Rajabboev Ibodulla Murodullaevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Mahsulotli eritmalardan uranni ajratib olish jarayonlariga tazyiqlovchilar ta’sirini tadqiq qilish va texnologiyasini takomillashtirish», 02.00.19 – Kamyob, nodir va radioaktiv elementlar kimyoviy texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.DSc/T783.
Ilmiy maslahatchi: Sharafutdinov Ulugbek Ziyatovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti huzuridagi DSc.02/05.05.2023.K/T.35.02 raqamli Ilmiy kengash asosidagi bir martalik Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Muzafarov Amrullo Mustafoevich, kimyo fanlari doktori, dotsent; Matkarimov Soxibjon Turdalievich, texnika fanlari doktori, professor; Shodiev Abbos Ne’mat o‘g‘li, texnika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning Olmaliq filiali.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mahsulotli eritmalar tarkibidagi tazyiqlovchilarni uranni ajratib olish jarayonlariga ta’sirini aniqlash va texnologiyani takomillashtirish asosida uranni ajratib olish darajasini oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mahsulotli eritmalar va qatron tarkibidan nitrat, fosfat va temir ionlarini aniqlashning yangi metodikalarini ishlab chiqish asosida tahlil jarayonlari vaqti 40 daqiqadan 20 daqiqagacha kamayganligi aniqlangan;
ilk bor er ostida tanlab eritishdan olingan mahsulotli eritmalardan uranni sorbsiyalash jarayoniga ta’sir qiluvchi tazyiqlovchilar hamda ularni ta’sir miqdorlarini aniqlash asosida nitrat, xlor va temir ionlari uran sorbsiyasining eng faol tazyiqlovchilari ekanligi asoslangan;
mahsulotli eritmalardan uranni sorbsiyalash jarayoniga har bir umumiy qo‘shimcha komponentlar (xlor, nitrat, fosfat, temir, alyuminiy, marganes) miqdorini 2 g/l ga oshirilishi anionitni uran bo‘yicha sig‘imiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi isbotlangan;
uran tarkibli cho‘kmalarni sulfat kislota eritmasi bilan tanlab eritish asosida tarkibida 20-25 g/l uranli eritma olingan va tanlab eritish sxemasi ishlab chiqilgan;
turli xil ekstragentlarni qo‘llash va solishtirish bilan uranil sulfat eritmasidan uranni aralashma, hamda mono holatdagi di2-etilgeksil fosfor kislota (D2EGFK), tributilfosfat (TBF) ekstragentlari bilan ekstraksiyalashda nitrat ionlari ta’sir etmasligi, trialkilamin (TAA) bilan ekstraksiyalashda organik fazadagi uranning miqdori keskin pasayishi aniqlangan;
mahsulotli eritmalardan uranni ajratib olish texnologiyasi fosforsizlantirish, nitratsizlantirish, cho‘ktirish, filtrlash va uran tarkibli cho‘kmalarga ishlov berish bosqichlari bilan takomillashtirilib, uranni ajratib olish darajasi 8% gacha oshganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Mahsulotli eritmalar tarkibidan uranni ajratib olish jarayonlariga tazyiqlovchilar ta’sirini tadqiq qilish va texnologiyasini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
fotometrik usulda texnologik eritmalar va qatron tarkibidagi fosfat miqdorini aniqlash metodikalari “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Markaziy ilmiy-tadqiqot laboratoriyasida amaliyotga joriy etilgan (“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJning 2024 yil 14 iyundagi 23/01-01-07/304-son ma’lumotnomasi). Natijada, uran rudalarini sulfat kislota bilan tanlab eritishda eritmadagi va qatrondagi fosfat ionlarini aniqlash imkonini bergan;
nitrat ionlarini texnologik eritmalardagi massa konsentratsiyasini titrometrik va qatron tarkibidagi miqdorini fotometrik usullar yordamida o‘lchash metodikalarini metodikalari “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Markaziy ilmiy-tadqiqot laboratoriyasida amaliyotga joriy etilgan (“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJning 2024 yil 14 iyundagi 23/01-01-07/304-son ma’lumotnomasi). Natijada, uran rudalarini sulfat kislota bilan tanlab eritishda eritmadagi va qatrondagi nitrat ionlarini aniqlash imkonini bergan;
texnologik eritmalar tarkibidagi temir (III) massa miqdorini titrimetrik hamda qatron tarkibidagi temirni massa miqdorini fotometrik usulda aniqlash metodikalari “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Markaziy ilmiy-tadqiqot laboratoriyasida amaliyotga joriy etilgan (“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ ning 2024 yil 14 iyundagi 23/01-01-07/304-son ma’lumotnomasi). Natijada, uran rudalarini sulfat kislota bilan tanlab eritishda eritmadagi va qatrondagi temir (III) ionlarini aniqlash imkonini bergan.