Xojieva Gulmira Botirovna
Falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy darajalar beriladigan fan tarmog‘i): “Fotokatalitik samaradorlikni oshirish uchun uglerod nuqtalari kiritilgan uch o‘lchamli tartiblangan titan dioksidi”, 02.00.04 – Fizik kimyo, 02.00.12 – Nanokimyo, nanofizika va nanotexnologiya (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/K928.
Ilmiy rahbarlar: Akbarov Hamdam Ikromovich, kimyo fanlari doktori, professor; Xoliqov Abduvali Jonizoqovich, kimyo fanlari doktori, professor. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi DSc03/30.12.2019.K.01.03 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Ro‘zimuradov Olim Narbekovich, kimyo fanlari doktori, professor; Abdikamalova Aziza Baxtiyarovna, kimyo fanlari doktori, katta ilmiy xodim. 
Yetakchi tashkilot: Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi fotokatalitik samaradorlikni oshirish uchun uglerod nuqtalari kiritilgan uch o‘lchamli tartiblangan makrog‘ovakli TiO2 fotokatalizatorlarini sintez qilish va ularning fizik-kimyoviy hamda fotokatalitik xossalarini tadqiq qilishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
turli xil fluoressent xossalarga ega bo‘lgan B-CDs, G-CDs, Y-CDs va R-CDs uglerod nuqtalari turli xil erituvchilardan foydalangan holda sintez qilinib, ularning har biri PS shabloni asosida tayyorlangan 3DOM-TiO2 strukturasiga kiritilgan va bu kombinatsiya ilk bor fotokatalitik materiallar sohasiga yangi yondashuv sifatida taklif etilgan;
uglerod nuqtalari (CDs) kiritilgan uch o‘lchamli tartiblangan makrog‘ovakli titan dioksidi (CDs/3DOM-TiO2) kompozitlarining morfologik va elektron xossalari SEM, TEM, XRD yordamida har tomonlama tahlil qilinib, zarrachalarning nanoo‘lchamga ega ekanligi aniqlangan;
CDs/3DOM-TiO2 kompozitlari XPS, FTIR, Raman kabi ilg‘or usullar yordamida har tomonlama tahlil qilinib, CDs lar mavjudligi natijasida 3DOM-TiO2 strukturasida yangi funksional guruhlar shakllangani va Ti–O–C singari kimyoviy bog‘lanishlar paydo bo‘lgani isbotlangan;
UB-ko‘rinuvchan spektrlari CDs kiritilishi tufayli TiO2 ning yutilish diapazoni ko‘rinuvchi yorug‘likka siljiganini ko‘rsatgan, bu esa quyosh nuri energiyasidan samarali foydalanish imkonini bergan. PL va EIS tahlillar CDs kiritilishi elektron-kovak juftliklarining rekombinatsiyasini kamaytirib, ularning yashash muddatini uzaytirganini ko‘rsatib, uning umumiy fotokatalitik javobini kuchaytirgan;
Qizil uglerod nuqtalari (R-CDs) kiritilgan R-CDs/3DOM-TiO2 kompoziti fotokatalitik vodorod ishlab chiqarishda eng yuqori samaradorlikni ko‘rsatib (1.961 mmol/g·soat), bu sof 3DOM-TiO2 ga nisbatan 7.72 baravar yuqori ekanligi aniqlangan;
CDs nafaqat yorug‘lik yutilishini kengaytiruvchi komponent sifatida, balki elektronlarni qabul qiluvchi, zaryad tashuvchilarni ajratishni tezlashtiruvchi va reaksion radikallar (•OH, •O₂⁻) hosil bo‘lishini faollashtiruvchi ko-katalizator sifatida ishtirok etgani aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. CDs/3DOM-TiO2 fotokatalizatorlarining fotokatalitik xossalari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
CDs/3DOM-TiO2 fotokatalizatorlari AL-202110191-sonli “O‘tkazuvchi biopolimerlar sianbakteriyalar asosidagi biologik fotovaltaiklarda fotosintez va resperator tizimlar orqali vodorod va fototokni ishlab chiqish” mavzusidagi amaliy loyihada quyosh nuri ta’sirida vodorod hosil qilishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazining 2025 yil 30 iyundagi 02/01-01-250-son ma’lumotnomasi). CDs/3DOM-TiO2 fotokatalizatorlaridan vaqtinchalik fototok hosil qilishda foydalanilgan;
CDs/3DOM-TiO2 fotokatalizatorlarining tarkibi va xossalari bo‘yicha olingan ma’lumotlardan xorijdagi 15 ta impakt faktori yuqori ilmiy jurnallarda sintez qilingan nanokompozitlarning tahlili uchun foydalanilgan (Industrial Crops and Producs, 2025, 231, 121207, IF=6.2; Journal of Catalysis, 2025, 447, 116123, IF=6.5; Journal of Colloid and Interface Science, 2025, 686, 951–959, IF=9,7 va hokazo). Natijada yangi fotokatalizatorlarni sintez qilish va ularning morfologik, optik va fotokatalitik xossalarini tavsiflash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish