Ishmuradov Shuxrat Ulug‘berdievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Diskli plugning parametrlarini asoslash», 05.07.01–Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/T478.
Ilmiy rahbar: To‘xtaqo‘ziev Abdusalim, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va elektrlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, DSc.27.06.2017.T.10.01.
Rasmiy opponentlar: Mamatov Farmon Murtozevich, texnika fanlari doktori, professor; Abdillaev Tulegen, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston qishloq xo‘jalik texnikasi va texnologiyalarini sertifikatsiyalash va sinash davlat markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: respublikamiz sharoitida don va takroriy ekinlar ekiladigan dalalarga asosiy ishlov berishda energiya-resurstejamkorlikni ta’minlash, ish unumi va sifatini oshirish uchun diskli plug ishlab chiqish va uning parametrlarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
1,4 sinfdagi traktorlar bilan agregatlab ishlatishga mo‘ljallangan energiya-resurstejamkor diskli plugning konstruktiv sxemasi ishlab chiqilgan;
tuproq qatlamini diskli ish organi tomonidan kesib olib, ag‘darish jarayonida tuproq bo‘lagining harakatini tavsiflovchi matematik model` uning tikka nisbatan o‘rnatilish burchagini hisobga olgan holda takomillashtirilgan;
diskli plug ish organlari parametrlarining o‘zgarish chegaralari ularning tuproq bilan o‘zaro ta’sirlashish jarayonlarida tuproqning yon tomonga maqbul uloqtirilishini hisobga olgan holda aniqlangan;
diskli plugning tayanch tekisligidan pastki osish nuqtalarigacha bo‘lgan tik masofa va uning ishlov berish chuqurligi bo‘yicha barqaror harakati traktor osish mexanizmi va plug osish qurilmasi o‘lchamlari asosida aniqlangan;
diskli plug parametrlarining talab darajasidagi ish sifatini kam energiya sarflagan holda ta’minlaydigan maqbul qiymatlari plugning agrotexnik va energetik ish ko‘rsatkichlariga ta’sirini baholovchi regressiya tenglamalarini echish orqali aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Diskli plugning parametrlarini asoslash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
erlarni bug‘doy va takroriy ekinlarni ekish uchun tuproqqa ag‘darib ishlov berishda texnologik jarayonlar bajarilishining sifat ko‘rsatkichlarini baholashga dastlabki talablar va diskli plugkonstruksiyasini loyihalash va ishlab chiqarish uchun texnik topshiriq ishlab chiqilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 21 noyabrdagi 02/023-203-son ma’lumotnomasi). Natijada ish organlari sferik disklardan tashkil topgan diskli plug konstruksiyasini ishlab chiqish imkoni yaratilgan;
erlarni bug‘doy va takroriy ekinlar ekiladigan dalalarga asosiy ishlov berish uchun ishlab chiqilgan diskli plug Qishloq xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi fermer xo‘jaliklarda, jumladan Yangiyo‘l, Quyichirchiq tumanlari fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 21 noyabrdagi 02/023-203-son ma’lumotnomasi). Natijada dalalarni bug‘doy va takroriy ekinlar ekish uchun tayyorlashda yonilg‘i sarfini 1,3 martaga va foydalanishdagi xarajatlarni 25,1 foizga kamaytirishga erishilgan;
diskli plugni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish uchun loyiha-konstruktorlik hujjatlari (texnikaviy shartlar va chizmalar) «BMKB-Agromash» AJda loyihalash jarayoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 21 noyabrdagi 02/023-203-son ma’lumotnomasi). Natijada 1,4 sinfdagi traktorlar bilan agregatlab ishlatishga mo‘ljallangan diskli plugni ishlab chiqarish imkoni yaratilgan.