Yo‘ldoshev Davron Furqat o‘g‘li
texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): “Shahar yo‘nalishli avtobuslarning harakat jadvalini ishlab chiqish usulini takomillashtirish (geosinoptik parametrlarni hisobga olgan holda)”, 05.08.06 – “G‘ildirakli va gusenisali mashinalar va ularni ishlatish” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/T4298
Ilmiy rahbar: Samatov Gaffor Allakulovich, iqtisod fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti huzuridagi DSc.15/31.08.2022.T.73.03 raqamli ilmiy kengash
Rasmiy opponentlar: Xalmuxamedov Aziz Suratovich, texnika fanlari doktori, professor; Xakimov Shaukat Kudayberganovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Jizzax politexnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi. Texnika yo‘nalishi. Nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi shahar yo‘nalishli avtobuslarining harakat jadvalini ishlab chiqish usulini geosinoptik parametrlar asosida takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
shahar yo‘nalishli avtobuslarda ekspluatatsion harakat tezligining, qatnov vaqtining va yo‘lovchilar oqimining geosinoptik parametrlar ta’sirida o‘zgarish qonuniyatlari korrelyasion-regression tahlil usuli yordamida aniqlangan;
shahar yo‘nalishli avtobuslarda yo‘lovchilar oqimining qishki va yozgi mavsumlardagi o‘zgarishini bashorat qilish modeli eng kichik kvadratlar usuli yordamida ishlab chiqilgan;
shahar yo‘nalishli avtobuslarining ekspluatatsion tezliklari va yo‘lovchilar oqimining geosinoptik parametrlar ta’siridagi o‘zgarishini hisobga oluvchi koeffisientlar qiymatlari graflar nazariyasining tarmoqlanish elementlari yordamida aniqlangan;
shahar yo‘nalishli avtobuslarining harakat jadvalini ishlab chiqish usuli, geosinoptik parametrlarni hisobga olgan holda avtobuslarining ekspluatatsion tezliklari va yo‘lovchilar oqimining o‘zgaruvchanligini ifodalovchi koeffisientlar yordamida takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Shahar yo‘nalishli avtobuslarning harakat jadvalini ishlab chiqish usulini takomillashtirish (geosinoptik parametrlarni hisobga olgan holda) tadqiqoti bo‘yicha olingan natijalar asosida:
shahar yo‘nalishli avtobuslarining ekspluatatsion tezliklari va yo‘lovchilar oqimining geosinoptik parametrlar ta’siridagi o‘zgarishini hisobga oluvchi koeffisientlar qiymatlari “Toshshahartransxizmat” AJ da joriy etilgan (“Toshshahartransxizmat” AJ ning 2023 yil 9 oktyabrdagi 4-06-16/1698-son dalolatnomasi). Natijada past haroratli iqlim sharoitlarida yo‘nalishli avtobuslar harakatini o‘zgaruvchan yo‘lovchilar oqimiga muvofiqlashtirish imkoniyati 14 foizga oshgan.
yo‘nalishda yo‘lovchilar oqimiga, ekspluatatsion harakat tezligiga, qatnov vaqtiga geosinoptik parametrlar ta’sirini hisobga oluvchi avtobuslar harakat jadvalini ishlab chiqish usuli “Toshshahartransxizmat” AJ da tatbiq etilgan (“Toshshahartransxizmat” AJ ning 2023 yil 9 oktyabrdagi 4-06-16/1698-son dalolatnomasi) Natijada qish mavsumining turli iqlim sharoitida kerakli avtobuslar soni va ularning oraliq intervallarining meʼyorini aniqlash imkoni yaratilgan.
qishki va yozgi mavsumlarda shahar yo‘nalishli avtobuslarda yo‘lovchilar oqimining o‘zgarishini bashorat qilish modeli “Toshshahartransxizmat” AJ da joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2023 yil 12 – oktyabrdagi 4/7112-son ma’lumotnomasi) Natijada qish mavsumidagi past harorat ko‘rsatkichlariga avtokorxonaning texnik tayyorgarligini baholash imkoniyati yaratilgan.