Ismoilov Anvar Xamdamjonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Zamonaviy o‘zbek drama teatri rejissurasi taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlari (1991–2016 yy.)”, 17.00.01–Teatr san’ati (san’atshunoslik fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/San24.
Ilmiy rahbar: To‘laxo‘jaeva Muhabbat Turobovna, san’atshunoslik fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: San’atshunoslik instituti, DSs.27.06.2017. San.51.01.
Rasmiy opponentlar: Qodirova Dilafruz Muhsinovna, san’atshunoslik fanlari doktori; Ahmadjonova Muqaddas Vahobovna, san’atshunoslik fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi:zamonaviy o‘zbek drama teatri rejissurasi taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlari, tendensiyalari va novatorlik izlanishlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
rejissuraning tarixiy shakllanish jarayonida spektakllarning plastik, obrazli va ifodaviy echimlari “haqqoniylik” va “shartlilik” prinsiplari asosida ishlab chiqilgani isbotlangan;
xalq an’anaviy tomosha san’atining qiziqchilik, masxarabozlik, muqallidlik uslublari vositasida fol`klor-etnografik tomoshalarni sahnalashtirish tendensiyasi yuzaga kelgani dalillangan;
ijtimoiy-psixologik yo‘nalishdagi spektakllar aktyorlik ijrosidagi naturalizm uslubi hamda shartli-majoziy ifoda vositalari uyg‘unligida sahnalashtirilayotgani aniqlangan;
yangi davr rejissurasida pantomima, xoreografiya va ramziy dekoratsiyalar asosida talqin etilgan falsafiy-poetik yo‘nalishdagi mualliflik tomoshalari fenomeni paydo bo‘lgani asoslab berilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Zamonaviy o‘zbek drama teatri rejissurasi taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
rejissyorlarning malaka va tajribalarini oshirish, milliy va jahon mumtoz asarlarini anglashi hamda munosib talqin qilishi bo‘yicha taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etiladigan “Seni kuylaymiz, zamondosh!” O‘zbekiston teatrlarining Respublika ko‘rik-festivali, “Debyut” yosh rejissyorlar Respublika ko‘rik-festivalining konsepsiyasini tuzishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2018 yil 22 maydagi 01-11-05-3478-son ma’lumotnomasi). Natijada konsepsiyaga kiritilgan taklif va tavsiyalar tomoshabinlarning ma’naviy olami va estetik didi shakllanishi uchun muhim bo‘lgan badiiy puxta spektakllar sahnalashtirish, mustaqillik davri o‘zbek teatri rejissurasini kompleks tarzda o‘rganishga xizmat qilgan;
ijtimoiy-psixologik yo‘nalishdagi spektakllarning aktyorlik ijrosidagi naturalizm uslubi hamda shartli-majoziy ifoda vositalari uyg‘unligida sahnalashtirilayotgani bo‘yicha xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Madaniyat va ma’rifat” davlat unitar korxonasining “Teatrdan reportaj” ko‘rsatuvi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Madaniyat va ma’rifat” DUKning 2019 yil 12 fevraldagi 01-16/65-son ma’lumotnomasi). “Teatrdan reportaj” ko‘rsatuvida zamonaviy teatr rejissurasidagi asosiy yo‘nalishlar, tendensiyalar, an’analar va novatorlik izlanishlari, g‘oyaviy-badiiy yaxlitlik masalalaridagi, shuningdek zamondosh obrazini talqin qilishdagi oqsashlar, rejissyorlik san’atidagi professionallik masalalari dissertantning fikr va xulosalari asosida tahliliy ochib berilib, respublika teatrlari repertuaridagi ko‘plab spektakllarning yanada takomillashuviga xizmat qilgan.