Abdurashidov Shaxriyor Mashrabjon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Kon ishlari va uyumlab ishqorlashning texnogen hosilalarini, qazib olish texnologiyasi va texnologik sxemalarini asoslash», 04.00.10 – Geotexnologiya (ochiq, er osti va qurilish) (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/T2625.
Ilmiy rahbar: Tuxtashev Alisher Baxodirovich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, DSc.17/04.06.2021.T.06.02.
Rasmiy opponentlar: Zairov Sherzod Sharipovich, texnika fanlari doktori, professor; Ochilov Shuhratulla Atoevich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: kon ishlari va uyumlab ishqorlashning texnogen hosilalarini qazib olishda iqtisodiy tejamkor texnologiyani va texnologik sxemani asoslash va ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
texnogen hosilalarni qazib olishda texnologiyani va texnologik sxemalarni tanlash uchun asos bo‘ladigan texnogen xomashyo turi, sifati va yirikligining asosiy diapazonini hisobga olgan holda er yuzasidagi texnogen konlarning tarkibiy turlanishi asoslangan;
ma’dan-tog‘ jinsli texnogen hosilalarni qazib olishning turli variantlarining texnologik sxemalari ishlab chiqilgan va qo‘llaniladigan uskunalarning turi, qazib olish usuli, massivning tavsifi va texnogen xomashyoning xususiyatlarini hisobga olgan holda ularni tanlab va yalpi qazish uchun qazib olish texnologiyalari asoslangan;
kon massasining hajmi va optimal o‘rtacha miqdorini aniqlash uchun hisoblash metodikasining nazariy asoslari asoslangan hamda hisoblash natijalari asosida kon massasining hajmi va optimal o‘rtacha miqdori bir vaqtning o‘zida bir necha yaruslarni birgalikda qazib olishda va shtabelni butun balandligi bo‘yicha qazib olishda erishilishi aniqlangan;
uyumlab ishqorlangan shtabelni qazib olish uchun, kon massasini tanlab qazishni ta’minlaydigan texnologiyalar va texnologik sxemalar ishlab chiqilgan, hamda shtabelni ikki yarusga bo‘lib qazib olish uchun yuklagichlar va rotorli ekskavatorni konveer transporti bilan birgalikda qo‘llash orqali metalning optimal o‘rtacha miqdoriga erishilishi isbotlangan;
ishlab chiqilgan texnologik sxemalarda, ya’ni balandlik bo‘yicha yuqoridan pastga ma’danni surishda samarali masofani ta’minlagan holda shtabelni kesishda buldozerlarning optimal va xavfsiz ishlash burchaklari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Kon ishlari va uyumlab ishqorlashning texnogen hosilalarini, qazib olish texnologiyasi va texnologik sxemalarini asoslash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ma’dan-tog‘ jinsli texnogen hosilalarni qazib olish texnologiyalari va texnologik sxemalarining unumdorligini hisoblash metodikasi «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJning «OUEO‘S» konida joriy etilgan (Navoiy kon-metallurgiya kombinati AJning 2024 yil 9 sentyabrdagi 23/01-01-07/534-son ma’lumotnomasi). Natijada texnogen hosilani nim pog‘onalar bilan hamda butun balanligi bo‘yicha qazib olishda, konveer majmuasini qayta o‘rnatish vaqtini hisobga oluvchi koeffisient kiritilgan;
uyumlab ishqorlangan shtabelni to‘liq balandligi bo‘yicha va ikki yarusga bo‘lib qazib olishda kesishning xavfsiz burchagini aniqlash uchun grafoanalitik usuli «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJning «OUEO‘S» konida joriy etilgan (Navoiy kon-metallurgiya kombinati AJning 2024 yil 9 sentyabrdagi 23/01-01-07/534-son ma’lumotnomasi). Natijada xavfsiz kesish burchagi, kon massasini surish masofasi, kon-kapital ishlarining yuzasi va hajmi aniqlangan;
tarkibiy sinflanishi ishlab chiqilgan va ma’dan omborlarini hamda uyumlab ishqorlangan chiqindilarni tanlab va yalpi qazish uchun qazib olish texnologiyalari va texnologik sxemalari «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJning «OUEO‘S» konida joriy etilgan (Navoiy kon-metallurgiya kombinati AJning 2024 yil 9 sentyabrdagi 23/01-01-07/534-son ma’lumotnomasi). Natijada shtabelni ikki yarusga bo‘lib qazib olish texnologik sxemalarida, ma’dan sifatini tezkor boshqarishga erishilishi asoslangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish