Nasrullaev Yusuf Zokirovichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Binoga integratsiya qilingan fotoelektrik modullarning issiqlik-elektrik parametrlarini tadqiq qilish”, 05.05.06-“Qayta tiklanadigan energiya turlari asosidagi energiya qurilmalari” ixtisosligi bo‘yicha.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/T4247
Ilmiy rahbar: Komilov Asliddin G‘ulomovich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, PhD.03/30.09.2020.T.111.03. raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Yuldoshev Isroil Abrievich, texnika fanlari doktori, professor; Ibragimov Umidjon Xikmatillaevich, texnika fanlari buyicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Buxoro muhandislik-texnologiya instituti.
Dissertatsiya ishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi binoga integratsiya qilingan fotoelektrik modullarning issiqlik-elektrik parametrlarini tadqiq qilish va energiya samaradorligini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
quyosh nurlanish intensivligi, tashqi havo harorati va havoning changlanganlik darajalarini inobatga olgan holda quyosh fotoelektrik va fotoissiqlik modullarining issiqlik-elektrik parametrlarini tadqiqot qilish imkonini beradigan, foto-sezgir elementi va yoritgichdan iborat quyosh nuri simulyatori ishlab chiqilgan (SAP 2545);
binoga integratsiya qilingan fotoelektrik issiqlik o‘zgartirgichning issiqlik-elektrik samaradorligini oshirish uchun fotoelektrik modulning orqa yuzasini havoning majburiy harakati ta’sirida sovitish rejimlari ishlab chiqilgan;
binoga integratsiya qilingan fotoelektrik issiqlik o‘zgartirgich va devor orasidagi oraliq masofa turlicha bo‘lganda, fotoelektrik issiqlik o‘zgartirgichni sovituvchi tashqi havoning oraliqdan chiqishdagi harorati va tezligini binoning balandligi bo‘yicha o‘zgarishini aniqlash imkonini beradigan matematik model ishlab chiqilgan;
binoga integratsiya qilingan fotoelektrik issiqlik o‘zgartirgichni tashqi havo yordamida sovitishda fotoelektrik modulning tashqi yuzasi, asosi va sovituvchi havoning haroratlarini fotoelektrik issiqlik o‘zgartirgichning balandligi bo‘yicha o‘zgarishini aniqlash imkonini beradigan empirik bog‘liqliklar olingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Quyosh fotoelektrik modullarining samaradorligini oshirish maqsadida binoga integratsiya qilingan fotoelektrik issiqlik o‘zgartirgichni ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
binoga integratsiya qilingan fotoelektrik modulning issiqlik-elektrik parametrlarini tadqiq qilish uchun ishlab chiqilgan quyosh simulyatori va sinov stendi uchun O‘zbekiston Respublikasi intellektual mulk agentligidan sanoat namunasiga patent olingan (№SAP 2545). Natijada devorga 150 mm, 100 mm va 50 mm masofada integratsiya qilingan tizimda devor va panel oralig‘idagi havo oqimining tezligi va haroratini o‘lchash va hisoblashga mo‘ljallangan kombinatsiyalashgan qurilma ishlab chiqilgan;
binoga integratsiya qilingan fotoelektrik modulning issiqlik-elektrik parametrlarini o‘rganish stendi, Fizika-texnika instituti Geliopoligonida joylashgan 1670mm×1000mm×4mm o‘lchamdagi va quvvatlari 300 Vt, 290 Vt, 280 va 270 Vt bo‘lgan fotoelektrik modullarda o‘rganilgan (O‘zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasining 2024-yil 5-avgustdagi №02/1255-1740 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, fotoelektrik modul va fotoissiqlik o‘zgartirgichlarning chiqish parametrlarini tabiiy sharoitlarda doimiy monitoring olib borish va o‘lchanayotgan ma’lumotlarni kompyuterga uzatish imkoniyati yaratilgan.
Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti hududidagi binolarda o‘rnatilgan umumiy quvvati 846 kVt fotoelektrik stansiyalarni optimal loyihalash va ekspluatatsiya qilishda qo‘llanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligining 2024-yil 18-sentyabrdagi №04-13-7415-sonli ma’lumotnomasi) Natijada, o’rnatilgan fotoelektrik stansiyalar hisobiga bir yilda 1,35 GVt·soat elektr energiyasini ishlab chiqish asosida 280289 kg CO2 ajralib chiqishi, 284789,5 m3 tabiiy gaz yoqilishining oldini olishi hamda LCOE metodikasi yordamida, ishlab chiqilayotgan elektr energiyasining 1kVt∙soat uchun keltirilgan tannarxi, joylashuvi, birlamchi (tendr) qiymati va ekspluatatsion xarajatlardan kelib chiqib 189-504 so‘mni tashkil etilishi aniqlangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish