umumiy o‘rta ta’lim maktablari biologiya o‘qituvchilarining kasbiy kompetentligini takomillashtirish” nomli monografiya mazmuniga singdirilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazining 2026-yil 23-fevraldagi № 02/01-01-123-son ma’lumotnomasi). Natijada talabalarning biologik bilimlarni fanlararo kontekstda qo‘llash, muammoli vaziyatlarni hal etish va reflektiv faoliyatni amalga oshirish ko‘nikmalari samarali shakllangan;
integrativ yondashuv asosida biologiyadan masala va mashqlar echish jarayonini tashkil etishga doir ishlab chiqilgan o‘quv-metodik ta’minot, jumladan darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, raqamli ta’lim resurslari va masalalar banki biologiya ta’limi jarayoniga bosqichma-bosqich joriy etilganligi haqidagi taklif va tavsiyalar “Biologiyani o‘qitish texnologiyalari va loyihalashtirish” darsligi hamda “Biologiya (Genetikadan masalalar echish metodikasi)” o‘quv qo‘llanmasi mazmuniga singdirilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazining 2026-yil 23-fevraldagi № 02/01-01-123-son ma’lumotnomasi). Natijada biologiya fanini o‘qitish jarayonining didaktik ta’minoti boyitilib, o‘quv mashg‘ulotlarining amaliy yo‘naltirilganligi va samaradorligi oshirilgan;
integrativ mazmundagi biologik masala va mashqlarning o‘quv jarayoniga ta’sirchanligini baholash mezonlari asosida olib borilgan pedagogik tajriba-sinov ishlari natijalari biologiya fanini o‘qitish metodikasini takomillashtirishga oid tavsiyalar “Evolyusion ta’limot” darsligi va “Genetika va seleksiya asoslari (seleksiya)” o‘quv qo‘llanmalari mazmuniga singdirilgan. (Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining 2026-yil 14-martdagi № 11-05-1457/04-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyalar oliy ta’lim muassasalarida biologiya o‘qituvchilarini tayyorlash va ularning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan o‘quv jarayonida amaliy ahamiyat kasb etgan.