Radjapova Lola Nuraddinovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ichki ishlar organlari xodimlari ijtimoiy himoyasining tashkiliy-huquqiy jihatlarini takomillashtirish”, 12.00.02 – Konstitusiyaviy huquq. Ma’muriy huquq. Moliya va bojxona huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/Yu922.
Ilmiy rahbar: Qodirov Umidjon Abdimuratovich, yuridik fanlar nomzodi, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qoraqalpoq davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Yu.20.02.
Rasmiy opponentlar: Ziyodullaev Muzaffar Ziyodullaevich, yuridik fanlar doktori, professor; Daumenov Berdaq Aymuratovich, yuridik fanlar nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ichki ishlar organlari xodimlarining ijtimoiy himoyasining tashkiliy-huquqiy jihatlarini takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
xizmatni o‘tash davrida uy-joyga yoki yashash sharoitlarini yaxshilashga muhtoj ichki ishlar organlari xodimlariga, shuningdek ularning oila a’zolari (eri (xotini), farzandlari yoki qaramog‘ida bo‘lgan shaxslar)ga qo‘shimcha yashash maydoniga bo‘lgan huquq hisobga olinib, tashkil etiladigan xizmat uy-joylari fondi, shuningdek ichki ishlar organlariga biriktirilgan uy-joy fondidagi kvartiralar hisobidan yashash maydonining belgilangan ijtimoiy normalari doirasida xizmat uy-joylari berilishi asoslantirilgan;
ichki ishlar organlari xodimlariga turar-joyga ega bo‘lish yoki yashash sharoitini yaxshilash uchun besh yildan oshmaydigan muddatga Ichki ishlar vazirligi byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining ming baravaridan oshmaydigan miqdorda uzoq muddatli foizsiz qarz berilishi zarurligi isbotlangan;
tergovchi va surishtiruvchilarning xizmat va ijrochilik intizomi, ularning ko‘rsatkichlariga ko‘ra har chorakda rag‘batlantirishni muddatli depozitga qo‘yishdan olingan foiz daromadlari hisobidan amalga oshirilishi zarurligi asoslantirilgan;
ichki ishlar organlari xodimlari uy-joylar taqsimoti qur’a tashlash orqali amalga oshirilishi, xonalar sonini belgilashda xodim va oila a’zolarining yashash maydoni bo‘yicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan ijtimoiy normalar inobatga olinishi lozimligi, alohida imtiyoz va ustunliklar berilishiga yo‘l qo‘yilmasligi, xodimning oila a’zolaridan nogironligi bo‘lganda imtiyoz sifatida ularning istagiga ko‘ra pastki qavatlardan, qur’a tashlashsiz uy-joy ajratilishi mumkinligi isbotlangan;
ichki ishlar organlari xodimlariga yashash sharoitini yaxshilash uchun foizsiz qarz berilganida qarz olgan xodim ichki ishlar organlari xizmatidan salbiy asoslarga ko‘ra hamda pensiya olish huquqini bermaydigan holda bo‘shatilganda, shuningdek, qarz mablag‘idan maqsadsiz foydalanilganligi aniqlanganda qarz shartnomasini bekor qilish yoki qarzni qaytarish muddati tugamasdan qarz mablag‘ini undirib olish lozimligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ichki ishlar organlarining ijtimoiy himoya sohasidagi qonun hujjatlarining umumiy qoidalarini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
xizmatni o‘tash davrida uy-joyga yoki yashash sharoitlarini yaxshilashga muhtoj xodimlarga xizmat uy-joylari berilishi bo‘yicha takliflari Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyasining shaxsiy tarkibi hamda ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish tizimini tartibga solish to‘g‘risida” gi 2022-yil 4-iyul 354-son qarorining 61-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Axborot tahlil va yuridik ta’minlash departamentining 2023-yil 26-sentyabrdagi 12/15-79-son dalolatnomasi). Taklif xizmatni o‘tash davrida uy-joyga yoki yashash sharoitlarini yaxshilashga muhtoj xodimlarga xizmat uy-joylari fondi, ichki ishlar organlariga biriktirilgan uy-joy fondidagi kvartiralar hisobidan yashash maydonining belgilangan ijtimoiy normalari doirasida xizmat uy-joylari berilishiga xizmat qilgan;
ichki ishlar organlari xodimlariga turar-joyga ega bo‘lish yoki yashash sharoitini yaxshilash uchun besh yildan oshmaydigan muddatga foizsiz qarz berish bo‘yicha taklif Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyasining shaxsiy tarkibi hamda ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish tizimini tartibga solish to‘g‘risida” gi 2022-yil 4-iyul 354-son qarorining 96-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Axborot tahlil va yuridik ta’minlash departamentining 2023-yil 26-sentyabrdagi 12/15-79-son dalolatnomasi). Ushbu taklif xodimlarga arzon ko‘p kvartirali uylardan kvartira sotib olish, uy-joyini rekonstruksiya qilish, uy-joy qurish uchun besh yildan oshmaydigan muddatga bazaviy hisoblash miqdorining ming baravaridan oshmaydigan miqdorda uzoq muddatli foizsiz qarz berilishiga xizmat qilgan;
ichki ishlar organi surishtiruvchi va tergovchilariga yuklatilgan vazifalarni samarali amalga oshirishlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratish masalalarini hal etish bo‘yicha takliflari “O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tergov bo‘linmalarining vaqtincha tasarrufidagi bo‘sh pul mablag‘larini muddatli depozitga qo‘yishdan olingan daromaddan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 3-bob, 7-band uchinchi xatboshisini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIV 2023-yil 27-martdagi 18/2000-son dalolatnomasi). Taklif tergovchi va surishtiruvchilarning xizmat va ijrochilik intizomiga, ish ko‘rsatkichlariga ko‘ra rag‘batlantirishni yo‘lga qo‘yilishiga xizmat qilgan;
ichki ishlar organlari xodimlariga uy-joylar taqsimoti qur’a tashlash orqali amalga oshirilishi bo‘yicha takliflari “Ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish faoliyatini tartibga solish to‘g‘risida”gi 404-sonli Ichki ishlar vazirining buyrug‘iga asosan Nizomning 53-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIV 2024-yil 16-fevraldagi 2/391-son dalolatnomasi). Taklif ichki ishlar organlari xodimlarining uy-joy bo‘yicha imtiyozlarini odilona taqsimlanishida, alohida imtiyoz va ustunliklar berilishiga yo‘l qo‘yilmasligiga xizmat qilgan;
ichki ishlar organlari xodimlariga qarz berilganida qarz shartnomasi bekor qilinish va qarz mablag‘larining undirib olinish asoslari yuzasidan takliflari “Ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish faoliyatini tartibga solish to‘g‘risida”gi 404-sonli Ichki ishlar vazirining buyrug‘iga asosan Nizomning 116-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIV 2024-yil 16-fevraldagi 2/391-son dalolatnomasi). Taklif bo‘yicha ichki ishlar organlari xodimlari qarz olganida xodim ichki ishlar organlari xizmatidan salbiy asoslarga ko‘ra hamda pensiya olish huquqini bermaydigan holda bo‘shatilganda qarz shartnomasining bekor bo‘lishi va qarz mablag‘larini qaytarilishiga xizmat qilgan.