Yilmaz Jankalo‘g‘luning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmogʻi nomi): “O‘zbekistonda islom diniy ta’limi va uni rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi 09.00.02 – Ong, madaniyat va amaliyot shakllari falsafasi (Din falsafasi) (Falsafa fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Fal498.
Ilmiy maslahatchi: Saifnazarov Ismoil, falsafa fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.F.01.05.
Rasmiy opponentlar: Xolbekov Abdulg‘ani, sotsiologiya fanlari doktori, professor; Abdullaev Abdurasul Abdulppattoevich, falsafa doktori (PhD) dodsent,
Yetakchi tashkilot: Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy-amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonda diniy ta’limni rivojlantirish, diniy va dunyoviy bilimlarning mutanosibligi va barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekistonda diniy qadriyatlar xalq turmush tarziga chuqur kirib borgani sababli islom diniy ta’limining odamlar ongida irodani tarbiyalash omili, aholining o‘zaro hamkorligi va ijtimoiy himoyasining tengligini ta’minlashda namoyon bo‘lishi asoslangan;
Markaziy Osiyoda asrlar mobaynida diniy ta’lim nafaqat islom ilmlarini, balki borliq bilan bog‘liq boshqa ilmlarni ham o‘rganish omili sifatida ko‘rilgani natijasida ajdodlarimizning nafaqat islomiy, balki ijtimoiy, tabiiy fanlarda ham ulkan kashfiyot va muvaffaqiyatlarga erishganligi ochib berilgan;
Mustaqillik davrida aholining diniy qadriyatlarga bo‘lgan qiziqishi ortishi natijasida diniy ta’lim fuqarolar ongida, xususan, yoshlar tafakkurida istiqlolni qadrlash, vatanni sevish, diniy va milliy qarashlarni qadrlashni ta’minlashi omili sifatida namoyon bo‘lgani isbotlangan;
Turkiya va O‘zbekiston misolida diniy ta’limni xususilashtirmaslik yondashuvi diniy ta’limotda o‘zining shaxsiy qarashlarini bildiruvchi “ustozlar”ni oldini olish orqali jamiyatni soxta aqidalarda saqlash ekani dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekistonda diniy ma’rifat va uni rivojlantirish istiqbollari davomida olingan ilmiy natijalar asosida:
O‘zbekistonda diniy ta’limning odamlar ongida irodani tarbiyalash omili, sovet tuzumi davridagi diniy ta’limning asosiy maqsadlari xalqining dunyoqarashi, hayot tarzi, urf-odatlarini o‘zgartirishdagi ta’siri, uning ijtimoiy ongga mafkuraviy ta’sirida namoyon bo‘lishiga oid xulosalardan O‘zbekiston Milliy Teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston Teleradiokanali» Davlat Muassasasining  «O‘zbekistonda diniy ma’rifat va uni rivojlantirish istiqbollari» mavzusidagi ko‘rsatuvni tayyorlashda foydalanilgan. (O‘zbekiston Milliy Teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston Teleradiokanali» Davlat Muassasasining 2023 yil 12 iyuldagi № 02-31-1080-son ma’lumotnomasi). Natijalar fuqarolar ongida diniy bilimlarning rivojlanish tarixi, ularning turmush tarziga ta’siri haqida tasavvurlarning shakllanishiga xizmat qilgan;
O‘zbekistonda diniy ta’limni tashkil etish uchun yaratilgan sharoitlarning davrning ruhi bilan bog‘liqligi,  umuminsoniy, milliy va ma’naviy qadriyatlariga tayangan holda dinning kommunikativ funksiyasini amal qilishiga oid xulosalardan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Huzuridagi Imom Buxoriy Xalqaro Ilmiy-Tadqiqot Markazining ilmiy muloqotlarini tashkil etish va turkum uslubiy qo‘llanmalarni tayyorlashda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Huzuridagi Imom Buxoriy Xalqaro Ilmiy-Tadqiqot Markazining 2023 yil 05 apreldagi № 02/164-son ma’lumotnomasi). Natijalar mustaqillik yillarida diniy ma’rifatni rivojlantirish maqsadlari insonda rozi bo‘lib yashash tuyg‘usini shakllantirishga yo‘nalganligini tushunishga xizmat qilgan;
Yangi O‘zbekistonda tashkil etilgan diniy ta’lim muassasalarida dunyoviy va diniy bilimlar mutanosibligini ta’minlashning dinlararo bag‘rikenglik, milliy tarixiy ongni shakllantirish hamda diniy radikalizmga qarshi kurash vositasi ekanligiga oid xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar Agentligining ijtimoiy yo‘naltirilgan dasturlarini tayyorlashda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar Agentligining 2023 yil 09 maydagi № 3-02-21-1232-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari tarbiyada diniy ongni rivojlantirishga oid madaniy tadbirlarni tayyorlashda xizmat qilgan;
globallashuv sharoitida mamlakatimizda diniy konfessiyalararo hamkorlikni ta’minlashda tarixiy jarayonda shakllangan siyosiy, madaniy va geografik omillarni hisobga olish, diniy ma’rifatning yoshlar tarbiyasiga ta’siri va  uni milliy qadriyat sifatida asrashning ahamiyatiga oid g‘oyalardan O‘zbekiston Musulmonlari Idorasining madrasalar tarixini va diniy ta’lim jarayonlarining xorijiy tajribasini o‘rganishga oid adabiyotlarni tayyorlashda foydalanilgan. (O‘zbekiston Musulmonlari Idorasining 2023 yil 17 apreldagi № 1147-son ma’lumotnomasi). Natijalar diniy tashkilotlar hamkorligining asosiy maqsadi dinlararo bag‘rikenglikni shakllantirish va dunyoda tinchlikni saqlashga yo‘nalganligini tushunishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish