Tursunov Anvar Ismoilovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «G‘o‘zaning ayrim fiziologik va biokimyoviy xususiyatlariga mikroelementlarning (B, Zn) ta’siri», 03.00.07– O‘simliklar fiziologiyasi va biokimyosi (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/B926.
Ilmiy rahbar: O‘roqov Sirojiddin Xudayberdiyevich, biologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.B.02.08.
Rasmiy opponentlar: Xolliyev Askar Ergashovich, biologiya fanlari doktori professor, Abdurahmonov Xusniddin Eshmamatovich, qishloq-xo‘jalik fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Samarqand viloyati sharoitida g‘o‘za navlarining fiziologik va biokimyoviy xususiyatlariga hamda hosildorligiga mikroelementlarning ta’sirini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Omad va Sulton navlarining fotosintetik ko‘rsatkichlari bor, ruh hamda nanozarra tarkibli mikroelementlar ta’sirida o‘zgarishi ilmiy asoslangan;
B, Zn hamda nanozarra tarkibli mikroelementlarning g‘o‘za barglari tarkibidagi xlorofill pigmentlari, karotinoidlarning ortib borishi dinamikasiga ta’siri isbotlangan;
G‘o‘za navlarining suv almashinuv xususiyatlari mikroelementlar bilan taminlanganligiga bog‘liq ravishda o‘zgarishi isbotlangan;
Samarqand viloyati sharoitida g‘o‘za navlariga mikroelementlarni qo‘llash me’yori ta’sirida biologik, fiziologik xususiyatlari asosida hosildorlikni oshirish, tola sifatini yaxshilash yuzasidan amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
G‘o‘zaning ayrim fiziologik va biokimyoviy ko‘rsatkichlariga mikroelementlar (B, Zn) ta’siri bo‘yicha olingan natijalar asosida:
Omad va Sulton navlaridagi fiziologik jarayonlarini jadallashtirish uchun mikroelementlarni chinbarg, shonalash va gullash fazasida qo‘llash bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidagi “Qo‘qoni paxta g‘alla dalasi”, “Naxangov Sherbek Fayzli dalalari”, “Qorapolvon oltin dalasi”, “Karvon yashil maysasi” fermer xo‘jaliklarida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 27 noyabrdagi 07/21-08/716-son ma’lumotnomasi). Natijada, g‘o‘za navlarida 40,6-45,5 sentnergacha hosildorlikka erishish imkonini bergan;
Mikroelementlar etishmovchiligi kuzatilayotgan maydonlarda mikroelementlarni qo‘llash rejimi hamda me’yori ishlab chiqilib, tuproq tarkibidagi mikroelementlar miqdoridan kelib chiqqan holda mikroo‘g‘itlar bilan o‘g‘itlash me’yorlari Samarqand viloyati Payariq tumanidagi “Asadbek Nurli dalasi” fermer xo‘jaligida 16 gektar, “Shoxrux Sulton dalasi” fermer xo‘jaligida 26 gektar, Oqdaryo tumanidagi “Oqdaryo Xojiobod” fermer xo‘jaligida 12 gektar, jami 54 gektar maydonlarga joriy qilingan. (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 27 noyabrdagi 07/21-08/716-son ma’lumotnomasi). Natijada, tuproqdagi mikroelementlar miqdori va g‘o‘zaning fiziologik holati yaxshilanib, g‘o‘za ekinidan fosforli va kaliyli o‘g‘itlar fonida azotli o‘g‘itlarni qo‘llash hamda mikroelementlarni hisobiga gektaridan 41,7-42,3 sentnergacha hosil olish imkonini bergan.