Narzullaev Nuriddin Umarovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «OIV infeksiyasi bilan zararlangan bolalarda LOR kasalliklarining klinik-immunologik xususiyatlari», 14.00.04–Otorinolaringologiya va 14.00.36–Allergologiya va immunologiya (tibbiyot fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Tib39.

Ilmiy maslahatchilar: Xasanov Saidakram Askarovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Garib Viktoriya Firuzovna, tibbiyot fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat tibbiyot instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat stomatologiya instituti, DSc.28.12.2017.Tib.59.01.

Rasmiy opponentlar: Lopatin Andrey Stanislavovich, tibbiyot fanlari doktori, professor (Rossiya); Shamsiev Djaxongir Fazlitdinovich, tibbiyot fanlari doktori; Zalyalieva Mar`yam Valiaxmedovna, biologiya fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: I.P.Pavlov nomidagi Birinchi Sankt-Peterburg davlat tibbiyot universiteti (Rossiya).

Dissertatsiyaning yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: OIV infeksiyasi bilan zararlangan bolalarda kasallikning klinik va immunologik xususiyatlarini inobatga olgan holda LOR kasalliklarining davolash samaradorligini oshirishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor OIV infeksiyasi bilan zararlangan bolalarda LOR-a’zolari kasalliklarining klinik kechishi, immun tizimi ko‘rsatkichlarining  o‘zgarishiga   bog‘liqligi  isbotlangan;

OIV infeksiyasi bilan zararlangan bolalarda LOR-a’zolari kasalliklari  asosiy qo‘zg‘atuvchilarining  uchrash darajasi  aniqlangan;

ilk bor yallig‘lanishga qarshi sitokinlar miqdorining ma’lum ko‘rsatkichlari OIV infeksiyasi bilan zararlangan bolalarda LOR a’zolari kasalliklarining qaytalanish darajasini aniqlashning bashorat omili ekanligi aniqlangan;

ilk bor OIV infeksiyasi bilan zararlangan bolalarda  kasallikning og‘ir kechish darajasini kamaytiruvchi, mahalliy jarohatni bitkazuvchi va yallig‘lanishga qarshi dori vositalarining LOR a’zolari kasalliklarini davolashgacha va davolashdan keyingi klinik, mikrobiologik ko‘rsatkichlar natijalari aniqlangan;

OIV infeksiyasi bilan zararlangan LOR kasalliklari bor bolalarda kasallik etiologiyasini inobatga olgan holda mahalliy va patogenetik mexanizmlarga ta’sir etuvchi  davolash usullari  ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

OIV infeksiyasi bilan zararlangan bolalarda LOR kasalliklarining klinik-immunologik xususiyatlari bo‘yicha olingan natijalar asosida:

«OIV infeksiyasi bilan zararlangan bolalar LOR a’zolari kasalliklari an’anaviy sanatsiyasini klinik-morfologik baholash» mavzusidagi uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2012 yil 25 sentyabrdagi 301-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma OIV infeksiyasini erta tashxislash, klinik kechishini aniqlash, laborator tashxislash va davolashning optimal variantini tanlash imkonini bergan;

«OIV/OITS bilan zararlangan bolalarda LOR a’zolari kasalliklarining tahlili» mavzusidagi uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 20 sentyabrdagi 8n–r/227-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma OIV infeksiyasi bilan zararlangan bolalarda LOR a’zolari kasalliklarining klinik-epidemiologik xususiyatlarini tanlash imkonini yaratgan;

«OIV infeksiyasi bilan zararlangan bolalarda o‘tkir o‘rta otitning klinik xususiyatlari» mavzusidagi uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 20 sentyabrdagi 8n–r/228-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma OIV infeksiyasi bilan zararlangan bolalarda o‘tkir yiringli o‘rta otit va uning klinik kechishini aniqlash, tashxislash va davolashning zamonaviy usullarini tanlash imkonini yaratgan;

OIV infeksiyasi bilan zararlangan bolalarda LOR kasalliklarini tashxislash, davolash taktikasi va OIV/OITS infeksiyali bemorlarni davolashni optimallashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash tizimiga, jumladan, Buxoro viloyati Bolalar yuqumli kasalliklari shifoxonasi va Buxoro viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi klinik amaliyotiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2015 yil 24 avgustdagi 8N–d/46-son ma’lumotnomasi). Joriy qilingan natijalar OIV infeksiyali bemorlarni tashxislash, davolash, parvarish qilish muammolarini optimallashtirish, LOR kasalliklari remissiya muddatini uzaytirish va asoratlarini kamaytirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish