Sultonov Davronjon Sharibjonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Farg‘ona vodiysi po‘stloqxo‘r qo‘ng‘izlarining (Coleoptera, Scolytinae) faunasi va ekologiyasi», 03.00.06 – Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/B602.
Ilmiy rahbar: Zokirov islomjon Ilhomjonovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/30.06.2021.B.05.06.
Rasmiy opponentlar: Juginisov Tangirbergen Isaevich, biologiya fanlari doktori, professor; Yunusov Mirzakarim Mirzaxalilovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Farg‘ona vodiysi po‘stloqxo‘r qo‘ng‘izlari faunasining zamonaviy tur tarkibini aniqlash, ularni ekologik-faunistik jihatdan asoslash, ularning tarqalishi va muhim turlarning biologik va ekologik xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Farg‘ona vodiysi Scolytinae kenja oilasi faunasi tadqiq etilib, 7 triba 10 urug‘ga mansub 21 turdan iborat po‘stloqxo‘r qo‘ng‘izlar ro‘yxatga olingan hamda vodiy koleopterafaunasi uchun qo‘ng‘izlarning 2 turi – Pityogenes spessivsevi (Lebedev, 1926), Dryocoetes autographus (Ratzeburgi, 1837) ilk bor aniqlangan;
po‘stloqxo‘rlarning Hypoborus ficus, Carphoborus perrisi, Ips typographus, Scolytus scolytus, S.rugulosus, S.mali, S.kirschii fasciatus kabi turlari vodiy sharoitida eng keng tarqalgan turlar ekanligi aniqlangan;
dominant va iqtisodiy zarar keltirish havfi yuqori bo‘lgan Scolytus mali (Bechstein, 1805), Scolytus scolytus Fabricius, 1775, Ips typographus (Linnaeus, 1758) va Carphoborus perrisi (Chapuis, 1869) turlarining tarqalishi, biologiyasi, morfologiyasi, ozuqa o‘simligiga ixtisoslashuvi va zarar keltirish xususiyatlari ochib berilgan;
Scolytus mali (Bechstein, 1805) turi mitoxondrial DNKsining sitoxrom oksidaza I (COI) sohasi nukleotidlar ketma-ketligi asosida molekulyar identifikatsiya qilingan;
po‘stloqxo‘r qo‘ng‘izlar biotsenotik aloqalariga ko‘ra, 2 turi monofag, 7 turi oligofag, 12 turi polifag ekanligi aniqlangan hamda trofik ixtisoslashuvi, hayotiy shakllari, o‘simlik organlariga ixtisoslashuvi va ozuqa spektri bo‘yicha ekologik guruhlarga klassifikatsiya qilingan hamda biotsenozdagi birlamchi va ikkilamchi ozuqa zanjirining shakllanishida “ksilofag-xo‘jayin” munosabatlar tizimi asosida ekologik tokchalarning ajralishi asoslangan;
po‘stloqxo‘rlarning tabiiy va madaniy senozlardagi ommaviy ko‘payishi, zararli turlarning populyasiya zichligi mavsumiy o‘zgarishlari tahlil etilib, ularning o‘simlikka taʼsir darajasi aniqlangan va zararkunanda qo‘ng‘izlar populyasiyasini boshqarish hamda ularga qarshi kurashga doir tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Farg‘ona vodiysi po‘stloqxo‘r qo‘ng‘izlari (Coleoptera: Scolytinae) ning faunasi va bioekologiyasini o‘rganishning ilmiy natijalaridan foydalangan holda:
Scolytus mali (Bechstein, 1805) turining mitoxondrial COI nukleotidlar ketma-ketligi bo‘yicha maʼlumotlari Biotexnologik axborotlar milliy markazi GenBanki bazasiga joylashtirilgan (Biotexnologik axborotlar milliy markazi, blast.ncbi.hlm.hih.gov). Natijada, Scolytus mali – PP415401 inventar raqami olingan va u xalqaro miqyosda Scolytus avlodi vakillarining tarqalish areallarini molekulyar darajada aniqlash imkonini bergan;
Farg‘ona viloyati hududlarida po‘stloqxo‘r qo‘ng‘izlarni aniqlash va qarshi kurash bo‘yicha tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024-yil 12-avgustdagi 05/06-02-657-son ma’lumotnomasi). Natijada markaz tomonidan Farg‘ona viloyati hududlarida zararkunandalar bo‘yicha kuzatuv va ularga qarshi kurash ishlari yo‘lga qo‘yilib, zararkunandalarni qo‘shni tumanlar hududlariga tarqalishining oldini olish imkoni yaratilgan;
“Farg‘ona viloyatidagi mevali bog‘ zararkunanda po‘stloqxo‘r qo‘ng‘izlarining Scolytus avlodi aniqlagichi” nomli tavsiyanoma Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi bog‘dorchilik fermer xo‘jaliklari amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024-yil 12-avgustdagi 05/06-02-657-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘quv va ilmiy ishlab chiqarish jarayonlari uchun ilmiy uslubiy qo‘llanma sifatida xizmat qilgan.