Ziyadullaev Maxmudjon Djurakulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda yoshga doir pensiya tizimi va uning huquqiy asoslarini takomillashtirish», 12.00.05–Mehnat huquqi. Ijtimoiy ta’minot huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Yu248.
Ilmiy rahbar: Usmanova Muborak Akmaldjanovna, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi Harbiy-texnik instituti, DSc.30.08.2018.Yu.74.01.
Rasmiy opponentlar: Kamalov Oybek Axmatovich, yuridik fanlar doktori, dotsent; Sattarova Gulnoza Djurakulovna, yuridik fanlar nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonda yoshga doir pensiya tizimi va uning huquqiy asoslarini takomillashtirish bilan bog‘liq huquqiy munosabatlarni kompleks tahlil qilish asosida pensiya ta’minoti sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish va huquqni qo‘llash amaliyotining samaradorligini ta’minlash bo‘yicha ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sud`yalarni va prokuratura organlarining darajali unvonlarga (harbiy unvonlarga) ega bo‘lgan xodimlarini, shuningdek ularning oila a’zolarining pensiya ta’minotini alohida tartib asosida belgilash asoslab berilgan;
pensiya tayinlash uchun etarlicha ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslarga yoshga doir pensiyalar kamida 7 yil ish staji mavjud bo‘lgan taqdirda, bor stajga mutanosib miqdorda tayinlash asoslab berilgan;
chet elda yollangan holda ishlovchi shaxs pensiya bilan ta’minlanish miqdoridan kelib chiqib, Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari miqdorini mustaqil ravishda, biroq yiliga Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lash sanasida qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining to‘rt yarim barobari miqdorda belgilash mumkinligi asoslantirilgan;
ish staji to‘g‘risidagi hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, mehnat faoliyati davrlarini belgilash haqidagi; ish stajini tasdiqlovchi hujjatning tegishlilik faktini belgilash haqidagi; ish o‘rinlarining attestatsiya qilinganligi to‘g‘risidagi hujjatlar mavjud bo‘lmaganda, o‘ta zararli va o‘ta xavfli mehnat sharoitlarida ishlaganlik faktini belgilash haqidagi; pensiya jamg‘armasining pensiya tayinlash bo‘yicha komissiyasining pensiya tayinlashni rad etish, pensiyani bir turdan boshqa turga o‘tkazishni rad etish, pensiyadan chegirmalar qilish to‘g‘risidagi qarorlarini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi davlat pensiya ta’minotiga oid huquqni amalga oshirish bilan bog‘liq ishlar sudda ko‘rilishi mumkinligi asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonda yoshga doir pensiya tizimi va uning huquqiy asoslarini takomillashtirish tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
sud`yalarni va prokuratura organlarining darajali unvonlarga (harbiy unvonlarga) ega bo‘lgan xodimlarini, shuningdek ularning oila a’zolarining pensiya ta’minoti to‘g‘risidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasining 1993 yil 3 sentyabrdagi 938-XII-son «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonunining 5-moddasida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2016 yil 5 dekabrdagi 02/3-267-1164-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar sud`yalarni va prokuratura organlarining darajali unvonlarga (harbiy unvonlarga) ega bo‘lgan xodimlarini, shuningdek ularning oila a’zolarini pensiya bilan ta’minlash shartlari, normalari va tartibini takomillashtirishga xizmat qilgan;
ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi pensiya tayinlash to‘g‘risidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasining 1993 yil 3 sentyabrdagi 938-XII-son «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonunining 8-moddasida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2017 yil 29 martdagi 04/3-09-190-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar pensiya tayinlash uchun etarlicha ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslarga yoshga doir pensiyalarni mutanosib ravishda tayinlashni qonun hujjatlarida mustahkamlanishiga xizmat qilgan;
chet elda yollangan holda ishlayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining pensiyasini hisoblash uchun olinadigan ish stajini va ish haqi miqdorini hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 22 fevraldagi 46-son qarori bilan tasdiqlangan «Chet elda ishlayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda ish vaqtini hisobga olib bo‘lmaydigan shaxslarning ayrim toifalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lash tartibini, shuningdek ularning pensiyani hisoblash uchun olinadigan ish stajini va ish haqi miqdorini hisobga olish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 8-bandida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi apparatining 2019 yil 29 yanvardagi ShD/30-02-32-88-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar chet elda yollangan holda ishlovchi shaxslarning pensiya bilan ta’minlanishiga xizmat qilgan;
davlat pensiya ta’minoti bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 2017 yil 29 noyabrdagi 44-son «Davlat pensiya ta’minoti bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida»gi qarorining 5-bandida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2019 yil 15 martdagi b/n-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar davlat pensiya ta’minotiga oid huquqni amalga oshirish bilan bog‘liq ishlar sudda ko‘rilishini ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qilgan.