Raximov Abdulla Abdimurod o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Bufer qatlamlar sirtida o‘lchamlari boshqariladigan Ni nanozarrachalari shakllanish jarayonlari va ularning uglerod nanonaychalari sinteziga ta’siri”, 01.04.04 – Fizik elektronika (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/FM1367.
Ilmiy rahbar: Adilov Muxammadjon Masharibovich, f.-m.f. PhD. katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: U.A. Arifov nomidagi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti, DSc.05/25.27.12.FM/T.09.01
Rasmiy opponentlar: Raxmanov G‘aniboy Todjievich, fizika-matematika fanlari doktori, professor. Shaymardanov Zafar Shapaatovich, fizika-matematika fanlari falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: Bufer qatlamlar sirtida o‘lchamlari nazorat qilinadiga Ni nanozarrachalari shakllanish jarayonlarini o‘rganish, optimal holatlarni aniqlash va ularning uglerod nanonaychalari sintezidagi katalitik faolligini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor qisqa vaqt oraliqlarida TiO2 va SiO2 bufer qatlamlari sirtida bug‘ fazadan Ni o‘stirilishi natijasida, sirtda Volmer-Veber o‘sish mexanizmi asosida uch o‘lchovli nanozarrachalar shakllanishi aniqlanib, ularning o‘lchamini bufer qatlami qalinligi bilan boshqarish mumkinligi ko‘rsatildi;
ilk bor TiO2/Si taglik namunasida taglik haroratiga bog‘liq ravishda bug‘ fazadan Ni shakllanish jarayonlari o‘rganilib, harorat ortib borishi bilan mos ravishda zarrachalar birikib, yiriklashishi aniqlandi;
Ni nanozarrachalari shakllanishi bug‘latish vaqtiga bog‘liq holda o‘rganilib, bug‘latish vaqti ortib borishi bilan nanozarrachalar o‘lchami ortib borishi, sirtiy zichligi esa kamayib borishi aniqlandi. Qisqa (5s) bug‘latish vaqtida TiO2 va SiO2 bufer qatlamlar sirtida sferik shakldagi yuqori zichlikdagi Ni nanozarrachalari shakllanishi aniqlandi;
ilk bor Ni/SiO2/Si va Ni/TiO2/Si namunalari sirtida uglerod nanonaychalari sintez qilinib, reaksiya haroratining 500 oC qiymatida nanonaychalar shakllanmasligi va sirtni amorf uglerod qoplashi yuqori 950 oC sintez haroratida esa nanonaychalarda nuqson ortganligi va 700 oC sintez haroratida yuqori darajada kristallangan ko‘p devorli uglerod nanonaychalari (KDUNN) shakllanganligi aniqlandi.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Kremniy sirtida TiO2 va SiO2 bufer qatlamlarini o‘stirish va ularning bug‘ fazadan Ni nanozarrachalari shakllanishiga ta’siri bo‘yicha olingan ilmiy natijalar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo institutida O‘zbekiston–Turkmaniston ilmiy hamkorligi doirasida 2024–2025-yillarda bajarilgan AL-7623031231-R1 - «Siklopentadienil temir dikarbonil dimer asosida uglerodli nanonaylar sintez qilish va ularning fizik-kimyoviy xususiyatlarini o‘rganish» mavzusidagi fundamental loyihani bajarishda amaliyotga joriy etilgan (O‘zR FA ning 2025-yil 24-dekabrdagi № 4/1255-3278-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish, siklopentadienil temir dikarbonil dimer (organometallik birikma) asosida nanonaychalarning katalitik sintezida taglik sirtida TiO2 va SiO2 yupqa bufer qatlamlarni o‘stirish orqali Fe katalizator zarrachalarini yadrolanish mexanizmi va o‘lchamini boshqarish asosida yuqori sifatli uglerod nanonaylari sintez qilish imkonini bergan.
Ni/TiO2/Si va Ni/SiO2/Si namunalari sirtida bug‘ fazadan kimyoviy o‘stirish orqali uglerod nanonaychalari sintez qilish va reaksiya haroratining nanonaychalar strukturasi, sifati va morfologiyasiga ta’sirini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar “Armatura-Izolyator zavodi (AIZ)” MChJ qo‘shma korxonasida 2023–2025-yillarda bajarilgan “Kremniyorganik polimer asosli IPP-10/1000-8A UHL1 va LK 70/10-3 UXL1 yuqori kuchlanish izolyatorlar samaradorligini oshirish” mavzusidagi amaliy loyihani bajarishda foydalanilgan (“AIZ” MChJ shaklidagi qo‘shma korxonasining 2025-yil 7-oktyabrdagi № 179-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish IPP-10/1000-8A va LK 70/10-3 tipdagi kremniyorganik polimer asosli yuqori kuchlanish izolyatorlari tayyorlashda yuqori sifatli uglerod nanonaychalarini kerakli miqdor va dispersiyada qo‘llash izolyatorlarning agressiv muhit, tashqi ta’sirlar hamda mexanik kuchlanishlarga chidamliligini oshirishga imkon bergan.