Tojiboeva Shaxzoda Xoldorjon qizining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Yuz tasviri asosida his-tuyg‘ularni tasniflash algoritmlari”, 05.01.03 – “Informatikaning nazariy asoslari” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/T5877
Ilmiy rahbarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Niyozmatova Nilufar A’loxanovna, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti va Namangan davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti, DSc.03/26.05.2022.T.10.05.
Rasmiy opponentlar: Radjabov Sobirjon Sattorovich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Mamaraufov Odil Abdixamitovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent. 
Yetakchi tashkilot nomi: Namangan davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi shaxsni yuz tasviri asosida uning his-tuyg‘ularini aniqlash  algoritmlari va dasturiy majmuasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
yuz qismlari xossa va xususiyatlarini inobatga olgan holda his-tuyg‘ularni aniqlash uchun belgilarni shakllantirish algoritmi ishlab chiqilgan;
his-tuyg‘ular sinflari o‘xshashliklarini inobatga olgan holda ularni tanib olish qoidasi ishlab chiqilgan;
yuz tasviridagi xalaqitlarni inobatga olgan holda yuz bo‘laklari bo‘yicha tanib olish algoritmi ishlab chiqilgan;
shaxsni yuz tasviri asosida his-tuyg‘ularini aniqlashning neyron tarmoq modeli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Shaxsni yuz tasviri asosida his-tuyg‘ularni tasniflash yondashuv va algoritmlarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalarni amaliy qo‘llanilishi quyidagilardan iborat:
yuz tasviri asosida his-tuyg‘ularni tanib olish uchun belgilar fazosini shakllantirish algoritmi shakllantirilgan, shuningdek uning asosida ishlab chiqilgan dasturiy majmua Namangan viloyati Chust tumani Qo‘riqlash boshqarmasi amaliy faoliyatiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Namangan viloyati hokimligining 2025-yil 15-oktyabrdagi 02/10-4677-son ma’lumotnomasi). Natijada qo‘riqlash xizmati xodimlari tomonidan fuqaroning hissiy holatini aniqlash va baholash jarayoniga sarflanadigan vaqt o‘rtacha 10%ga qisqartirish imkonini bergan;
his-tuyg‘ularni tanib olishning neyron tarmoq modeli taklif etilgan, shuningdek uning asosida ishlab chiqilgan dasturiy majmua Namangan viloyati Chust tumanidagi 10-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi amaliy faoliyatiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Namangan viloyati hokimligining 2025-yil 15-oktyabrdagi 02/10-4677-son ma’lumotnomasi). Natijada maktab o‘quvchilari hissiy holatlarini baholashda 97% aniqlik bilan tasniflash imkonini bergan;
yuz harakat birliklari asosida his-tuyg‘ularni tanib olish qoidasi asosida ishlab chiqilgan dasturiy majmua Namangan shahar “Istiqlol” texnika o‘quv servis MChJ amaliy faoliyatiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Namangan viloyati hokimligining 2025-yil 15-oktyabrdagi 02/10-4677-son ma’lumotnomasi). Natijada avtomaktab tibbiy xodimi tomonidan bir o‘quvchi hissiy holatini aniq baholashga sarflanadigan vaqtni o‘rtacha 10%ga qisqartirish imkonini bergan, tanib olish aniqligi esa 98%ni tashkil etgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish