Raximberganova Bonu Davlatnazarovna
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Muddatli mehnat shartnomalarini huquqiy tartibga solishni takomillashtirish” 12.00.05 – Mehnat huquqi. Ijtimoiy ta’minot huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/Yu879
Ilmiy rahbar: Ismoilov Shuhratjon Abdusaminovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/30.12.2019.Yu.22.01.
Rasmiy opponentlar: Ziyadullaev Maxmudjon Djurakulovich, yuridik fanlar doktori, dotsent; Sattarova Gulnoza Djurakulovna, yuridik fanlar nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi muddatli mehnat shartnomalarini tuzish, o‘zgartirish, bekor qilish sohasidagi muammolarni kompleks tarzda o‘rganish, shuningdek ushbu sohadagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
muddatli mehnat shartnomasini tuzish sabablari bo‘lib xizmat qilgan holatlarga o‘rin qolmagan taqdirda mehnat shartnomasini nomuayyan muddatga uzaytirilgan deb hisoblanishi zarurligi hamda xodimlarga qonunchilikda belgilangan huquqlar va kafolatlarni berishdan bosh tortish maqsadida muddatli mehnat shartnomalarini tuzish taqiqlanishi kerakligi asoslantirib berilgan;
ish beruvchilarga keng imkoniyatlar berish maqsadida muddatli mehnat shartnomasi tuziladigan holatlarni hamda taraflar kelishuvi bilan muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi mumkin bo‘lgan holatlarni kengaytirish zaruriyati asoslantirilgan;
mehnat shartnomasi muddatining umumiy davomiyligini kunlarda, oylarda, yillarda ko‘rsatish, mehnat shartnomasi bo‘yicha ish boshlanadigan kalendar sanani va mehnat shartnomasining muddati tugaydigan kalendar sanani ko‘rsatish, yuz berishi bilan mehnat shartnomasining muddati tugaydigan hodisani aniqlash orqali belgilash zaruriyati asoslantirilgan;
zamonaviy pedagogik texnologiyalardan keng foydalana oladigan va ilmiy izlanish olib boradigan professor-o‘qituvchilarni tanlash maqsadida oliy ta’lim muassasalarida professor-o‘qituvchilar tarkibi bilan bir yillik muddatli mehnat shartnomalarini tuzish amaliyotini joriy etilishi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan quyidagilarda foydalanilgan:
muddatli mehnat shartnomasini tuzish sabablari bo‘lib xizmat qilgan holatlarga o‘rin qolmagan taqdirda shartnoma nomuayyan muddatga uzaytirilgan deb hisoblanishi zarurligi hamda xodimlarga qonunchilikda belgilangan huquqlar va kafolatlarni berishdan bosh tortish maqsadida muddatli mehnat shartnomalarini tuzish taqiqlanishi haqidagi asoslantirilgan takliflari O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 111-moddasida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Axborot tahlil va yuridik ta’minlash departamentining 2024-yil 5-avgustdagi 12-15–56-sonli dalolatnomasi). Ushbu takliflarning qabul qilinganligi xodimlarga muddatli mehnat shartnomasini tuzish asoslari mavjud bo‘lmaganda mehnat munosabatlarini davom ettirish imkoniyatini kafolatlashga, ish beruvchilarning huquqni qo‘llash amaliyotida muddatli mehnat shartnomasidan xodimlarning huquq va kafolatlarini ta’minlamaslik maqsadida foydalanishlarini to‘xtatishga xizmat qilgan;
ish beruvchilarga keng imkoniyatlar berish maqsadida muddatli mehnat shartnomasi tuziladigan holatlarni hamda taraflar kelishuvi bilan muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi mumkin bo‘lgan holatlarni kengaytirish zaruriyati haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 112 va 113-moddalarida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Axborot tahlil va yuridik ta’minlash departamentining 2024-yil 5-avgustdagi 12-15–56-sonli dalolatnomasi). Mazkur taklifning qabul qilinganligi muddatli mehnat shartnomasini tuzish asoslari mehnat qonunchiligida aniqlashtirilishiga hamda kichik tadbirkorlik subektlariga xodim yollashda erkinlik berilishiga xizmat qilgan;
mehnat shartnomasi muddatining umumiy davomiyligini kunlarda, oylarda, yillarda ko‘rsatish, mehnat shartnomasi bo‘yicha ish boshlanadigan kalendar sanani va mehnat shartnomasining muddati tugaydigan kalendar sanani ko‘rsatish, yuz berishi bilan mehnat shartnomasining muddati tugaydigan hodisani aniqlash orqali belgilashga qaratilgan taklif O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 114-moddasida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Axborot tahlil va yuridik ta’minlash departamentining 2024-yil 5-avgustdagi 12-15–56-sonli dalolatnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinganligi muddatli mehnat shartnomasini belgilashning uchta usuli ajratilishi va aniqlashtirilishi natijasida huquqni qo‘llash amaliyotidagi muammolarga barham berilishiga xizmat qilgan;
zamonaviy pedagogik texnologiyalardan keng foydalana oladigan va ilmiy izlanish olib boradigan professor-o‘qituvchilarni tanlash maqsadida oliy ta’lim muassasalarida professor-o‘qituvchilar tarkibi bilan bir yillik muddatli mehnat shartnomalarini tuzish amaliyotini joriy etishga qaratilgan taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-dekabrdagi “Oliy ta’lim muassasalarini bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish to‘gʻrisida”gi 967-son qarorining 3-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy o‘zgartirishlar, moliya-bank tizimi, davlat aktivlarini boshqarish, raqobatni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari kotibiyatining 2022-yil 15-fevraldagi 02-4-30-sonli dalolatnomasi). Mazkur taklifning qabul qilinganligi oliy ta’lim muassasalariga professor-o‘qituvchilar bilan muddatli mehnat shartnomasini tuzish huquqini amalga oshirishga xizmat qilgan.