Choriev Sherzodjon Shokirjonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi jamg‘armalari – Turkiston ASSRdagi iqtisodiy jarayonlarni yorituvchi manba sifatida”, 07.00.08–Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2018.3.PhD/Tar78.
Ilmiy rahbar: Ziyaeva Dono Hamidovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti, DSc.06.01.2018.Tar.56.01.
Rasmiy opponentlar: Maxkamova Nodira Raxmanovna, tarix fanlari doktori; Asadova Shoira Inoyatovna. tarix fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida saqlanayotgan Turkiston ASSR qishloq xo‘jaligi, moliya, savdo, sanoat sohalariga tegishli arxiv jamg‘armalari hamda hujjatlarining manbaviy ahamiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
xususiy mulkni ommaviy ravishda davlat tasarrufiga o‘tkazilishi natijasida oziq-ovqat taqchilligi yuzaga kelganligi va qishloq xo‘jaligida chorvachilik, ipakchilik, yilqichilik keskin qisqarib ketganligi aniqlangan;
irrigatsiya tizimiga tegishli darajada e’tibor qaratilmaganligi va etarli mablag‘ ajratilmagani sababli sug‘oriladigan er maydonlari keskin kamayib ketganligi aniqlangan;
ishlab chiqarish vositalarining eskirganligi, sanoat sohasida davlat monopoliyasining o‘rnatilishi bu sohani rivojlantirishga jiddiy to‘siq bo‘lganligi ko‘rsatib berilgan;
Turkistonning umumfederal valyuta va byudjet tizimiga kiritilishi o‘lka iqtisodining markazga qaram bo‘lib, byudjet mablag‘larining, avvalo markaz manfaatlari uchun sarflanganligi asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi jamg‘armalari – Turkiston ASSRdagi iqtisodiy jarayonlarni yorituvchi manba sifatidagi tadqiqoti davomida olingan ilmiy natijalar asosida:
Turkiston ASSRda davlat tashkilotlarining arxiv jamg‘armalari tahlili yuzasidan olingan natijalar “Arxivshunoslik” darsligida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 28 iyundagi guvohnomasi. Ro‘yxatga olish raqami: 434-147). Ushbu darslik oliy o‘quv yurti talabalarini arxivshunoslik sohasida bilim va ko‘nikmalarni yanada oshirishga xizmat qilgan;
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivining arxiv jamg‘armalaridagi ma’lumotlar asosida Turkistonda Muvaqqat hukumatning tashkil etilishi, Turkiston ASSRda davlat boshqaruv tizimi, oliy organlar faoliyati va ularning vazifalari kabi masalalar yuzasidan olingan natijalar “O‘zbekistonning davlat muassalari tarixi” darsligida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 28 iyundagi guvohnomasi. Ro‘yxatga olish raqami: 434-148). Ushbu darslik Oliy o‘quv yurti talabalarini davlatchilik tarixiga oid bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirishga xizmat qilgan.