Kaxarova Muxarram Abdukadirovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Piroliz moyidan naftalin birikmalarini ajratib olish va ular asosida biologik faol moddalar sintez qilish texnologiyasi», 02.00.14 - Organik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/T4840.
Ilmiy rahbar: Baxronov Xayot Nurovich kimyo fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan muhandislik-texnologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan muhandislik-texnologiya instituti huzuridagi DSc.03/29.08.2023.K/T.66.02 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Tojiev Panji Jovlievich texnika fanlari doktori, dotsent; Mirxamitova Dilorom Xudoyberdievna, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona politexnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: piroliz moyi tarkibidan naftalin birikmalarini ajratib olishning maqbul usulini, naftalin asosida naftilsirka kislotasi sintezi jarayonlarini, hamda mahsulot unumini oshiruvchi omillarni aniqlash hamda naftilsirka kislotasi ishlab chiqarishning takomillashtirilgan texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
piroliz moyidan naftalinni ekstraksiya (fazaviy ajratish) usulida ajratib olishning texnologik sxemasi ishlab chiqilgan;
monoxlorsirka kislotasi va kaliy bromidning poliefirlanish mahsuloti – xloratsetilpoliglikol kislota va naftalinning kondensatlanish reaksiyasi 0,13 % temir kukuni katalizatorligida olib borilganda, mahsulot unumi yuqori bo‘lishi aniqlangan;
xloratsetilpoliglikol kislota va naftalinning temir kukuni katalizatorligida kondensatlanish reaksiyasi mexanizmi kvant-kimyoviy usullar yordamida nazariy isbotlangan;
naftalin va monoxlorsirka kislotasi asosida naftilsirka kislotasi sintez qilishning ikki bosqichli texnologiyasi ishlab chiqilgan;
naftilsirka kislotasi va polivinil spirti asosida tegishlicha 7:1 nisbatlarda barqaror suvli eritma hosil bo‘lishi matematik qayta ishlash orqali isbotlangan.
1-naftilsirka kislotasi ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va iqtisodiy samaradorlikka erishish imkoniyatlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Piroliz moyidan naftalin birikmalarini ajratib olish va ular asosida biologik faol moddalar sintezi texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
piroliz moyidan ajratib olingan naftalin asosida sintez qilingan naftilsirka kislotalari Namangan viloyatining Namangan tumanidagi “Shuhratbek Xurshidbek” nomli, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi “Zarnigor Nurmuhammad” va “Yo‘ldoshev Davlatali” nomli, Kosonsoy tumanidagi “Yangiyo‘l Silver Fiber” nomli bog‘dorchilik fermer  xo‘jaliklari bog‘larida qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining 2024 yil 14 martdagi 2-8/1101-son ma’lumotnomasi). Natijada, olma mevalarining erta to‘kilishi 65% gacha kamaygan, meva po‘stida antotsianlarning miqdori ortgan, meva etining zichligi va boshqa biokimyoviy ko‘rsatkichlarini yaxshilash imkonini bergan;
“Uz-Kor Gas Chemical” MChJ da tabiiy gazni piroliz qilish jarayonida qo‘shimcha holda hosil bo‘luvchi piroliz moyi va piroliz distillyati tarkibidan ajratib olingan naftalin birikmalari asosida naftilkarbon kislotalari sintez qilish texnologiyasi “Ifoda Agro Kimyo Himoya” MChJ qo‘shma korxonasining “2025-2027 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati”ga kiritilgan (“Ifoda Agro Kimyo Himoya” MChJ  qo‘shma korxonasining 2024 yil 22 yanvardagi 28-son ma’lumotnomasi). Natijada, kimyoviy ishlov berilgan daraxtlarda meva bandlari mustahkamlanib, mevalar to‘kilishini bartaraf etishga imkon beradi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish