Tashkulov Salimjon Mamatnazarovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Surxondaryo viloyati sharoitida g‘o‘zani o‘g‘itlashda NPK nisbatlarini takomillashtirish”, 06.01.04 – Agrokimyo (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/Qx788
Ilmiy rahbar: Ismayilov Jumanazar Ismatovich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/07.06.2024.Qx.13.03.
Rasmiy opponentlar: Xashimov Farhod Xakimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Atabaev Ma’ruf Maxmudovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Surxondaryo viloyatining sug‘oriladigan taqir-o‘tloqi tuproqlari sharoitida ingichka tolali g‘o‘zani oziqlantirishda mineral o‘g‘itlarni qo‘llash me’yor va nisbatlarini takomillashtirish orqali paxta hosilini oshirish hamda tola sifatini yaxshilashga qaratilgan ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Surxondaryo viloyatining sug‘oriladigan taqir-o‘tloqi tuproqlari sharoitida ingichka tolali g‘o‘zada mineral o‘g‘itlarni maqbul qo‘llash me’yor (N-220, P-220, K-165 kg/ga) va (1,0:1,0:0,75) nisbatlari ilmiy jihatdan asoslangan;
mineral o‘g‘itlarni qo‘llash me’yor va nisbatlarining tuproq tarkibidagi nitratli azot, harakatchan fosfor va almashinuvchan kaliy shakllari miqdoriga, muvozanatiga hamda tuproq unumdorligiga ta’siri aniqlangan;
ingichka tolali g‘o‘za organlaridagi va o‘simlik tomonidan olib chiqib ketiladigan NPK miqdorini o‘zgarishiga hamda 1 tonna hosil uchun sarflashiga mineral o‘g‘itlarni qo‘llashning me’yor va nisbatlariga bog‘liqligi isbotlangan;
azotning 220 kg/ga me’yori fonida fosfor va kaliyni 1,0:0,75 nisbatda qo‘llash ingichka tolali g‘o‘zaning o‘sishi, rivojlanishi, paxta hosili va tola sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Surxondaryo viloyatining sug‘oriladigan taqir-o‘tloqi tuproqlari sharoitida ingichka tolali g‘o‘zada mineral o‘g‘itlarni qo‘llash me’yor va nisbatlarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
“Mineral o‘g‘itlarni maqbul me’yor va nisbatlarda ingichka tolali g‘o‘zada qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar” ishlab chiqilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024 yil 7-avgustdagi 05/04-04-380-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiya ingichka tolali g‘o‘za etishtiruvchi klaster va fermer xo‘jaliklarida qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
tuproqning agrokimyoviy holati va g‘o‘zaning oziqa elementlarini o‘zlashtirishini yaxshilashda mineral o‘g‘itlarni qo‘llashning takomillashtirilgan me’yor va nisbatlari Termiz tumanidagi “ZUHRIDDIN NAMUNA” fermer xo‘jaligining 30 gektar maydonida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024 yil 7-avgustdagi 05/04-04-380-son ma’lumotnomasi). Natijada, tuproq tarkibidagi NPK harakatchan shakllari miqdorini oshishi, oziqa rejimini yaxshilanishi hisobiga ingichka tolali g‘o‘zaning o‘sishi, rivojlanishi uchun maqbul oziqlanish sharoiti yaratilishi imkonini bergan;
ingichka tolali g‘o‘zani mineral oziqlantirishda azotning N-220 kg/ga me’yori fonida fosfor va kaliyni 1,0:1,0:0,75 nisbatda qo‘llash agrotexnologiyasi Angor tumanidagi “ZAMIN ANGOR CLUSTER” MChJning 80,0 gektar maydonida amaliyotga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024 yil 7-avgustdagi 05/04-04-380-son ma’lumotnomasi). Natijada, nazorat (o‘g‘isiz) ga nisbatan o‘simlikni bo‘yi 20,8 sm ga, ko‘saklar soni 5,0 donaga ortishi hisobiga 38,3 s/ga paxta hosili etishtirilgan va rentabellik darajasi 50 % ni tashkil etgan.