Chorshanbiev Nurali Esanpulotovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): G.barbadense L. turining duragaylarida morfobiologik belgilarning irsiylanish xususiyatlari asosida navlar yaratish», 03.00.09 – Umumiy genetika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.DSc/B202.
Ilmiy maslahatchi: Nabiev Saidg‘ani Muxtorovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, DSc 02/30.12.2019.V.53.01.
Rasmiy opponentlar: Qaxxorov Izzatilla Tilovovich, qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor; Axmedov Jamolxon Xodjaxonovich, biologiya fanlari doktori, professor; Boboev Sayfullo G‘afurovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: G.barbadense L. turining duragaylarida morfobiologik va qimmatli-xo‘jalik belgilarning irsiylanishi, o‘zgaruvchanligi va o‘zaro bog‘liqligi xususiyatlarini tavsiflash asosida yangi irsiy asosga ega seleksion ashyolar va navlar yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor ingichka tolali G.barbadense L. g‘o‘za turining navlari va duragaylarida “asosiy poya diametri”, “ko‘sak uzunligi va diametri”, “barglarning solishtirma sath zichligi”, “quruq biomassa”, “xo‘jalik hosil indeksi”, “o‘q ildiz uzunligi” kabi morfobiologik belgilarining namoyon bo‘lishi, irsiylanishi va korrelyasiyasi aniqlangan;
resiprok duragaylardagi farqlanish asosida “barglarning solishtirma sath zichligi”, “quruq biomassa” va “ko‘sak uzunligi” belgilarining irsiy nazoratida yadroviy va sitoplazmatik genlarning ishtirok etishi isbotlangan;
“xo‘jalik hosil indeksi” belgisining ya’ni generativ organlarining o‘simlik umumiy biomassadagi ulushining yuqori ko‘rsatkichlariga ega ingichka tolali g‘o‘za navlari aniqlangan;
ingichka tolali g‘o‘za navlarining guruhida “barg qalinligi” “o‘simlik mahsuldorligi” bilan kuchli ijobiy korrelyasiyaga ega ekanligi (r=0,93), “asosiy poya diametri”ning “tola chiqimi” bilan korrelyasiyasi esa kuchli manfiy (r=-0,68) ekanligi aniqlangan;
ingichka tolali g‘o‘zaning qimmatli-xo‘jalik belgilari bo‘yicha umumiy kombinatsion qobiliyat (UKQ) ning yuqori samarasi va donorlik xususiyatiga ega navlari va tizmalari aniqlangan;
nav-tizmalararo duragaylarining F2 avlodida morfo-xo‘jalik belgilari bo‘yicha ota-ona shakllariga nisbatan keng ko‘lamdagi o‘zgaruvchanlik hamda chap va o‘ng tomonlama ijobiy transressiya yuzaga kelishi, bu esa qimmatli genotiplarni ajratib olishga imkon berishi aniqlangan;
nav-tizmalararo F3 oilalari va ularning ota-ona shakllari o‘simlik suv almashinuvining fiziologik ko‘rsatkichlari qiyosiy baholangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
G.barbadense L. turining duragaylarida morfobiologik belgilarning irsiylanish xususiyatlarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ingichka tolali g‘o‘zaning “Marvarid” naviga Intellektual mulk agentligidan patent olingan (Patent NAP 00362-raqamli 09.11.2021 yil). Natijada, ushbu navni Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida katta maydonlarga ekish imkonini bergan;
ingichka tolali g‘o‘zaning “Marvarid” navi 2022 yilda Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida 1 gektarga, Navoiy viloyatining Navbahor tumani “Navbahor tekstil” MChJ agroklasterida 20 gektar maydonga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 1 iyundagi 05/06/514-son ma’lumotnomasi). Natijada, Qashqaryoda 40,0 s\ga, Navoiy viloyatida 36,1 sentnerdan hosil olish imkonini bergan;
“Marvarid” navi 2023 yilda Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani “Nukrabod fayz” fermer xo‘jaligida 0,5 gektar, Nishon tumani “Jovliev Abduraup” fermer xo‘jaligida 1 gektar, Nishon tumanidagi “Indorama agro” MChJ X\K klaster dalasida 60 gektarga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 1 iyundagi 05/06/514-son ma’lumotnomasi). Natijada, yangi ingichka tolali suv tanqisligiga chidamli va tezpishar «Marvarid» g‘o‘za navi yuqori va sifatli hosil olish imkonini bergan;
G.barbadense L. turiga mansub yangi “G‘uzor” va “Bo‘ston” navlari 2021 yilda Zangiota tajriba stansiyasida 0,75 gektar maydonga ko‘paytirish uchun joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 1 iyundagi 05/06/514-son ma’lumotnomasi). Natijada, yangi ingichka tolali “G‘uzor” va “Bo‘ston” g‘o‘za navlaridan yuqori va sifatli hosil olish imkonini bergan.