Musurmonova Ma’mura Oman qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Sferik to‘siqli bir bog‘lamli va ikki bog‘lamli g‘ovak-elastik sohalarda nostatsionar ko‘ndalang to‘lqin jarayonlarini modellashtirish va sonli tadqiq qilish”, 05.01.07– Matematik modellashtirish. Sonli usullar va dasturlar majmui (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/T2285.
Ilmiy rahbar: Juraev G‘ayrat Umarovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi DSc.03/30.12.2019.FM.01.02 raqamli ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Polatov Asxad Muxamedjanovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Qudratov Sulton G‘ulomovich, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Nukus davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi sferik to‘siqli bir bog‘lamli va ikki bog‘lamli g‘ovak-elastik muhitli sohalarda nostatsionar ko‘ndalang to‘lqin tarqalishi va difraksiyasi jarayonini matematik modellashtirish va samarali echish algoritm-larni ishlab chiqish asosida dasturlar majmuasini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
g‘ovak-elastik muhitning sferik to‘siqli bir bog‘lamli va ikki bog‘lamli sohalarida nostatsionar ko‘ndalang to‘lqin tarqalishi jarayonining tavsiflovchi xususiy hosilali differensial tenglamadan iborat matematik modeli qurilgan;
g‘ovak-elastik muhitning bir bog‘lamli sohasida nostatsionar ko‘ndalang to‘lqin tarqalishi jarayoniga mos masalalarning tasvirlar fazosida echimlari olingan;
ikki bog‘lamli sohalarni chegaralovchi sirtlar bir koordinata sistemasiga tegishli bo‘lmaganda g‘ovak-elastik muhitda nostatsionar ko‘ndalang to‘lqin tarqalishi jarayoniga mos masalalarning tasvirlar fazosida echimlari topilgan;
sferik to‘siqli bir bog‘lamli g‘ovak-elastik muhitda nostatsionar ko‘ndalang to‘lqin tarqalishi jarayoniga mos masalaning echish algoritmini ishlab chiqilgan;
ikki bog‘lamli sohalarni chegaralovchi sirtlar bir koordinata sistemasiga tegishli bo‘lmaganda g‘ovak-elastik muhitda nostatsionar ko‘ndalang to‘lqin tarqalishi jarayoniga mos masalaning echish algoritmini ishlab chiqilgan;
ishlab chiqilgan algoritmlar asosida g‘ovak-elastik muhitda to‘lqin tarqalishi jarayoninining tahlili uchun dasturlar majmui yaratilgan va sonli natijalar olingan;
chegaraviy sirtlarning muhitning kuchlanish-deformatsiya holatiga ta’siri, ya’ni muhitni chegaralovchi sirtlardan to‘lqinlarning ko‘p marta qaytishi muhitning kuchlanish-deformatsiya holatini o‘zgarishiga olib kelishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Sferik to‘siqli bir bog‘lamli va ikki bog‘lamli g‘ovak-elastik sohalarda nostatsionar ko‘ndalang to‘lqin jarayonlarini modellashtirish va sonli tadqiq qilish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
g‘ovak-elastik muhitlarda turli koordinata sistemasi sirtlari bilan chegaralangan sohalarda to‘lqin difraksiyasining jarayonlarining chiziqli matematik modeli va analitik echimi qiymatlaridan OT-Atex-2018-340-“Ikki tezlikli muhit dinamikasining amaliy geofizik masalalarini nazariy va sonli tadqiq etish” grant loyihasida foydalanilgan (Qarshi Davlat universitetining 2025 yil 30 yanvardagi №04/146 sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarni qo‘llash olingan nostatsionar to‘lqin jarayonlariga mos modellar va giperbolik tenglama uchun boshlag‘ich-chegaraviy masalalarning echish algoritmlari hamda dasturiy ta’minoti bo‘yicha olingan sonli natijalar tahlil qilishda va sonli eksperiment sinovlarini baholash imkonini bergan;
seysmomikrohududlashtirishda inshootlarning seysmikbardoshligi va seys-mik xavfsizligini ta’minlash uchun sferik to‘siqdan nostatsionar ko‘ndalang to‘lqin tarqalishi jarayonida er yuzasiga yaqin nuqtalarda ko‘ndalang siljish uϑ,max=0,58m va kuchlanishning ϭrϑ,max=6,2MPa, ϭθϑ,max=2,05MPa maksimal qiymatlari kabi ilmiy natijalaridan Seysmologiya institutida bajarilishi 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan “Er qobig‘idagi lokal seysmik faol tektonik yoriqlarning texnogen kuchlanganlik va deformatsiyalanish holatini baholaydigan miqdoriy modellarni ishlab chiqish” mavzusidagi fundamental tadqiqot natijalari parametrlarini tahlil qilishda va baholashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2024 yil 14 maydagi № 2/1255-1056 sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarni qo‘llash er sirtiga yakin nuqtalardagi nostatsionar to‘lqinlar jarayonlari ta’siriga bardoshli inshootlarni loyihalashtirish imkonini bergan.