Raximova Dilobar Ibragimovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Mineral o‘g‘itlar qo‘llamasdan g‘o‘za yetishtirishda Tevevit Boms mikrobiologik preparatining ta’sirini o‘rganish”, 06.01.08 – O‘simlikshunoslik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Qx913
Ilmiy rahbar: Abdualimov Shuxrat Xamadullaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022.Qx.13.01
Rasmiy opponentlar: Qoraboev Ikrom To‘raevich, qishloq xoʻjaligi fanlari  doktori, professor; Abduraximov Nurali Normamatovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Toshkent viloyatining tipik bo‘z tuproqlari sharoitida mineral o‘g‘itlar va kimyoviy vositalarsiz g‘o‘za yetishtirishda Tevevit Boms preparatini qo‘llashning o‘simlik o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligiga ta’sirini aniqlash va ekologik toza paxta yetishtirishni ilmiy-amaliy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Toshkent viloyatining tipik bo‘z tuproqlari sharoitida mineral o‘g‘itlar va kimyoviy vositalarsiz, ekologik toza paxta yetishtirishda Tevevit Boms preparatini qo‘llashning ilmiy asoslari ishlab chiqilgan;
Tevevit Boms preparati chigit ekish oldidan 300-600 kg/ga me’yorlarda qo‘llanilganda nihollar unib chiqishi tezlashgan, g‘o‘zaning o‘sishi, rivojlanishi va fotosintetik faoliyati uchun qulay sharoit yaratilib, bo‘yi 0,7-2,8 sm baland bo‘lishi, shuningdek hosil shoxlari 0,2-0,4 donaga, barglar soni 4,2-4,5 donaga, barglar og‘irligi 12,7-12,9 grammga va umumiy quruq vazni 19,9-20,3 grammga ortganligi, barg yuzasi 319,1-346,0 sm2 ga ko‘payib, fotosintez sof mahsuldorligi sutkasiga 0,65-1,10 g/m2 ga ortganligi aniqlangan;
g‘o‘za mineral o‘g‘itlar va kimyoviy vositalarsiz Tevevit Boms preparati qo‘llab etishtirilganda, nazorat (N-200, P-140, K-100 kg/ga) variantga nisbatan hosildorlik 4,4-5,1 s/ga, paxta tolasi uzunligi 0,02-0,04 dyum, solishtirma uzilish kuchi 0,6-1,0 gk/teks, tola chiqimi 1,3-1,6%, chigit moydorligi 0,11-1,11% yuqori bo‘lishi hisobiga ekologik toza paxta etishtirish iqtisodiy jihatdan samarali ekanligi aniqlangan;
g‘o‘zaga mineral o‘g‘itlarsiz Tevevit Boms preparati qo‘llanilganda tuproqning gumus, umumiy shakldagi oziqa elementlari miqdorlari biroz kamaygan, lekin tuproqdagi ammonifikatorlar 3,0x105, spora hosil qiluvchilar 27x103-31x103, oligonitrofillar 2,0x105-4,0x105, azotfiksatorlar 4,0x104-6,0x104  donani tashkil etib, mikroorganizmlar faolligi oshgani aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Toshkent viloyatining tipik bo‘z tuproqlari sharoitida g‘o‘zani parvarishlashda mineral o‘g‘itlar va kimyoviy vositalar qo‘llamasdan ekologik toza paxta yetishtirish bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqot natijalari asosida:
mineral o‘g‘itlar va kimyoviy vositalar qo‘llamasdan ekologik toza paxta yetishtirish bo‘yicha “Organik paxta yetishtirishda Tevevit Boms mikrobiologik preparatini qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar” tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022-yil 25-iyuldagi 07/33-04/4932-son ma’lumotnomasi). Mazkur tavsiyanoma bugungi kunda paxtachilik fermer xo‘jaliklari va paxta-to‘qimachilik klasterlari uchun amaliy qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
mineral o‘g‘itlar va kimyoviy vositalar qo‘llamasdan ekologik toza paxta yetishtirishda Tevevit Boms preparatini qo‘llash texnologiyasi 2019-2021 yillarda Toshkent viloyati tipik bo‘z tuproqlari sharoitida Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot institutining tajriba xo‘jaligida 2,0 ga, Namangan viloyati och tusli bo‘z tuproqlarida Namangan IS tajriba xo‘jaligida 2,0 ga, jami 4,0 ga maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022-yil 25-iyuldagi 07/33-04/4932-son ma’lumotnomasi). Natijada, Tevevit Boms preparati tuproqqa 300-600 kg/ga me’yorda qo‘llaniganda chigitning dala unuvchanligi tezlashgan, g‘o‘zaning bo‘yi 6-7 sm ga, hosil shoxlari 1,3-1,5 donaga, ko‘saklar soni 2,0-3,1 donaga ortib, qo‘shimcha 4,9 s/ga ekologik toza, organik paxta etishtirishga va 23,8-29,4 % yuqori rentabellikka erishilgan;
mineral o‘g‘itlar va kimyoviy vositalar qo‘llamasdan g‘o‘za yetishtirishda Tevevit Boms preparatini 600 kg/ga me’yorda qo‘llash texnologiyasi 2019-yilda Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani Namangan IS tajriba xo‘jaligida 2,0 ga maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022-yil 25-iyuldagi 07/33-04/4932-son ma’lumotnomasi). Natijada, Tevevit Boms preparati chigit ekishdan oldin tuproqqa 600 kg/ga me’yorda qo‘llaniganda, 33,2 s/ga paxta hosili yetishtirilgan va 4223,2 ming so‘m/ga sof foyda olinib, rentabellik darajasini 30,7 %, shu jumladan nazoratga nisbatan 13,1 % yuqori bo‘lishiga erishilgan;
mineral o‘g‘itlar va kimyoviy vositalar qo‘llamasdan g‘o‘za yetishtirishda Tevevit Boms preparatini 300-600 kg/ga me’yorlarda qo‘llash texnologiyasi 2021-yilda Toshkent viloyati Qibray tumani Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot institutining tajriba xo‘jaligida 2,0 ga maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022-yil 25-iyuldagi 07/33-04/4932-son ma’lumotnomasi). Natijada, chigit ekishdan oldin tuproqqa Tevevit Boms preparati 300-600 kg/ga me’yorlarda qo‘llanilganda g‘o‘zaning o‘sishi va rivojlanishi jadallashgan, fiziologik jarayonlari muvofiqlashib, 40,7-41,1 s/ga paxta hosili yetishtirilgan va gektaridan 6995,5-7484,7 ming so‘m foyda olinib, rentabellik 51,5-45,9 % ni tashkil etgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish