NASIROVA Umida Feruzovnaning

doktorlik dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

 

    I. Umumiy ma’lumotlar.

Talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: /tibbiyot fanlari nomzodi/

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 30.09.2014/B2014.5.Tib397

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: «Homila ichi rivojlanishi orqada qolgan chaqaloqlarda hujayra energoalmashinuvi baholangan holda yurak-tomir tizimining holati», 14.00.09–pediatriya (tibbiyot fanlari).

Ilmiy  maslahatchining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Sharipova Madina Karimovna, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi:  amaliy ahamiyatga molik.

Pedagogik ish tajribasiga qo‘yilgan talabning bajarilgani: 2005-2009 y.; 2012 y.-h.v. Toshkent pediatriya tibbiyot instituti neonatologiya kafedrasi assistenti.

Malakaviy imtihonlar topshirilgan sana va natijasi: ingliz tili (30.05.2013) – 78 (yaxshi); O‘zbekistonning eng yangi tarixi (25.05.2013) – 74 (yaxshi); matematik modellashtirish va matematik statistika asoslari (24.05.2013) – 76 (yaxshi); pediatriya (30.11.2013) –  87 (a’lo).

    II. Nashr ishlari. Ilmiy daraja talabgori tomonidan nashr ishlariga qo‘yilgan talablar to‘liq bajarilgan, jumladan:

a) O‘zbekiston Respublikasi OAKning doktorlik dissertatsiyalari asosiy ilmiy natijalari nashr qilish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar ro‘yxatiga kiritilgan 5 ta milliy ilmiy jurnalda 11 ta ilmiy maqola, 6 ta xorijiy ilmiy jurnalda 6 ta ilmiy maqola nashr qilingan;

b) dissertatsiya mavzusi bo‘yicha 6 ta ma’ruza tezisi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallarida e’lon qilingan (jumladan: 2011, 2012, 2013 Rossiya).

    III. Tadqiqotning maqsadi: rivojlanishdan orqada qolgan chaqaloqlarda yurak-qon tomir tizimi funksional holati va hujayraviy energiya almashinuvi faollik darajasini baholash hamda davolash usullarini mutanosiblashtirish.

    IV. Dissertatsiyaning ilmiy yangiligi:

ilk bor gestatsiya muddatlariga bog‘liq holda homilaning ona qornida rivojlanishdan orqada qolishining biokimyoviy va ul`tratovush markerlari aniqlangan;

ona – yo‘ldosh tizimidagi gemodinamik buzilishlarning biokimyoviy markerlar o‘zgarishlari bilan uyg‘unlashuvi homila rivojlanishining orqada qolishining ilk belgilari hisoblanishi aniqlangan;

chaqaloqlardagi ona qornida rivojlanishdan orqada qolishi shakliga bog‘liq ravishda perinatal gipoksiyaning markaziy nerv tizimi zararlanishi og‘irlik darajasiga ta’siri aniqlangan;

 bolalarda nerv tizimining perinatal shikastlanish darajasiga bog‘liq bo‘lgan yurak-qon tomir tizimi adaptatsiyasi buzilishi aniqlangan. Yurak-qon tomir tizim adaptiv imkoniyatlarini baholash uchun sutkalik Xolter monitoringidan foydalanilgan  xolda yurak ritmi variabelligi (YuRV) aniqlangan;

 

miokardning ishemik-gipoksik zararlanishining klinik va elektrokardiografik (EKG) belgilari bilan birga kechuvchi yurak ritmi va o‘tkazuvchanligi buzilishi xususiyatlari ko‘rsatilgan;

chaqaloqlarda hujayraviy energiya almashinuvi holatini o‘rganish imkonini beruvchi va mitoxondrial funksiyalarni aks ettiruvchi testlarning yuqori informativligi ko‘rsatib berilgan, rivojlanishdan orqada qolishning turli shakllari bilan og‘rigan bolalarda mitoxondrial etishmovchilik belgilari aniqlangan;

rivojlanishdan orqada qolgan chaqaloqlarda mitoxondrial etishmovchilikni metabolizmning turli darajalariga ta’sir etuvchi dori vositalari bilan korreksiyalash zarurati patogenetik asoslab berilgan;

«nishon» a’zolarga sinergik ta’sir ko‘rsatuvchi dori vositalaridan foydalangan holda o‘tkaziladigan kompleks metabolik terapiya samaradorligi baholangan. Metabolik terapiyani qo‘llash zamirida ona qornida rivojlanishdan orqada qolgan chaqaloqlarda bo‘y-vazn ko‘rsatkichlarining ortishiga olib keluvchi mitoxondriyalar faolligi va sonining ko‘payishi qayd etilgan. Ballarda ifodalangan baho tekshirilgan chaqaloqlarda markaziy nerv tizimining strukturaviy-funksional buzilishlarining ifodalanishiga qo‘llanilgan dori vositalari ta’sir xarakteri va darajasini aniqlash imkonini bergan;

energotrop dori vositalarining neyrometabolitik vositalar uyg‘unligida qo‘llanilishi harakat faolligining yaxshilanishiga va neyronal shikastlanishlarni korreksiyalash, yurak ritmi va o‘tkazuvchanligining tiklanishida ijobiy dinamikaga erishish bo‘y-vazn ko‘rsatkichlari sur’atining oshishiga, bu esa rivojlanishdan orqada qolgan bolalarning adaptiv imkoniyatlarining sezilarli o‘zgarishiga olib kelgan.

    V. Dissertatsiyaning amaliyotga joriy etilgan ilmiy natijalari:

Tadqiqot natijalari “Homila ichi rivojlanishi orqada qolgan chaqaloqlarda yurak-qon tomir tizimi dizadaptatsiya sindromlari” va “Homila ichi rivojlanishi orqada qolgan chaqaloqlarda hujayraviy energiya almashinuvi buzilishlarini korreksiyalash samaradorligi” uslubiy tavsiyalari rasmiylashtirilgan va (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 18.12.2014 yildagi 8N-d/32–sonli hulosasi) sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan  Respublika perinatal markazida, Farg‘ona, Samarqand perinatal markazlarida tatbiq etilib, bu homila ichi rivojlanishi orqada qolgan chaqaloqlarni tashxislash va davolashni optimallashtirish, postgipoksik kardiopatiya asoratlari bilan kasallanishni 27,6 foiz kamaytirish  imkonini berdi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish