Gaybiev Akmaljon Axmadjonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bolalardagi o‘tkir poliradikulonevritlarda kuzatiladigan immunologik ko‘rsatkichlar tahlili va takomillashtirilgan davosi», 14.00.13–Nevrologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Tib485.
Ilmiy raxbar: Djurabekova Aziza Taxirovna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti, DSc.27.06.2017.Tib.31.01.
Rasmiy opponentlar: Raximbaeva Gulnora Sattarovna, tibbiyot fanlari doktori, professor; Raimova Malika Maxamedjanovna, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti.
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: poliradikulonevrit bilan kasallangan bolalarda immunogenetik va immunologik jarayonlar kechishini baholash va davolash tamoyillarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor bolalardagi birlamchi o‘tkir poliradikulonevritlarda patogen HLA antigenlarning mavjudligi hisobga olingan holda kasallikning irsiy xususiyatga ega ekanligi isbotlangan;
poliradikulonevrit bilan kasallangan bolalarda GM1 va GD1b gangliozidlariga qarshi autoantitelalarning ortib ketishi to‘qima immunitetiga salbiy ta’sir qilgan holda demielinizatsiya jarayonining kuchayishiga sabab bo‘lishi aniqlangan;
poliradikulonevritlarda yuzaga keluvchi immunologik jarayonlar (GM1 va GD1b gangliozidlariga qarshi autoantitelalar) bilan organizmda yuz beradigan motor-sensor va vegetativ o‘zgarishlar, shuningdek neyrofiziologik ko‘rsatkichlar orasidagi mutanosiblik isbotlangan;
o‘tkir poliradikulonevrit bilan kasallangan bolalarga sitostatiklar qo‘llash yo‘li bilan kompleks davolash chora-tadbirlari takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Bolalarda kuzatiladigan o‘tkir poliradikulonevrit kasalligini immunogenetik va immunologik tashxislash va davolash tizimini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Poliradikulonevritlar (etiopatogenezi, klinikasi, diagnostikasi, davolash taktikasi)» mavzusida uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 4 dekabrdagi 8n-d/258-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma poliradikulonevritlarni erta aniqlash va davolash, og‘ir asoratlarning oldini olish samaradorligini oshirish imkonini bergan.
bolalardagi o‘tkir poliradikulonevrit kasalligini tashxislash va davolash samaradorligini oshirish maqsadida olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan Samarqand davlat tibbiyot instituti 1-klinikasi bolalar asab kasalliklari bo‘limi, Samarqand shahar bolalar kasalxonasi hamda viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiy markazi amaliyotiga joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 18 fevraldagi 8n-z/26-son ma’lumotnomasi). Olingan tadqiqot natijalarining klinik amaliyotga joriy qilinishi PRNli bemorlarni davolash samaradorligini oshirish, nogironlik va o‘lim ko‘rsatkichlarini kamaytirish hamda bemorlar hayot sifatini yaxshilashga xizmat qilgan.