Sayt test rejimida ishlamoqda

Yuldasheva Muxabbat Razzoqberdievnaning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Aromatik birikmalarni gidroksi-, galogen alkilamidlar, imidlar va nitrillar bilan amidoalkillash», 02.00.03–Organik kimyo (kimyo fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc /K1.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.K.01.03.

Rasmiy opponentlar: Maksumova Aytura Sitdikovna, kimyo fanlari doktori, professor; Babaev Baxrom Nurillaevich, kimyo fanlari doktori; Xaitbaev Alisher Xamidovich, kimyo fanlari doktori.

Etakchi tashkilot: Toshkent farmatsevtika instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: aromatik birikmalarni metilol-, etilol-, bromalkil amidlar, imidlar, paraform va nitrillar bilan amidoalkillash hosilasining unumi va izomer tarkibiga turli omillarning ta’siri va mahsulotlarning qo‘llanilish sohalarini aniqlashdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: ilk marotaba aromatik birikmalarning galogen alkilimidlar bilan kam miqdordagi L`yuis kislotalari ishtirokida amidoalkillash reaksiyalari fazoviy jihatdan selektiv borib, bitta mono-almashingan mahsulot yuqori unum bilan (90-97%), agar reagent sifatida b-brometilftalimid qo‘llanilsa α-almashingan izomer mahsulotlar hosil bo‘lishi aniqlangan;

aromatik uglevodorodlar, ikki atomli fenollarning efirlari va karbon kislotalarning N-metilolatsetamid, N-metilolxloratsetamid, N-metilolftalimid, N-metilolsuksinimid, b-gidroksietilftalimid,b-gidroksietilmaleinimid, atsetonitril, benzonitril va paraform bilan proton kislotalar ishtirokidagi reaksiyalar natijasida yigirmadan ortiq faol alkilamid, alkilimid guruhlar tutgan hosilalari sintez qilingan;

o-, m-, p-ksilollar, nitromezitilen, benzodioksan-1,4, rezorsin va gidroxinonning efirlarini N-metilolftalimid, N-metilolatsetamid, N-metilolxloratsetamid,b-gidroksietilftalimid, atsetonitril, benzonitril va paraform bilan amidometillash reaksiyalaridan bis-hosilalar sintez qilish usullari ishlab chiqilgan;

metil, butil va nitro guruhlari tutgan aromatik birikmalarning ftalimidometil hosilalarini ishqoriy muhitda gidroliz qilish yordamida tegishli benzil aminlarini olish usullari ishlab chiqilgan;

aromatik birikma molekulasiga amidometil va imidoetil kabi farmokofor guruhining kiritilishi natijasida olingan mahsulotlarning St.aureus, Candida, E.coli, Salm.typhi, Ps.aeruginosa, Xanthomonas malva-cearum, Fusarium oxysporum, Aspergillus terreus, Penicillium sp., Trichoderma harzianum, Pseudomonas stutzeri kabi patogen mikroorganizmlarga qarshi bakterisidlik faolikka ega bo‘lishi aniqlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

Aromatik birikmalarning alkilamidli va imidli hosilalari asosida yangi biologik faol birikmalar sintezi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

aromatik uglevodorodlar va almashingan fenol efirlarini kam miqdordagi FeCl3x6H2O ishtirokida regioselektiv amidoalkillash usuli  F-3-116 «Fenollarni xloratsetillash bo‘yicha fundamental tadqiqotlar hamda O- va S- atsil mahsulotlar olishning regioselektiv usulini ishlab chiqish» mavzusidagi fundamental loyihaga joriy etilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2016 yil 17 noyabrdagi FTK-03-13/815-son ma’lumotnomasi). Ishlab chiqilgan usul tuproq patogeni bo‘lgan fuzarioz kasalligiga qarshi bakterisidlik xossalarini namoyon qiluvchi yangi fenollarning hosilalarini olish imkonini bergan;

aromatik birikmalarning amidoetil hosilalari metall qurilmalarining biokorroziya jarayoniga qarshi bioingibitorlar sifatida Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida joriy etilgan (Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining 2017 yil 18 yanvardagi 01-TI/11-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqotlar natijasi neft`-gazni qayta ishlash metall konstruksiya va qurilmalari ekspluatatsion samaradorligining oshishiga xizmat qilgan;

bromsirka kislotasi ftalimidoetil efiri olish tashkilot standarti (Ts 02072392-002:2017) «O‘zstandart» agentligi tomonidan tasdiqlangan. Natijada metallar patogen mikroorganizmlarga qarshi biotsid, fungisid va bakterisid xossali preparat ishlab chiqarish imkoniyati yaratilgan;

bromsirka kislotasi ftalimidoetil efirini neft`-gazni qayta ishlash korxonalarida qo‘llash Sog‘liqni saqlash vazirligi sanitariya-epidemologiya nazorati bosh boshqarmasi tomonidan ruxsat etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2017 yil 16 fevraldagi 012-3/448-son ma’lumotnomasi). Bunda ushbu biotsid atrof-muhit muhofazasi va aholiga zararsiz ekani ko‘rsatilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish