Botirov Elbek Alisherovichning
Falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Turkiston ASSRda bojxona ishi tarixi”, 07.00.01. – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/Tar508
Ilmiy rahbar: Rahmonqulova Zumrad Boyxo‘rozovna, tarix fanlari nomzodi, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Ermetov Avazbek Abdullaevich, tarix fanlari doktori, professor; Xaydarov Murodilla Maxmutalievich, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi. Turkiston ASSRda bojxona organlari faoliyati tarixi va uning siyosiy-iqtisodiy  ta’sirini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng, yirik rus savdogar va sanoatchilariga xizmat qilgan, bojxona va tarif siyosatida fiskal maqsadlarni ko‘zlagan imperiya davri bojxona tizimi tugatilsa-da, byudjet mablag‘larini Markaz ko‘rsatmasiga muvofiq sovet hokimiyatining manfaatlari uchun sarflanishi natijasida Turkiston ASSRda bojxona tizimi zaruriy mablag‘lar bilan ta’minlanmaganligi aniqlangan;
Bojxona boshqaruv tizimini tartibga soluvchi markaziy hukumat qarorlari va mahalliy idoralarning ish yuritish bilan bog‘liq ijro hujjatlari o‘rganilishi asosida Turkiston ASSRda 1918-1920-yillar bojxona faoliyati, bojxona bo‘limlarini tashkil etilishida shart-sharoitlar turlicha bo‘lganligi, uzoq chegara qismlarida joylashgan nazorat post maskanlarining xarobligi va chegara aholisini tez-tez bostirib kelishlari yoki to‘qnashuvlarda harbiy jihatdan zaifligi natijasida ma’lum vaqt tartibga olinmaganligi ochib berilgan;
Mahalliy boshqaruv kengashlari, harbiy inqilobiy qo‘mitalar o‘lkada mavjud iqtisodiy tuzilmalarni boshqarishga tez-tez aralashishlari markazlashtirishga qo‘l kelgan bo‘lsa, bojxona boshqaruv tizimi savdo aloqalarini tartibga solish vositasida iqtisodiy mustaqillikni mustahkamlash bilan bir qatorda siyosiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilgani dalillangan;
Turkiston general-gubernatorlik davridan eskirib qolgan sanoat va yangi ishlab chiqarish kuchlarining yo‘lga qo‘yilmagani, o‘lkada ocharchilik va oziq-ovqatga bo‘lgan talabning oshishi, tashqi savdoda monopoliyani himoya qilish sababli chegaradosh davlatlardan olib kiriladigan mahsulotlarga yuqori boj tariflari, chegaralarni uzunligi va qo‘riqlash imkoniyati cheklangani noqonuniy tovarlar aylanmasi – kontrabandani kengayishiga xizmat qilganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Turkiston ASSR bojxona ishi tarixi tadqiqoti davomida ilmiy natijalar asosida:
Turkiston ASSR bojxona ishini tashkil etilishining tarixiy jihatlari, uning idoraviy-boshqaruv tuzilishi, toifaviy bojxonalar vazifalari, kadrlarning xizmat majburiyatlari va ularning ijtimoiy ta’minoti, markazning boj-tarif siyosati oqibatlari hamda Sharq mamlakatlari bilan savdo-sotiq va boj munosabatlari kabi tadqiqot natijalari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi Bojxona instituti o‘quv jarayonida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasining 2024-yil 2-maydagi 3/05-24-493-son ma’lumotnomasi). O‘zbekiston bojxona ishi tarixiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni yanada mazmunli tashkil etish hamda o‘tkazishga nazariy va amaliy imkon bergan;
Turkiston ASSR bojxona faoliyatini tartibga soluvchi markaziy hukumat va mahalliy idoralarning hujjatlari, bojxona sohasida moliyaviy-iqtisodiy axborotlarning tahliliy sharhlari, ro‘yxatga olish materiallari, boshqaruv ish yuritish hujjatlari turkumlashtirish va tavsiflash natijalari O‘zbekiston Milliy arxivida sovet davri arxiv yo‘lko‘rsatkichlarni ishlab chiqish foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi “O‘zarxiv” agentligining 2024-yil 29-yanvardagi 01-28-04/167-son dalolatnomasi). Natijada, Turkiston ASSR XKS huzuridagi Turkiston bojxona nazorati boshqarmasi (R-330) fondi hamda turli sohalarga oid fondlardan (R-8, R-17, R-25, R-37) bojxona tarixiga oid yangi arxiv manbalari ilmiy muomalaga kiritilgan;  
XX asr 20-yillarida sovet hokimiyatining bojxona ishini qayta tashkil qilish ishlari, normativ-huquqiy hujjatlar orqalini tizimni tartibga solish, geografik jihatdan hududlarni kengligi va chegaralar xavfsizligini saqlash ishlarini tashkil qilishi, chegaradan o‘tish tartib-qoidalari, boj-tarif siyosatining import-eksportga ta’siri, kontrabanda tarixi va bojxona xodimlarini unga qarshi kurashi bilan bog‘liq natijalar O‘zMTRK “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Mavzu” ko‘rsatuvining ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zMTRKning 2023-yil 20-dekabrdagi 06-28/1929-son ma’lumotnomasi). Ko‘rsatuvda aks etgan ilmiy materiallar Turkistonda sovet hokimiyati o‘rnatilishi bilan siyosiy va iqtisodiy chegaralarni tartibga keltirish, o‘rganilayotgan davrda Turkiston ASSR bojxona faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan tarixiy jarayonlarni chuqur anglashga yordam bergan;
Sovet hukumatining o‘lkada olib borgan iqtisodiy kolonizatsiya siyosati, ijtimoiy sharoitdagi o‘zgarishlar, noqonuniy tovarlar aylanmasini kuchayishi, mahalliy kadrlarga  nisbatan olib borilgan tazyiqlar va ishonchsizlik, bojxona ishi faoliyatida markazning monopollashtirish siyosati mohiyatini ochib berilgani bilan bog‘liq tadqiqot natijalaridan  O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining milliy tarixni milliy ruh bilan yaratish, iqtisodiy savodxonlikni targ‘ib qilish ishlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining 2024-yil 12-martdagi 2-13-21-955-son ma’lumotnomasi). Bu o‘sib kelayotgan yosh avlodni tarix ilmi, tarixiy tafakkur bilan qurollantirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish