G‘aforova Ziyoda Nasrievnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Alisher Navoiy hamd va na’t g‘azallarining g‘oyaviy-badiiy tahlili», 10.00.02–O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Fil391.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.

Ilmiy rahbar: Muhiddinov Muslihiddin Qutbiddinovich, filologiya fanlari doktori, professor.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.02.03.

Rasmiy opponentlar: Erkinov Aftondil Sadirxonovich, filologiya fanlari doktori; Sulaymonov Mo‘minjon Yusubjonovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.

Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: Alisher Navoiy hamd va na’t  g‘azallarining o‘ziga xosliklari va ichki turlarini aniqlash, shu asnoda janriy, mavzuiy va g‘oyaviy-badiiy xususiyatlarini ilmiy tahlil qilish, ularni o‘zaro qiyosan o‘rganishdan iboratdir.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

shoir g‘azallarini faqat oshiqona, orifona, rindona turlarga ajratish xato ekani isbotlanib, bu ro‘yxatga hamd va na’t g‘azallarni ham qo‘shish kerakligi  ilmiy asosda dalillangan;

shoir devonlarining har bir harfga tegishli qismlarida g‘azallar aynan turlarga qarab joylashtirilgani, avval hamd, keyin na’t, so‘ng mav’iza, shundan keyin esa oshiqona, rindona g‘azallar joylashtirilgani, agar bir harfiy guruhda hamd  g‘azal bo‘lmasa, u na’t bilan,  na’t ham bo‘lmasa, mav’iza bilan  boshlangani fakt va dalillar asosida belgilangan, hamd va na’t g‘azallarning Qur’on oyatlari va hadislar bilan bog‘liqligi ochib berilgan;

hamd va na’t g‘azallarning, o‘ziga xos jihatlari bilan birga, umumiy xususiyatlari, xususan, ular o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqliklar, jumladan, “Xazoyin ul-maoniy” Alloh hamdi (1-devonining 1-g‘azali) bilan boshlanib,  payg‘ambar (s.a.v) na’ti (4-devonning so‘nggi, ya’ni 650-g‘azali) bilan tugallangani, hamd g‘azallar tavhid hamd g‘azallar va munojot hamd g‘azallarga, na’t g‘azallar vasf na’t g‘azallar va me’rojnoma na’t g‘azallarga bo‘linishi, bu turlar o‘rtasidagi o‘xshash va farqli taraflar borligi  aniqlangan;

na’t g‘azallarda  nur, shafoat va mo‘’jizalar talqinini muayyan bir tizim asosida, dinshunoslik, mumtoz va zamonaviy adabiyotshunoslik an’ana va yutuqlarini o‘zaro uyg‘unlashtirgan holda o‘rganish zarurati, “Xazoyin ul-maoniy”dagi 2600 g‘azal orasida 37 hamd va 37 na’t g‘azal borligi isbotlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Alisher Navoiy hamd va na’t g‘azallarining g‘oyaviy-badiiy tahlili bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar asosida:

shoirning hamd va na’t g‘azallarida ilgari surilgan ezgu g‘oyalar, xususan, komil inson targ‘ibiga doir xulosalardan Samarqand davlat universitetining 7.4.13 raqamli “Sharq mumtoz adabiyotida komil inson konsepsiyasi” (2003–2007) mavzusidagi grantda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 5 iyundagi 89-03-2192-son ma’lumotnomasi). Natijalar Navoiy hamd va na’t g‘azallarida komil inson g‘oyasi targ‘ibining ahamiyatini ochib berishga xizmat qilgan;

hamd va na’t g‘azallarning milliy ma’naviyatimiz, shuningdek, Navoiy adabiy merosida tutgan o‘rni haqida ilgari surilgan xulosalardan Samarqand davlat universitetining OT-F8-027 raqamli “Qo‘lyozma manbalarning milliy ma’naviy va adabiy meros targ‘ibotidagi ahamiyati” (200–2011) mavzusidagi fundamental loyihasida  foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 5 iyundagi 89-03-2192-son ma’lumotnomasi). Natijalar Navoiy hamd va na’t g‘azallarida ma’naviy fazilatlar targ‘ibning ahamiyatini ochib berishda qo‘l kelgan;

Navoiy hamd va na’t g‘azallari haqida tadqiqotda keltirilgan xulosalardan “Madaniyat va ma’rifat” telekanalining “Bir bayt sharhi” ko‘rsatuvining ko‘plab sonlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Madaniyat va ma’rifat” telekanalining 2018 yil 26 iyuldagi 01-16/379-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuvlarda Navoiy g‘azallaridagi komil inson g‘oyasi, bu g‘oya talqinida hamd va na’t g‘azallarning ahamiyati atroflicha ko‘rsatilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish