Xudoynazarov Muxriddin Shuhrat o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Geterotsiklik tuzilishga ega fitogormonlarning diazol, triazolli hosilalari va ularning biologik faolligi», 02.00.10 – Bioorganik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/K895.
Ilmiy rahbar: Djuraev Tulkin Arzikulovich, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori(PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Guliston davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Guliston davlat universiteti, DSc.03/05.06.2020.K/B.91.03.
Rasmiy opponentlar: Shomurotov Shavkat Abduganievich, kimyo fanlari doktori; Maulyanov Salixjan Alimjanovich, kimyo fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: geterotsiklik tuzilishli fitogormonlar hamda 3-O-AGIKni o‘simliklarning o‘sishi va rivojlanishini avjlantiruvchi, fungisidlik xususiyatiga ega bo‘lgan hosilalarini olishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor indol-3-sirka va indol-3-moy kislotalarning diazol, triazol va 2,4-dixlor anilin bilan yangi amidlari (8 ta) sintez qilinib, ular orasida ISK 3-API amidi fitogormonal hamda fungisidlik xususiyati bor bo‘lgan gibrid modda ekanligi aniqlangan;
3-O-AGlKning diazol va 2,4-dixlor anilin bilan yangi amidli birikmalarini sintez qilishning optimal sharoitlari aniqlangan va olingan birikmalarning kimyoviy tuzilishi, YaMR, PMR va mass-spektrometriya usullari yordamida isbotlangan;
1-naftil sirka va 2-naftoksi sirka kislotalarining diazol, triazol va 2,4-dixlor anilin bilan yangi amidlari (8 ta) sintez qilinib, ularning tuzilishi (UB-, IQ-, 1H, 13C YaMR-spektroskopiya, mass-spektrometriya) yordamida isbotlangan;
geterohalqali tuzilishga ega fitogormonlarning hosil qilingan triazolli hosilalari va 2,4-dixlor anilin bilan ISK 3-API amidi bug‘doy doni unuvchanligini oshirish hamda nihollarning o‘sish-rivojlanishini avjlantirish va zamburug‘li kasalliklariga qarshi samarali ta’sir etish xususiyatlariga ega ekanligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Geterotsiklik tuzilishli fitogormonlarning diazol, triazolli hosilalari olish hamda ular asosida o‘simliklarning o‘sish-rivojlanishini avjlantiruvchi va fungisidlik xususiyatiga ega bo‘lgan vositalar yaratish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
sintez qilingan IMK-3AT (indol-3-moy kislotaning 3-amino-1,2,4-triazol amidi), IMK-4AA (indol-3-moy kislotaning 4-aminoantipirin amidi), ISK-4AA (indol-3-sirka kislotaning 4-aminoantipirin amidi), ISK-3API (indol-3-sirka kislotaning N-(3-aminopropil)-imidazol amidi, ISK-3AT (indol-3-sirka kislotaning 3-amino-1,2,4-triazol amidi) preparatlaridan IL-4821023150 raqamli “Guliston davlat universiteti “Sho‘rga chidamli o‘simliklar genbanki”dagi istiqbolli o‘simliklar germoplazmalarini Orolning suvi qurigan tubi maydonlariga ekish” mavzusidagi innovatsion loyihada Orol dengizining “nol nuqta”siga cho‘g‘on, saksavul, olabuta (Atraplex holimus, Atraplex undalata), baliqko‘z, sho‘rak, donasho‘r, qora barak, teresken, bargsiz qandim, meduzasimon qandim, cherkez, quyonjun urug‘larini ekishda ishlov berishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025 yil 10.04 dagi 4/17-2025-7-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, ishlov berilgan variantlarda 50-55% urug‘lar unib chiqishi (nazoratda 22-28%), o‘simlik nihollarining biotik stress omillarga chidamliligini oshirish imkonini bergan;
sintez qilingan indol-3-moy kislotaning 4-aminoantipirin amidi(IMK-4AA), indol-3-sirka kislotaning N-(3-aminopropil)-imidazol amidi(ISK-3-API), indol-3-sirka kislotaning 3-amino-1,2,4-triazol amidlari (ISK-3-AT) Boyovut tumanidagi “Ezgu niyat samarasi” fermer xo‘jaligiga qarashli sho‘rlangan tuproq sharoitda g‘alla etishtirish jarayonida ekishdan oldin urug‘larga ishlov berish va vegetativ rivojlanish bosqichlarida nihollarni o‘sishi va rivojlanishini avjlantiruvchi stimulyator sifatida ekin maydonlarida amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Fermerlar kengashining 2024-yil 4-iyuldagi 01/03-1220 sonli ma’lumotomasi). Natijada, bug‘doyning unuvchanligi preparatlar bilan ishlov berilgan variantlarda 95-98% (nazoratda esa 87-88%) bo‘lib, ildiz chirish va nihollarning zamburug‘li kasalliklar bilan kasallanish holati kuzatilmaganligiga ko‘ra bug‘doy doni hosildorligini 75 sentnerga (nazoratda esa 71 sentner) oshirish imkonini bergan;
indol-3-moy kislotaning 4-aminoantipirin amidi (ISK 4-AA ) birikmasining 10-5 M konsenratsiyali eritmalari Boyovut tumanidagi “Ezgu niyat samarasi” fermer xo‘jaligiga qarashli ekin maydonlarida bug‘doy nihollarining vegetativ rivojlanish bosqichlarida nihollarning kasallanishini olish maqsadida tadbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fermerlar kengashining 2024 yil 4 iyuldagi 01/03-1220 sonli ma’lumotomasi). Natijada, o‘simlik nihollarining biotik omillarga nisbatan immuniteti oshishi hisobiga hosildorlikni nazoratga nisbatan 2 barobar oshirish imkonini bergan.