Xonnazarov Ro‘zimuhammad Abdiqahorovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Xalq tabobatini davlat tomonidan huquqiy tartibga solish va boshqarish», 12.00.02–Konstitusiyaviy huquq. Ma’muriy huquq. Moliya va bojxona huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.DSc/Yu57.
Ilmiy maslahatchi: Toshqulov Jo‘raboy O‘rinboevich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, DSc.27.06.2017.Yu.23.01.
Rasmiy opponentlar: Tursunov Axtam Salomovich, yuridik fanlar doktori, professor; Ismailova Gulnoza, yuridik fanlar doktori, dotsent; Jo‘raev Baxrom Ishmirzaevich, yuridik fanlar doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonda xalq tabobatini davlat tomonidan huquqiy tartibga solish va boshqarishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish hamda xalq tabobatiga oid munosabatlar ishtirokchilari va davlat manfaatlarini uyg‘unlashtiruvchi qonunchilik tizimini yaratish bo‘yicha asoslantirilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
xalq tabobati sohasini samarali tartibga solishni tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida malakali tabiblar, professional shifokorlar, xalq tabobati sohasida izlanishlar olib borayotgan shaxslar, huquqshunoslar va boshqa kasb egalaridan iborat bo‘lgan Kengash tashkil etish zarurati asoslantirib berilgan;
tabiblar xizmatlarini ilgari surish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ma’naviy va boshqa nomoddiy ehtiyojlarini qondirish maqsadida tabiblar uyushmasini tashkil etishning zarurati asoslantirilgan;
xalq tabobati mutaxassislari tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar oqibati uchun qonun hujjatlarida tibbiyot xodimlariga nazarda tutilgan asos va hajmda javobgarlik belgilash zarurligi asoslangan;
xalq tabobati usulida xizmat ko‘rsatish faoliyatini lisenziyalash tibbiy faoliyatni lisenziyalash uchun belgilangan tartibda amalga oshirilishi, bunda xalq tabobati mutaxassisiga tibbiy ma’lumot to‘g‘risida diplom mavjudligi talabini qo‘ymaslik zarurati asoslab berilgan;
vakolatli organ huzurida xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatish faoliyatini lisenziyalash bo‘yicha maxsus komissiya tuzish va Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasining Yagona interfaol davlat xizmatlari portali orqali lisenziya berishni tashkil etish maqsadga muvofiqligi asoslangan;
o‘zbek xalq tabobati boy ilmiy-amaliy merosini qayta tiklash va yanada rivojlantirish maqsadida jahonda tibbiyot ilmining asoschisi, “Avisenna” nomi bilan tanilgan Abu Ali ibn Sino tug‘ilgan Buxoro viloyatining Peshku tumani Afshona qishlog‘ida xalq tabobati markazini tashkil etish zarurligi asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Xalq tabobatini davlat tomonidan huquqiy tartibga solish va boshqarish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
xalq tabobati sohasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishga malakali tabiblar, professional shifokorlar, xalq tabobati sohasida izlanishlar bilan shug‘ullanuvchi shaxslar, huquqshunoslar va boshqa kasb egalarini jalb qilish hamda tabiblar o‘z-o‘zini boshqaruvini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3968-son Qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobatini rivojlantirish ustuvor chora-tadbirlari dasturining 8 va 9-bandlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Huquqiy ekspertiza, xalqaro shartnomalar va tashqi aloqalarni rivojlantirish boshqarmasining 2018 yil 14 noyabrdagi 12/1-3772-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar xalq tabobati sohasini samarali huquqiy tartibga solish va tabiblar manfaatlarini huquqiy himoya qilishga xizmat qilgan;
xalq tabobati mutaxassisini tibbiy xizmat ko‘rsatish natijalari bo‘yicha tibbiyot xodimlari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asos va hajmda javobgarlikka tortish haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3968-son Qarorining 1-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutining 2018 yil 15 noyabrdagi 01/1-718-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif asosida xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi shaxslarning javobgarligi belgilangan;
xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatish faoliyatini lisenziyalash bo‘yicha maxsus komissiya tuzish va uning interfaol xizmat ko‘rsatishi to‘g‘risidagi takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 10 yanvardagi 15-son Qarori bilan «Tibbiy faoliyatni lisenziyalash tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 4 va 10-bandlariga kiritilgan o‘zgartishlarni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2019 yil 25 fevraldagi 12/18-14-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida maxsus komissiya tuzishga, xalq tabobati mutaxassislariga lisenziya berishni samarali va qulay tashkil etishga sharoit yaratgan;
o‘zbek xalq tabobatining boy ilmiy-amaliy merosini o‘rganish va yanada rivojlantirish maqsadida Buxoro viloyatining Peshku tumani Afshona qishlog‘ida Xalq tabobati markazini barpo etish to‘g‘risidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 maydagi 350-f-son farmoyishini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ta’lim, sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya va sport malalari axborot-tahlil departamentining 2018 yil 16 iyuldagi 14/1-350-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif o‘zbek xalq tabobatini yanada kengroq o‘rganish va targ‘ib qilishga xizmat qilgan.