Abduvaliev Bahtiyorjon Avazbekovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Farg‘ona vodiysi uy parrandalari gelmintlarining faunasi va ekologiyasi», 03.00.06 – Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/V1248.
Ilmiy rahbar: Zokirov Islomjon Ilhomjonovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/30.06.2021.B.05.06.
Rasmiy opponentlar: Saydulla Dadaev, biologiya fanlari doktori, professor; Egamberdiev Mexmonjon Xudoyberdievich, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Farg‘ona vodiysi uy parrandalari gelmintlar faunasining zamonaviy holatini aniqlash, ekologik xususiyatlarini asoslash va epizootologik ahamiyatga ega turlarga qarshi kurash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Farg‘ona vodiysi uy parrandalari gelmintlarining zamonaviy taksonomik tarkibi 2 tip, 4 sinf, 5 turkum, 18 oila, 33 avlodga mansub 51 turni tashkil etishi aniqlangan;
gelmintlarning 33 turi (R. echinobothrida, D. elisae, A. hamulosa va boshqalar) Farg‘ona vodiysida ilk bor qayd etilgan bo‘lib, bu turlar mazkur hududning gelmintofaunasiga oid muhim yangilik ekanligi asoslangan;
Farg‘ona vodiysi sharoitida gelmintlarning parrandachilikka va qishloq xo‘jaligiga ta’siri tahlil etilgan hamda g‘oz, o‘rdak, kurka, tovuq va sesarka kabi uy parrandalarida parazitlarning zararlash darajasi va tarqalish sabablari ochib berilgan;
Raillietina sp. populyasiyalarining mitoxondrial COI barkod geni sekvens natijalariga ko‘ra, mazkur turlar boshqa hududlardagi namunalarga yaqinligi va bir xil kladalarda joylashganligi isbotlangan;
yovvoyi qushlarning migratsiyasi, iqlim sharoitlariga moslashishi va sinantrop turlarga aylanishi uy parrandalarida gelmint invaziyalarining ortishiga olib keluvchi muhim omillar sifatida baholangan;
Panafenb va Ascazin preparatlari parrandalarda invaziya ekstensivligini 52,5% dan 16,1% gacha, mahsuldorlikni esa 28% ga orttirishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Farg‘ona vodiysi uy parrandalari gelmintlarining faunasi va ekologiyasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Raillietina echinobothrida turining COI nukleotidlar ketma-ketligi bo‘yicha ma’lumotlari Biotexnologik axborotlar milliy markazi GenBanki bazasiga joylashtirilgan (Biotexnologik axborotlar milliy markazining 2024-yil 23-sentyabrdagi ma’lumotnomasi, blast.ncbi.hlm.hih.gov). Natijada, Raillietina echinobothrida – PQ360975 inventar raqami olingan va xalqaro miqyosda gelmintlar filogeniyasini molekulyar-genetik identifikatsiyalash imkonini bergan;
uy parrandalari gelmintlariga qarshi sinovdan o‘tkazilib, yuqori (86-87%) biologik samaradorlikka erishilgan “Panafenb” va “Ascazin” antgelmintik preparatlari Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanidagi “Farpromimtex” fermer xo‘jaligi amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2024-yil 19-noyabrdagi 02/23-2696-son ma’lumotnomasi). Natijada, xo‘jalikda invaziya ekstensivligi 52,5% dan 16,1%gacha pasayib, mahsuldorlik 28% ga ortish imkonini bergan;
parrandalarda uchrovchi gelmintlarga qarshi kurashish bo‘yicha ishlab chiqilgan amaliy tavsiyalar Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani veterinariya bo‘limi amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2024-yil 19-noyabrdagi 02/23-2696-son ma’lumotnomasi). Natijada, yosh jo‘jalarda uchrovchi salmonellyoz, kolibakterioz, koksidioz kabi ikkilamchi kasalliklar 30% dan 8% gacha kamayishi hamda fermer xo‘jaligi parrandachilik tarmog‘idan 2021-yilda 35,2 mln (o‘ttiz besh million ikki yuz ming so‘m), 2022-yilda 58,5 mln (ellik sakkiz million besh yuz ming so‘m), 2023-yilda 112,4 mln (bir yuz o‘n ikki million to‘rt yuz ming so‘m) miqdorda iqtisodiy daromadga erishish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish