Xakimov Mirolimjon Murodiljonovich
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ko‘chma don quritish mashinasi konstruksiyasini takomillashtirish hamda uning kinematik va dinamik tahlili», 05.02.02 – Mexanizmlar va mashinalar nazariyasi. Mashinashunoslik va mashina detallari (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/T3667.
Ilmiy rahbarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Sobirov Xolxo‘ja Abbozovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon mashinasozlik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan muhandislik-qurilish instituti, PhD.03/30.12.2019.T.90.01.
Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Djuraev Anvar Djuraevich, texnika fanlari doktori, professor; Nematov Erkin Hamroevich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Namangan muhandislik-texnoligiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi ko‘chma don quritish mashinasi ishchi barabanining konstruksiyasini takomillashtirish va asosiy parametrlarini asoslash orqali energiya sarfini kamaytirishdan iborat.
III. Dissertatsiya tadqiqotining ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
sholi quritish jarayonida kalloriferda hosil qilingan issiq havo oqimini chiqib ketmasligini va sholi massasini keyingi siklga uzatish uchun belgilangan miqdorda to‘kilishini ta’minlaydigan qopqoq bilan jihozlangan hamda ichki qismiga sholini issiq havo oqimi tomon suradigan vint mahkamlangan barabanli ko‘chma don quritish mashinasining konstruksiyasi ishlab chiqilgan;
yangi konstruksiyadagi ko‘chma don quritish mashinasi barabanining harakat qonuni bilan qopqoqning harakat qonunlari orasidagi bog‘liqliklar barabanga ekvivalent bo‘lgan to‘rt bo‘g‘inli richagli mexanizmni kinematik tahlil etish asosida aniqlangan;
baraban qopqog‘ini belgilangan paytlarda ochilib yopilishini ta’minlovchi prujinaning bikirlik koeffisentini aniqlash imkonini beradigan analitik ifoda qopqoq massasi, baraban radiusi va burchak tezligini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan;
ko‘chma don quritish mashinasi barabanidagi sholi to‘kish qopqog‘ining ochilish burchagining o‘zgarish qonuniyati baraban burilish burchagi va prujinaning bikirlik koeffisientiga bog‘liq ravishda tajribaviy tadqiqotlar asosida aniqlangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ko‘chma don quritish mashinasi konstruksiyasini takomillashtirish hamda uning kinematik va dinamik tahlili bo‘yicha olingan natijalar asosida:
prujina bilan jihozlangan qopqoqni quritish barabaniga biriktirish orqali, barabanli ko‘chma don quritish mashinasining konstruksiyasi uchun yangi texnik echimga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining foydali modelga patentlari olingan («Don ekinlari mahsuloti uchun quritish qurilmasi», №FAP01831. 10.02.2022 y. va «Don mahsulotlari uchun quritish qurilmasi», №FAP02071. 11.08.2022 y). Natijada, takomillashtirilgan barabanli ko‘chma don quritish mashinasining konstruktiv sxemasini ishlab chiqish imkoniyati yaratilgan;
takomillashtirilgan barabanli ko‘chma don quritish mashinasi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi fermer xo‘jaliklarida, jumladan Andijon viloyati Jalaquduq va Marhamat tumanlaridagi fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 6-fevraldagi 07/22-05/458-son ma’lumotnomasi). Natijada, quritish samaradorligi 1 soatda turli namlikdagi 150 kg donni 6% namligini olishda elektr energiya sarfi 3,8 kVt soatni tashkil qilgan hamda quritilgan sholidan tabiiy usulda quritilgan sholiga nisbatan 2,6 % ga ko‘p guruch olishga erishilgan.