Mardanov Jamshid Jaxongirovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Ekstradural orqa miya o‘smalarni xirurgik davolash taktikasi», 14.00.28–Neyroxirurgiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam:B2017.1.PhD/Tib123.
Ilmiy rahbar: Kariev Gayrat Maratovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, DSc.28.02.2018.Tib.62.01.
Rasmiy opponentlar: Kadirbekov Ravshanbek Tursunbekovich, tibbiyot fanlari doktori; Mirzabaev Marat Djumabekovich, tibbiyot fanlari doktori (Qozog‘iston Respublikasi).
Yetakchi tashkilot: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ekstradural orqa miya o‘smalarini differensial jarrohlik yondashish orqali davolash natijalarini yaxshilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
umurtqaning old va yon tomonlarida joylashgan orqa miya ekstradural o‘smalarini davolashda nerv-tomir ustunini adekvat dekompressiya qiluvchi va umurtqa pog‘onasi tayanch tuzilmasini maksimal saqlab qoluvchi orqa tomondan bajarish orqali jarrohlik yondashuvi takomillashtirilgan;
orqa miya ekstradural o‘smalarining gistologik tuzilishi va lokalizatsiyasi bo‘yicha kasallikning nevrologik holatining tiklanish prognostik kriteriylari ishlab chiqilgan;
umurtqa pog‘onasi o‘smalarini xirurgik davolashda destruksiya o‘lchamlarini aniqlashga va suyak nuqsonini to‘ldiruvchi metilmetakrilat miqdori me’yorlari ishlab chiqilgan;
umurtqa pog‘onasi ekstradural o‘smalarini Tomita va WWB tasniflari asosida davolashning dekompressiv, dekompressiv–stabilizatsiyalovchi va stabilizatsiyalovchi differensial xirurgik yondashuvlarga ko‘rsatmalar aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Orqa miya ekstradural o‘smalari bo‘lgan bemorlarda xirurgik davolash taktikasini yaxshilashga bag‘ishlangan tadqiqot bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ekstradural o‘smalarni jarrohlik yondashuv yo‘li bilan davolash va umurtqa pog‘onasidagi patologik o‘choqlar o‘lchamini aniqlash uslublari ishlab chiqilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 27 martdagi 8n-d/55-son ma’lumotnomasi). Qo‘llanilgan uslublar umurtqa pog‘onasining nerv-tomir ustunini maksimal ravishda dekompressiya qilish va umurtqa tanasiga yuboriluvchi metilmetakrilat miqdori me’yorlarini belgilash imkonini bergan;
klinik-instrumental tekshiruvlar natijalariga asoslangan bosqichli davolash algoritmi ishlab chiqilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 27 martdagi 8n-d/55-son ma’lumotnomasi). Ushbu algoritm orqa miya ekstradural o‘smalarini erta davrlarda aniqlash va kaminvaziv jarrohlik amaliyotlari o‘tkazish hamda bemorlarning hayot sifatini oshirish imkonini bergan;
ekstradural orqa miya o‘smalarni xirurgik davolash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, xususan, Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi klinikasi, Respublika ixtisoslashtirilgan shoshilinch tibbiy yordam markazi Buxoro filiali, Samarqand davlat tibbiyot instituti 1-klinikasi, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filiali, Buxoro viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi klinikalari amaliy faoliyatiga tatbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yilning 14 sentyabridagi 8n-z/168-son ma’lumotnomasi). Natijada ekstradural o‘smalari bo‘lgan bemorlarni tashxislash va xirurgik davolash taktikasini optimallashtirish va bemorlar hayot sifatini oshirishga xizmat qilgan.