Qurbonov Hakimxon G‘olibovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Poliakrilonitril asosida tolasimon polifunksional ion almashinuvchi materialning olinishi va xossalari», 02.00.06 - Yuqori molekulyar birikmalar (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/K438.
Ilmiy rahbar: Rustamov Maxammasidik Kukanbaevich, kimyo fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti huzuridagi  DSc.03/30.12.2019.K.01.03 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Rafikov Atxam Salimovich, kimyo fanlari doktori, professor; Kurbanbaev Shuxrat Ergashevich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: poliakrilonitril asosida tolasimon polifunksional ion almashinuvchi materialning olinishi va xossalarini tadqiq qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
poliakrilonitrilli nitron tolasini trietanolamin bilan kimyoviy modifikatsiyalash orqali tarkibida gidroksil hamda uchlamchi aminoguruhlar tutgan tolasimon sorbent sintez qilingan;
trietanolaminning nitron tolasi bilan o’zaro ta’sirida to’rsimon strukturaning shakllanishi va bu jarayonda makromolekulalararo tarmoqlanishning kuchayganligi aniqlangan;
sintez qilingan sorbentlarning suvli eritmalardan bixromat, molibdat ionlarini sorbsiyalanishining kinetikasi va termodinamikasini tadqiq qilish orqali ushbu jarayonlarning ifodalovchi parametrlari hamda sorbsiyalanish mexanizmlari aniqlangan;
ilk bora poliakrilonitiril va trietanolamin asosida olingan polimer materiallar asosida fosfor tutgan qiyin yonuvchan material sintez qilingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Poliakrilonitril tolasi asosida olingan anion almashinuvchi materiallarning fizik-kimyoviy xossalarini va ishlatilish sohalari bo’yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
PAN-TEA anioniti sulfat kislotali texnologik eritma tarkibidagi Mo, Re va Se ionlarini ajratib olish uchun «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJda amaliyotga joriy qilingan («Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» 2023-yil 7-iyundagi 06-23/01-1031-son ma’lumotnomasi). Natijada, qo‘shimcha ravishda oyiga 50-60 kg miqdorida kamyob (Mo-337, Re-100, Se-130 mg/l) metallar konsentratini ajratib olish imkonini bergan;
yangi olingan PAN asosidagi noto’qima materiali O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining 2023 yil 13-noyabrdagi 5/4/30-3340 son ma’lumotnomasi). Natijada, yangi PV=0 toifasiga kiradigan qiyin yonuvchan materiallar yaratish imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish