Umirzoqova Oydinoy Turg‘un qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy darajalar beriladigan fan tarmog‘i): «Ba’zi 3d-metallarni tiosemikarbazid va karbon kislotalar bilan kompleks birikmalarining sintezi, tuzilishi va xossalari», 02.00.01 – Noorganik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4PhD/K863.
Ilmiy rahbar: Nuralieva Go‘zal Abduhamidovna, kimyo fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/2025.27.12.K.01.13.M.
Rasmiy opponentlar: Kadirova Zuxra Chingizovna, kimyo fanlari doktori, professor; Ibodulloeva Mavjuda Ibodulloevna, kimyo fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent farmatsevtika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: ba’zi 3d-metallarni karbon kislotalar va tiosemikarbazid bilan kompleks birikmalarining sintezi, tuzilishi va xossalarini tadqiq qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Mn(II), Co(II), Ni(II), Cu(II), Zn(II) tuzlarining tiosemikarbazid va malon, qahrabo, glutar, adipin kislotalar asosida 20 ta kationli va limon kislota bilan 5 ta kation-anionli kompleks birikmalar sintez qilingan;
rentgen tuzilish tahlili usuli bilan [Co(Sk)3]HMal(NO3)2·H2O oktaedr, [Cu(Sk)2](HQah)2, [Ni(Sk)2](HQah)2 tekis kvadrat, [Ni(Sk)2(H2O)2](NO3)2, [Co(Sk)3]2[Co(HLim)2](NO3)4·4H2O birikmalarning molekulyar va kristall tuzilishlari isbotlangan;
kvant-kimyoviy hisoblashlar asosida kompleks birikmalarning elektron tuzilishi, energetik va geometrik parametrlari, atomlarning zaryad taqsimoti hisoblangan, HOMO va LUMO energiya qiymatlariga asoslanib kompleks birikmalarning reaksion qobilyati hamda kimyoviy barqarorligi quyidagi qatorda o‘zgarishi [Co(Sk)3]HAdp(NO3)2 ˃ [Co(Sk)3]HGlu(NO3)2 ˃ [Co(Sk)3]HQah(NO3)2 ˃ [Co(Sk)3]HMal(NO3)2·H2O aniqlangan;
sintez qilingan kompleks birikmalar molekulyar doking usulida korroziyani keltirib chiqaruvchi bakteriyalarlarning (Bacillus cereus, Pseudomonas) va zamburug‘lar (Pseudoalteromonas phenolica, Pseudoalteromonas shioyasakiensis) tegishli oqsil molekulalari o‘rtasidagi bog‘lanish energiyalari [Ni(Sk)2(HQah)2 Gbinding=-11.6 kkal/mol va [Co(Sk)3]HQah(NO3)2 Gbinding=-11.3 kkal/mol ga teng, shuningdek, kompleks birikmalar Pseudoalteromonas phenolica zamburug‘lariga tegishli oqsil molekulalariga nisbatan nazariy jihatdan biologik faolligi yuqori ekanligi CB-Dock2 dasturida aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tiosemikarbazid va karbon kislotalarni 3d-metallar bilan yangi biologik faol kompleks birikmalarining sintezi va fizik-kimyoviy hamda biologik xossalarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
[Ni(Sk)2](HQah)2, [Ni(Sk)2(H2O)2](NO3)2 tarkibli komplekslarning rentgen tuzilish tahlil natijalari Kembridj kristallografik ma’lumotlar bazasiga kiritilgan (The Cambridge Structural Data base, CCDC 2163660, 2163758). Natijada bu sintez qilingan birikmalarga o‘xshash yangi kimyoviy birikmalarni sintez qilish va tuzilishini tavsiflash imkonini bergan;
kobalt (II) va nikel (II) tuzlarining tiosimekarbazid bilan kompleks birikmalari “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MChJ da amaliyotga joriy etilgan (“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MChJ ning 2022-yil 28-apreldagi 026/1653-son ma’lumotnomasi). Natijada ishlab chiqilgan korroziya ingibitorining tajribaviy-laboratoriya sinovlari mahalliy va xorijiy brendlarning mavjud ingibotorlari bilan taqqoslaganda ijobiy natijalarga erishildi – himoya taʼsiri 75-79% ga teng ekanligi aniqlangan.